



Joriy yilning 5-dekabr kuni Parlament tadqiqotlari instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti bilan birgalikda “Konstitutsiya – inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishining huquqiy kafolati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, siyosiy partiya vakillari, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi. Konstitutsiyada belgilangan har bir qoida davlatimiz rahbarining “Inson qadri” degan ulug‘vor tamoyili bilan yo‘g‘rilgan.
Eng avvalo, yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizda chinakam ma’noda “xalq – davlat hokimiyatining birdan bir manbai” ekanligi o‘zining hayotiy ifodasini topdi. Konstitutsiyada qonun ijodkorligi faoliyati tom ma’noda yangi bosqichga ko‘tarildi. Bosh qomusimiz matnida “qonun” so‘zi 200 marotabaga yaqin ishlatilganligi ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Eng muhimi, shaxs-jamiyat va davlat manfaatlari o‘rtasidagi ustuvorlik uzil-kesil aniqlab berildi. Inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat ekanligi qat’iy mustahkamlandi. Jumladan, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilandi.
Qizg‘in bahs munozaralarga boy o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiyada olimlar, ekspertlar, tadqiqotchilar tomonidan o‘z fikr-mulohaza va munosabatlari bildirildi.