
Xalqimiz azal-azaldan xotin-qizlarga alohida hurmat bilan e’tibor qaratgan. Ayollarimiz avvalo, ona sifatida qadrlangan, e’zozlangan. Sababi bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham bevosita ularga bog‘liq.
Bugun xotin-qizlarimiz farzand tarbiyasida, turli sohalarda, mahallalarda fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ularning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda bir qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yo‘l ochildi.
Joriy yilda bu ishlar yanada jadallashadi. Chunki ayni paytda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha qator vazifalar o‘z aksini topgan.
Xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zini o‘zi band qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgani bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi, ming-minglab ishsiz opa-singillarimiz tayinli ish joyiga, daromad manbaiga ega bo‘ladi, degani.
Dastur loyihasida хotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarlarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish masalasi ham belgilanmoqda. Ushbu vazifalar partiyamiz maqsad va g‘oyalariga uyg‘un va hamohang bo‘lib, bu ayollar bandligini ta’minlash, ma’lum bir kasbga yo‘naltirishga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Hujjatda yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirish va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etish asosiy mezon etib belgilangan. Ushbu ezgu ishlar aholi ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish va inson huquqlarini ta’minlashda yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Binobarin, mamlakat ravnaqi, xalq farovonligi va innovatsion loyihalar amalga oshirilishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan faol, tadbirkor xotin-qizlar va fermerlarni rag‘batlantirishga, ularning faoliyati va ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kechiktirib bo‘lmas vazifa hisoblanadi.
Bugungi kunda dastur loyihasi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qo‘mitalar yig‘ilishlarida keng muhokama etilib, loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berilmoqda. Eng muhimi, bugun ushbu jarayonga hech kim befarq emas. Barcha yurtdoshlarimiz loyiha muhokamasida faol ishtirok etib, unda nazarda tutilayotgan bandlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Buni dastur loyihasiga bildirayotgan takliflar soni kun sayin oshib borayotgani, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarimiz bu jarayonga faol ishtirok etayotganlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu yurtlarimizning ertangi kunga, yurtimizning yana obod va farovon bo‘lishiga, mamlakat kelajagiga o‘zlarini bevosita daxldor, deb bilayotganini anglatadi.
Umuman olganda, Dastur loyihasida har bir soha va tarmoq rivojiga oid ko‘plab yangiliklar aks etgan. Loyihada belgilangan keng ko‘lamli maqsad va vazifalarni joriy yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning turmush farovonligini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati