Ortga qaytish Chop etish

Endilikda fuqarolar ham qonunchilik taklifini ilgari sura oladi!

Yangilangan Konstitutsiyada “avval inson, keyin jamiyat va davlat” g‘oyasi to‘liq o‘z aksini topdi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, inson qadri ulug‘langan joyda yuksalish, taraqqiyot bo‘ladi.

Birgina misol. Ilgari qonunchilik tashabbusi huquqiga, sodda qilib aytganda, qonun loyihasini parlamentga kiritishga faqatgina davlat organlari vakolatli edi. Fuqarolarda bunday huquqning mavjud emasligi ma’lum ma’noda, ular tashabbuskorligiga ta’sir ko‘rsatar edi.

Ta’kidlash joizki, o‘zimning mehnat faoliyatim davomida ko‘plab xorijiy mamlakatlar qonunchiligini o‘rganishga to‘g‘ri kelgan. E’tiborlisi, Italiya, Avstriya, Ispaniya, Shveysariya, Gruziya kabi davlatlarda fuqarolar qonunchilik tartibida o‘z takliflarini parlamentga kiritish imkoni mavjudligini ko‘rib hayratga tushganman. Yurtimizda ham bunday tartibni joriy etish, ushalmas orzudek ko‘rinar edi.

O‘tgan yilning 30-aprel kuni yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda endilikda yurtimiz fuqarolari ham parlamentga qonunchilik takliflarini ilgari surish imkoni vujudga keldi. O‘tgan bir yil davomida ko‘plab qonunlar mazkur konstitutsiyaviy normaga muvofiqlashtirildi.

E’tiborlisi shundaki, yangicha tartib oddiy fuqarolarning manfaatlarini qonunlarda aks ettiribgina qolmay, qonun ijodkorligi jarayonining demokratik tus olganligidan dalolat beradi. Eng muhimi, fuqarolar muayyan masalada qonun chiqaruvchi uchun innovatsion yechimlarni taqdim etishga zamin yaratadi.


Parlament tadqiqotlari instituti

bosh ilmiy xodimi

Javohir SAFAYEV