
TA’ZIYA
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor, taniqli huquqshunos olim Rahmonqulov Mir-Akbar Hoji-Akbarovichning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga, ilmiy hamda davlat jamoatchiligiga chuqur hamdardlik bildiradi.
Mir-Akbar Hoji-Akbarovich yuksak ilmiy salohiyat, teran huquqiy tafakkur va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan yetuk olim sifatida O‘zbekiston Respublikasida huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan. Uning fuqarolik huquqi, xalqaro huquq, konstitutsiyaviy huquq va milliy xavfsizlik sohalaridagi fundamental ilmiy tadqiqotlari mamlakatimiz huquqiy tizimini rivojlantirishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etgan.
Olimning parlamentarizm, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy xulosalari mustaqillik yillarida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida keng qo‘llanilib, qonun ijodkorligi va huquqiy siyosatni shakllantirishda ishonchli ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.
Mir-Akbar Hoji-Akbarovichning davlat va jamiyat oldidagi katta xizmatlari munosib e’tirof etilib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni hamda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.
Mir-Akbar Rahmonqulovning boy ilmiy merosi, fidokorona mehnati va yuksak insoniy fazilatlari uni tanigan barcha insonlar xotirasida chuqur hurmat va ehtirom bilan saqlanib qoladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildiradi.