
Bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimga qo‘yilishidan oldin, korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini Parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yuqori lavozimlarga tayinlanadigan rahbarlarni tanlashni takomillashtirishga doir muhim tashabbusni ilgari surdi. Endilikda rahbar kadrlardan faqat kasbiy malaka emas, balki faoliyati davomida korrupsiyaga qarshi qanday choralar ko‘rishini ham aniq-ravshan bayon etish talab qilinadi.
Bu yangi tartib fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, davlat boshqaruvining shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Har bir yangi rahbar o‘z sohasi yoki hududidagi mavjud korrupsiogen omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish mexanizmlarini xalq vakillari oldida asoslab berishi kerak bo‘ladi.
Aniq reja va majburiyatlarning Parlament yoki mahalliy Kengashlar oldida himoya qilinishi bu majburiyatlarning bajarilishini kuzatib borish imkonini ham beradi. Xalq vakillari nomzodlarga bevosita savollar berib, ularning korrupsiyaga qarshi faoliyatini nazorat qilish mexanizmlarini aniqlashtirish mumkin bo‘ladi.
Taklif etilayotgan yangi tizim davlat xizmatiga kelayotgan rahbarlarning mas’uliyatini oshirishga, ularni avvaldanoq korrupsiyadan xoli muhit yaratishga ruhiy va amaliy jihatdan tayyorlashga, korrupsiyaga qarshi kurashda murosasiz pozitsiyani shakllantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, bu tajriba rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonining sifati va samaradorligini oshiradi, noqonuniy faoliyatga moyil shaxslarni davlat xizmatidan uzoqlashtirish imkonini beradi.
Prezident ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish – bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas, balki har bir rahbar o‘z sohasi yoki hududida, birinchi navbatda, o‘zi namuna bo‘lib, korrupsiyaga yo‘l ochuvchi omillarni bartaraf etishi kerak. Shundagina korrupsiyadan xoli muhit shakllantirish mumkin bo‘ladi.Bu esa, pirovard natijada, davlat xizmatining sifati va xalq farovonligini oshirishga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.