
O‘tgan yilning 30-aprel kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Davlatimiz rahbarining oliyjanob g‘oyalari va tashabbuslari asosida “Inson qadri uchun” tamoyili o‘z aksini topdi. Bu barcha demokratik qadriyatlarning gultoji hisoblanadi.
Birgina misol. Konstitutsiyaning 27-moddasiga asosan shaxsni hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.
Bu nima degani? Endilikda shaxsni huquq va erkinligini cheklash faqat va faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. Biron-bir mansabdor shaxs, davlat organi yoki tashkilot shaxsni huquq va erkinligini cheklashi mumkin emas.
Ushbu norma butun dunyo xalqaro tashkilotlari tomonidan qabul qilingan xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi.Shaxsni ushlab turish chog‘ida unga huquqlari va ushlab turish asoslarining tushuntirilishi (Miranda qoidasi) xalqaro huquqda umume’tirof etilgan norma bo‘lib, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Aytishimiz joizki, mazkur normalar “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyili asosida mamlakatimiz rivoji va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.
Parlament tadqiqotlar instituti
bosh ilmiy xodimi
Shodlik KURANBAYEV