Ortga qaytish Chop etish

Peru davlatida qarorlari bekor qilingan sudya lavozimdan olinadi

Mamlakat parlamentiga sudya va prokurorlarni javobgarligini kuchaytirish va ularning faoliyati ustidan parlament nazoratini oʻrnatish boʻyicha ikkita qonun loyihasi kiritildi.

Birinchi,8657/2024-CR-son qonun loyihasi bilan “Sud karyerasi toʻgʻrisida”gi va “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Loyihaga koʻra, sudyalik lavozimiga nomzodlar uch bosqichdan iborat tanlovdan oʻtkaziladi:

1)        yozma imtihon (umumiy ballarning 60 foizi)

2)        biografik maʼlumot (umumiy ballarning 25 foizi);

3)        suhbat (umumiy ballarning 15 foizi).

Shuningdek, loyiha bilan Milliy adliya kengashiga har uch yilda barcha darajadagi sudyalar faoliyatini kompleks tahlil baholash vakolati berilmoqda.

Lavozimga kirishgandan soʻng 10 ta qarori yuqori instansiyalarda bekor boʻlgan sudyalar lavozimlaridan ozod etiladi.

Shuningdek, prokuratura xodimlarini lavozimdan chetlashtirish asoslari belgilanmoqda. Prokuror 60 kundan 2-yilgacha oʻz lavozimidan vaqtinchalik chetlashtirilishi mumkin. Chetlashtirish uchun asoslar: fuqarolar huquqlari va manfaatlariga zid 5 ta qaror chiqarish yoki keyinchalik oqlov hukmi chiqarilgan ishlar boʻyicha jami 5 ayblov xulosasini kiritish.

 Prokurorni ishdan boʻshatish uchun asoslar:

·           jinoyat sodir etganlik;

·           fuqarolar huquqlari va manfaatlariga zid 10 ta qaror chiqarish;

·           keyinchalik oqlov hukmi chiqarilgan ishlar boʻyicha jami 10 ayblov xulosasini kiritish.

Ishdan boʻshatilgan prokuror kelgusida prokuror yoki sudya lavozimlarida ishlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ikkinchi – 8678/2024-CR-son qonun loyihasi bilan “Respublika Kongressi reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi Kongress (parlament)da sudyalar va prokurorlar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi komissiyani tashkil etishga qaratilgan.

Qonun loyihasining tushuntirish xatida bugungi kunda Peru aholisida prokuror va sudyalarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatlari oshib borayotganligi hamda ushbu mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiyaga oid koʻplab jinoyat ishlari qoʻzgʻatilganligi  belgilanmoqda.

Shu bilan birga, loyiha tashabbuskorlariga koʻra, ombudsmanining sohadagi korrupsiyaga oid hisoboti ushbu qonun loyihalarini qabul qilish zarurligini tasdiqlamoqda. 

Hisobotga koʻra, 2015-2018-yillarda prokuratura organlarida oʻrtacha 6 ming nafar xodim ishlagan boʻlib, ushbu davrda prokurorlarga nisbatan jami 222 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, eng koʻp holatlar (61 ta) mamlakat poytaxti Lima prokuraturasi xodimlariga toʻgʻri keladi. Shuningdek, ushbu davr mobaynida prokuratura xodimlari ustidan 35,8 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan. 

Oʻz navbatida, 2015-2018-yillarda 221 ta sudya javobgarlikka tortilgan.

Ayrimlar ushbu holatda mazkur qonun loyihalarini qabul qilish zarurligini taʼkidlashsa, boshqa bir guruh mazkur qonun loyihalari sud va prokuratura tizimini mustaqilligiga tahdid sifatida baholamoqda. 

 

8657/2024-CR-son qonun loyihasi matni:  https://wb2server.congreso.gob.pe/spley-portal-service/archivo/MjA5MTEz/pdf

8678/2024-CR-son qonun loyihasi matni: https://wb2server.congreso.gob.pe/spley-portal-service/archivo/MjA5NzQ2/pdf 

Hisobot matni : https://www.defensoria.gob.pe/wp-content/uploads/2019/09/Reporte-N%C2%BA-3-Procesos-y-Procedimientos-contra-Fiscales-y-Jueces-a-nivel-nacional.pdf