
Joriy yilning 29-aprel kuni AQSH Vakillar palatasining Energetika va tijorat qo‘mitasi huzuridagi Energetika kichik qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Sun’iy intellekt va elektr tarmog‘i: o‘sib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish” mavzusida eshituv tashkil etildi.
Eshituv davomida so‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va sanoat ishlab chiqarish hajmlarining kengayishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortib borayotgani ta’kidlandi. Qonun chiqaruvchilar mazkur tendensiya energetika infratuzilmasiga jiddiy bosim o‘tkazayotganini qayd etib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish zarurligini ilgari surdilar.
Muhokamalar markazida elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini ta’minlash bilan birga, aholi va biznes subyektlari uchun tariflar oshishining oldini olish masalasi turdi. Qo‘mita a’zolari ta’kidlashicha, energetika sohasidagi islohotlar “iste’molchi to‘lovlarini asossiz oshirmaslik” tamoyiliga asoslanishi lozim.
Yig‘ilishda qator qonunchilik tashabbuslari ko‘rib chiqildi. Jumladan, elektr energiyasiga bo‘lgan talabni aniq prognoz qilish mexanizmlarini takomillashtirish, elektr uzatish infratuzilmasini kengaytirish, tarmoq samaradorligini oshirish hamda tariflar o‘sishini cheklashga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi. Shuningdek, sun’iy intellektga xizmat ko‘rsatuvchi data-markazlar faoliyati natijasida yuzaga kelayotgan energiya xarajatlarini adolatli taqsimlash masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Qayd etilishicha, zamonaviy iqtisodiyotda sun’iy intellekt texnologiyalari strategik ahamiyat kasb etmoqda. Biroq ularning jadal rivojlanishi energetika sohasida yangi chaqiriqlarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois, qonunchilik darajasida elektr tarmoqlarini rivojlantirish, yangi generatsiya quvvatlarini ishga tushirish hamda infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan kompleks yondashuvni shakllantirish dolzarb vazifa sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mazkur eshituv AQSHda sun’iy intellekt va energetika siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni huquqiy jihatdan tartibga solish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi. Bu jarayonda asosiy e’tibor energetika xavfsizligi, iqtisodiy raqobatbardoshlik va iste’molchilar manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilmoqda.