Ortga qaytish Chop etish

Vijdon erkinligi va dunyoviy davlat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam

2025-yilning 31-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan hujjat hisoblanadi. Konsepsiya fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, dunyoviylik hech qachon dinga qarshi kurashish yoki diniy qadriyatlarni inkor etishni anglatmaydi. Aksincha, dunyoviy davlat barcha fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlaydigan, turli din vakillariga teng huquq va imkoniyatlar yaratib beradigan davlat tuzumidir. Jamiyatning har bir a’zosi, uning e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi lozim.

Shuningdek, taklif etilgan konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada belgilangan dunyoviy davlat maqomini amaliy jihatdan to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Hujjat fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini yanada mustahkamlash, konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, diniy ma’rifatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi muhim masalalarni qamrab oladi.

Konsepsiya diniy sohadagi davlat siyosatining aniq maqsad va vazifalarini belgilab beradi. Unda diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solish, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

E’tiborlisi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy siyosat tubdan yangi tamoyillar asosida shakllanmoqda. Bu yondashuv fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, “Haj” kvotasi 3 barobar oshirildi, “Umra” ziyoratiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. Natijada qariyb 800 ming musulmon Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Shuningdek, 10 mingdan ziyod turli diniy guruh vakillari (xristianlar, yahudiylar, baxoiylar, krishnaviylar, buddaviylar) Rossiya, Turkiya, Italiya, Armaniston, Isroil, Hindiston, Koreya, Gruziya va Gretsiyadagi diniy ziyoratgohlarga borishlari ta’minlandi.

Hujjatning eng muhim jihatlaridan biri – bu diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilganligidir. Turli din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlash, diniy qadriyatlarni asrash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Bu esa mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.

Konsepsiyada diniy ma’rifat masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Diniy bilimlarni ilmiy asosda o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizmga qarshi kurashish uchun ma’rifiy tadbirlarni kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu orqali jamiyatda sog‘lom diniy muhitni shakllantirish va ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga qarshi kurashish imkoniyati yaratiladi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham konsepsiyaning muhim qismidir. Ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro diniy tashkilotlar bilan aloqalarni kengaytirish va diniy sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Qisqa qilib aytganda, Konsepsiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning dunyoviy davlat sifatidagi rivojini ta’minlash, fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini himoya qilish va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lidagi izchil harakatining yana bir yorqin namunasi bo‘ladi.


Sh.KURANBAYEV

Parlament tadqiqotlari instituti

bosh ilmiy xodimi