



2024-yilning 4-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Proporsional saylov tizimi asosida saylangan deputat faoliyatini tashkil etishning Germaniya tajribasi” mavzusida xalqaro amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda siyosiy partiya fraksiyalari a’zolari, Germaniya parlamenti deputatlari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mintaqaviy vakolatxonasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yangilangan Konstitutsiyamiz asosida milliy parlamentimizning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Parlamentimiz davlatchilik tariximizda ilk bor aralash saylov tizimi asosida shakllandi. Shu bois, partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlarning faoliyatini samarali tashkil etish dolzarb ahamiyatga ega.
Tadbir avvalida Germaniya parlamenti a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni yuqori baholadi.
Bundestag deputatlari tomonidan Germaniya saylov qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, deputatlarning saylovchilar bilan ishlashning muhim prinsiplari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, deputatlik faoliyati boshqa kasb yoki lavozimlardan tubdan farq qiladi. Chunki deputatning ikkita ish joyi bor, jumladan, biri parlamentdagi qo‘mita va fraksiyadagi faoliyati bo‘lsa, ikkinchisi saylovchilar bilan ishlashdir.
Eng muhimi, saylovchilar deputat oldiga emas, deputat o‘z saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorlik kasb etishi lozimligi qayd etildi.
Deputatlar saylovchilar bilan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi, ular bilan ishlashning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi shaxsiy ish rejani ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
Seminar qizg‘in bahs-munozaralar va o‘zaro tajriba almashinuvi asosida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida deputatlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha turkum uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi.