
Germaniya Federal hukumati Germaniyaning “Sudyalar to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritishni taklif etmoqda. Mazkur masala 2024-yilning 17-yanvarida parlamentning Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasida ochiq muhokamadan o‘tkazildi.
Loyihaga ko‘ra, Faxriy sudyalar, ya’ni xalq maslahatchilarining konstitusiyaga sodiqligiga shubha tug‘ilgan taqdirda saylanishi cheklanadi.
Muhokamalarda mutaxassislar loyihani qo‘llab-quvvatlashgan, biroq qonunni qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq muammolar ham e’tirof etilgan.
Konstitusiyaga sadoqat burchi Germaniya Asosiy qonunining (GG) 33-moddasi 5-bandiga muvofiq professional davlat xizmatining umumiy burchi hisoblanadi.
Tashabbuskorlar qonun loyihasiga tushuntirish xatida ta’kidlashicha bu nafaqat davlat xizmatchilariga, balki sudyalarga ham tegishlidir. Konstitusiyaga nafaqat doimiy asosdagi sudyalar, balki Faxriy sudyalar ham alohida sodiqlik ko‘rsatishlari shart.
Mazkur masala Faxriy sudyalarning davlat vazifalarini bajarishda professional sudyalar bilan teng huquqli organ sifatidagi funksiyasidan kelib chiqadi va Federal Konstitusiyaviy sud tomonidan tasdiqlangan konstitusiyaga rioya qilish majburiyati haqiqiy volontyorlik doirasidan tashqarida bo‘lgan faoliyatga ham tegishli.
Germaniyaning “Sudyalar to‘g‘risida”gi qonunning (DRiG)
31-moddasiga ko‘ra, professional sudya, agar sudyalik faoliyati doirasidan tashqarida bo‘lgan holatlar sodir etgan taqdirda jiddiy yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoki ma’muriy faoliyat buni majburiy qilib qo‘ysa, umrbod boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi, vaqtincha yoki doimiy iste’foga chiqarilishi mumkin. Aybli huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, intizomiy ish qo‘zg‘atilishi ham mumkin.
Ma’lumot uchun: “Ma’muriy sudlar to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra Germaniyada Faxriy sudyalar (volontyor, xalq maslahatchisi) ma’muriy sudlar va Oliy ma’muriy sudning sud amaliyotida ishtirok etishlari nazarda tutilgan. Ma’muriy sudlar kollegiyalari va Oliy ma’muriy sud kengashi qarorlarni uchta shtatdagi va ikkita Faxriy sudya ishtirokidagi og‘zaki muhokamalar asosida qabul qiladi. Qarorlarni bitta sudya tomonidan qabul qilinadigan hollar bundan mustasno.
Faxriy sudyalar lavozimiga Asosiy qonunga muvofiq nemis bo‘lgan, yigirma besh yoshga to‘lgan va sud okrugida yashovchi shaxslar tayinlanishi mumkin. Hech qanday maxsus bilim talab qilinmaydi.
Faxriy sudyalar faxriy sudyalarni saylash uchun har bir ma’muriy sudda tuziladigan saylov komissiyasi tomonidan tayinlanadi. Saylov komissiyasi takliflar ro‘yxatidan zarur miqdordagi faxriy sudyalarni kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan besh yilga saylaydi. Takliflar ro‘yxati tumanlar va mustaqil shaharlar tomonidan tuziladi. Ro‘yxatga kiritilgan nomzodlar vakillik organi hozir bo‘lgan a’zolarining uchdan ikki qismining, ammo umumiy a’zolar sonining kamida yarmining roziligi bilan tasdiqlanadi.
Faxriy sudyalar ham professional sudyalar kabi o‘z vazifalarini bajarishda mustaqil va faqat qonunga bo‘ysunadilar, shuningdek, og‘zaki sud majlislarida va qarorlar qabul qilishda professional sudyalar bilan bir xil huquqlar bilan ishtirok etadilar.
Ta’kidlanishicha, Faxriy sudyalarning ishtiroki aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi va sud amaliyotida butun aholini ifodalaydi, shu tariqa aholiga davlat qarorlarini tushunish va qabul qilishga yordam beradi. Shuning uchun qarorlar "xalq nomidan" so‘zining to‘liq ma’nosida qabul qilinadi.