
Belarusda sun’iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu taklif Belarus Milliy fanlar akademiyasi Birlashgan informatika muammolari instituti tomonidan ilgari surilmoqda. Mazkur loyihaning huquqiy asosi sifatida 2025-yil 18-aprelda MDH Parlamentlararo assambleyasi tomonidan ma’qullangan “Sun’iy intellekt texnologiyalari to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rsatilmoqda.
Taklifga ko‘ra, qisqa muddat ichida konsepsiya ishlab chiqilishi, unda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish yo‘nalishlari va ustuvor vazifalar belgilanishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, milliy texnik me’yorlar bazasini yaratish maqsadida Birlashgan informatika muammolari instituti huzurida sun’iy intellekt bo‘yicha Milliy texnik standartlashtirish qo‘mitasi tuzilishi ham rejalashtirilgan. Mazkur qo‘mita tarkibiga 30 dan ortiq mutaxassis va hamkorlar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Konsepsiyada xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda har bir bosqichda verifikatsiya va xavfsizlik kafolatlari ta’minlanadi.
Loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, konsepsiya qabul qilinganidan so‘ng, 2026-yilda “Sun’iy intellekt texnologiyalari to‘g‘risida”gi milliy qonun loyihasi ishlab chiqilishi ham ko‘zda tutilgan.