
Sun’iy intellekt sohasidagi 25 ta moddadan iborat bo‘lgan qonun loyihasi yuzasidan Italiya parlamentining yuqori palatasi ya’ni Senatga 400 tadan ziyod takliflar kelib tushgan.
Loyiha sun’iy intellekt ustidan davlat nazoratini o‘rnatishdagi milliy maqsadlarni, soha bo‘yicha maktab va universitetlarda ta’lim berish asoslarini hamda ushbu yo‘nalishlardagi startap va innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir milliard yevrolik jamg‘armani tashkil etilishini belgilamoqda.
Ta’kidlash joizki, qonun loyihasi qizg‘in murosalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, parlamentdagi muxolifat sun’iy intellekt tizimlari ustidan nazoratni “Raqamli Italiya” platformasiga mas’ul davlat organi va tekshiruvlar o‘tkazish hamda jazo choralarini qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lgan milliy kiberxavfsizlik agentligiga berilishini nazarda tutuvchi normaga keskin qarshi chiqmoqda.
Demokratik partiya senatorlari universitetlar va tadqiqot markazlari ishtirokida sun’iy intellekt sohasidagi texnologiyalarni o‘tkazish uchun 2025–2027-yillarda yiliga 200 million yevroga teng miqdorda jamg‘arma yaratishni belgilovchi modda kiritishni taklif etmoqda.
O‘z navbatida, boshqa bir guruh senatorlar “Tabiiy intellekt” deb nomlanuvchi jamg‘armani tashkil etib, unga yiliga 400 million yevro ajratishni taklif qilishmoqda. Mazkur jamg‘armani tashkil etishdan maqsad sun’iy intellekt o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan kasblarda band bo‘lgan xodimlarni boshqa kasblarga qayta tayyorlashdir.
Loyiha bo‘yicha kiritilayotgan yana bir taklif – harbiy sohada sun’iy intellektdan hujum maqsadlarida foydalanishni va “odam”ning ruxsatisiz nishonni aniqlaydigan va uni shikastlaydigan qotil robotlar deb ataladigan avtomatik qurollardan foydalanishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlovchi normaga qo‘shimcha bo‘lib, unga ko‘ra, harbiylar sun’iy intellektdan faqat “sof mudofaa maqsadlarida va o‘ta muhim infratuzilmalarni himoya qilishda” hamda har olti oyda parlamentga hisobot berib boradigan etika bo‘yicha ekspert qo‘mitasi nazorati ostida foydalanishi mumkin.
Shuningdek, muxolifat raqamli huquqlar bo‘yicha markaz tashkil etishni taklif etmoqda. Markaz sun’iy intellektning sud va tibbiyot sohalarida ishlatilishini huquqiy jihatlarini o‘rganishi lozim bo‘ladi.
Ayrim parlament a’zolari ish joylarida sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini kasaba uyushmalari vakillari bilan birgalikda ko‘rib chiqishni taklif etishmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan intellektual mulk obyektini yaratishda sun’iy intellektning aralashuv darajasini ko‘rsatish talabi belgilanmoqda.