
Ma’lumki, korrupsiya har qanday jamiyatning rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib, davlat boshqaruvining samaradorligiga, iqtisodiy o‘sishga va ijtimoiy adolatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kuni kecha, Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi bu illatga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Davlat rahbari ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklarni tahlil qilar ekan, birinchi navbatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, davlat boshqaruvidagi shaffoflikni oshirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng katta muammolardan biri – uning oldini olish va tizimli yechimlarni joriy etish masalasidir. Shu bois, davlat rahbari jazolash choralarini kuchaytirish bilan cheklanib qolmasdan, korrupsiyaga olib keladigan sabablarni chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.
Bu borada, birinchi navbatda, qonunchilikni takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozirgi kunda korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxati qonunchilikda aniq belgilanmagan, bu esa huquqni qo‘llash amaliyotida noaniqliklar keltirib chiqaradi. Shu bois, jinoiy qonunchilikda aniq korrupsiyaviy jinoyatlar tasnifi shakllantirilishi, davlat xizmatchilari va tadbirkorlik subyektlari uchun korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan qoidalar kiritilishi talab etilmoqda.
Korrupsiyaning oldini olishda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish va uning ochiqligi ham muhim o‘rin tutadi. Prezident ayrim davlat idoralarida, ayniqsa, soliq, qurilish, davlat xaridlari, neft-gaz va energetika sohalarida korrupsiya xavfi yuqori ekanligini ta’kidladi. Shu sababli, bu sohalarda komplayens-nazorat mexanizmlarini keng joriy etish, korrupsiyaga qarshi ichki monitoringni kuchaytirish va davlat xaridlarida ochiq elektron platformalarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Davlat xizmatchilari uchun manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish tizimini ishlab chiqish, ularning daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Kengash yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning faol ishtirokini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas, balki butun jamiyatning ma’naviy burchidir. Shu bois, fuqarolik jamiyati institutlari, jurnalistlar va blogerlarning korrupsiyani fosh etishdagi o‘rnini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish uchun turli tashabbuslarni amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi. Bunda, korrupsiyaga oid faktlarni oshkor qilishda jurnalistlar va fuqarolarga huquqiy himoya kafolatlarini yaratish, korrupsiyani fosh qilgan shaxslarni himoya qilish va ularni rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ma’rifat va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham juda katta ahamiyatga ega. Prezident ta’lim tizimida yosh avlodni halollik va adolatlilik ruhida tarbiyalash muhimligini qayd etib, maktab va oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan maxsus kurslarni joriy etishni taklif qildi. Oliy ta’lim muassasalarida korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida shaffof imtihon tizimlarini keng joriy etish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, universitetlarda korrupsiyaga qarshi ichki komplayens-nazorat tizimlarini shakllantirish kabi tashabbuslar muhokama qilindi.
Yana bir muhim masala – bu qonun ijodkorligi jarayonida korrupsiyaga qarshi kafolatlarni mustahkamlashdir. Prezident Qonunchilik palatasi va Senat oldiga korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Davlat rahbarining fikricha, korrupsiya xavfini kamaytirishning eng samarali yo‘li – bu huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, har bir qonun va qarorning korrupsiyaga nisbatan barqarorligini tahlil qilish va uni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishdir. Shuningdek, davlat organlari faoliyatining shaffofligini oshirish maqsadida byudjet mablag‘larining qanday sarflanayotganini monitoring qilish mexanizmini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qisqa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash – bu faqat davlat idoralarining vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy maqsadiga aylanishi kerak. Prezident tomonidan belgilangan chora-tadbirlar aynan shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, ularni amalga oshirishda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari va har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Kuchli huquqiy asos, davlat boshqaruvidagi ochiqlik va jamoatchilik nazorati tizimining samarali ishlashi korrupsiyaga qarshi kurashning muvaffaqiyatini belgilaydi. Bu esa mamlakatda adolat va qonun ustuvorligiga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etishda muhim qadam bo‘ladi.