Ortga qaytish Chop etish

Respirator sinsitial virusga (RSV) qarshi majburiy emlash tartibi joriy etilishi mumkin

Joriy yilning 6-avgust kuni Milliy Assambleyaning 11 nafar deputati tomonidan respirator sinsitial virusga (RSV) qarshi majburiy emlash amaliyotini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda ushbu loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan.

Ta’kidlanishicha, Koreya Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, tez tarqaladigan yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida majburiy emlash tartibi joriy etilgan bo‘lib, unda majburiy emlanishi lozim bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati belgilangan.

2015–2019-yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdagi kasalliklardan biri bo‘lgan gripp bilan bog‘liq nafas yo‘llari virusli kasallanish holatlari 
11,7 %dan 21,5 %gacha o‘sgan. Shu davr mobaynida respirator sinsitial virus (RSV) sabab bo‘ladigan o‘tkir respirator kasalliklar bilan kasallanish darajasi ham 11,7 % dan 20,1 %gacha ko‘tarilgan.

Biroq grippga o‘xshash xavf darajasiga ega bo‘lishiga qaramay, RSVga qarshi hozirgacha majburiy emlash amaliyoti joriy etilmagan.

Deputatlar ta’kidlaganidek, mazkur tashabbusning asosiy maqsadi yuqumli kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini muhofaza qilishdan iborat.

Qonun loyihasi “Yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasi 1-qismi 18-bandiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.