Ortga qaytish Chop etish

Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish doirasida hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi

So‘nggi yillarda  mamlakatimizda milliy parlamentimiz faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 28-mart kuni Parlament tadqiqotlari institutida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim bilan o‘zaro hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad Institut va Taraqqiyot Dasturi hamkorligini yo‘lga qo‘yish va ilmiy konsepsiyalar, strategiyalar ishlab chiqish yuzasidan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir avvalida Akiko xonim so‘nggi yillarda parlament quyi palatasi, shu jumladan uning qo‘mitalari, komissiyalari va siyosiy partiya fraksiyalari faoliyati tubdan o‘zgarganligi, qonun loyihalarini tayyorlash va tashabbuslar ishlab chiqish jarayonida ilmiy hamjamiyat, olimlar ishtirokiga jiddiy e’tibor berilayotgani xususida so‘z yuritdi. 

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, har qanday sohaning taraqqiyoti, rivojlanishi eng avvalo, ilm-fan yutuqlariga, ilmiy tadqiqotlar samarasiga bevosita bog‘liqdir. 

O‘z navbatida, Institut direktori A.Toshpulatov BMT TDning O‘zbekistondagi faoliyatiga yuqori baho berib, Institutning deputatlarni axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab quvvatlashda hamkorlikning ahamiyati katta ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar bir nechta muhim masalalarda, jumladan, tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish doirasida kelishuvga kelishdi.