Ortga qaytish Chop etish

Milliy parlament — Prezident siyosiy islohotlarining faol ishtirokchisi

 

Yurtimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida turibmiz. Bu yil ushbu tarixiy kun yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.

Tarix – ulug‘ murabbiy. U davlatlar va xalqlar asrlar davomida bosib o‘tgan murakkab yo‘lni xolis baholaydi. Shunday tarixiy burilishlar bo‘ladiki, ular vaqt bilan emas, balki inson taqdiri va millat kelajagini belgilab bergan azmu shijoat, qat’iy siyosiy iroda, oqilona qarorlar hamda xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar bilan o‘lchanadi.

Keyingi o‘n yilda Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat davlat boshqaruvini, balki xalqimiz tafakkurini, hayotimiz falsafasini, qonun ustuvorligiga bo‘lgan qarashlarni hamda eng asosiysi inson qadriga munosabatni tubdan o‘zgartirdi.

Davlatimiz rahbarining xalqni sevish va Vatanga sidqidildan xizmat qilishdek oliy saodatga yo‘g‘rilgan shaxsiy namunasi yangi O‘zbekiston ruhiga aylandi.

Davlatchilik tariximiz shundan dalolat beradiki, tamaddunning eng yorqin davrlari yuksak siyosiy iroda va tarixiy mas’uliyat egalari bo‘lgan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk ajdodlarimiz shaxsiyati bilan chambarchas bog‘liq. Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan strategik siyosati, qat’iy siyosiy irodasi va tinimsiz amaliy sa’y-harakatlari tufayli erishilgan xalq birligi, umummilliy hamjihatlik hamda Vatan taqdiri uchun mushtarak mas’uliyat Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichidagi dadil qadamlarini ta’minlab bermoqda.

Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda. Oxirgi 10 yillikka nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimizda valyuta bozori liberallashtirilib, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Iqtisodiyotimiz hajmi 50 milliard dollardan qariyb 3 barobarga oshdi, mamlakatimiz o‘rta daromadli davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egalladi. Elektron davlat xizmatlari kengayib, ijtimoiy himoya tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu o‘zgarishlar natijalari xalqimizning kundalik hayoti va turmush tarzida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Birgina, 2025 yilda iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb etildi, qurilgan uy-joylar soni esa 238 mingta xonadonga yetdi.

Prezidentimizning nufuzli xalqaro minbarlardan ilgari surgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Eng muhimi, bu islohotlarning markazida inson qadri, uning farovonligi va munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish maqsadi turibdi. Yangi O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yilligi milliy tariximizdagi shunday noyob davrdir.

Shu ma’noda keyingi yillardagi islohotlar mohiyatini chuqur anglash uchun parlament tizimida kechgan o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratish muhimdir.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2017 yil 12 iyulda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti mamlakatimiz huquqiy siyosatida, milliy parlament va mahalliy Kengashlar hamda siyosiy partiyalar faoliyatida tub burilish davrini boshlab berdi. Shu kundan e’tiboran barcha vakillik organlari mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Parlament tom ma’noda o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi.

Ilgari parlament deganda asosan, qonun loyihalarini ko‘rib chiqadigan va tasdiqlaydigan institut tushunilgan bo‘lsa, bugun u mutlaqo boshqa mazmunga ega bo‘ldi. Milliy parlamentimiz xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi, islohotlarning faol ishtirokchisi, ijro hokimiyati ustidan ta’sirchan nazorat olib boradigan, jamiyatdagi eng dolzarb masalalar ochiq muhokama qilinadigan milliy minbar, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, chinakam «Xalq uyi»ga aylandi.

Davlatimiz rahbarining milliy parlamentarizm taraqqiyotiga qaratgan doimiy e’tibori ushbu tarixiy transformatsiyaning bosh omili va harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi.

Prezident va parlament muloqotining noyob modeli

Yangi O‘zbekistonda Prezident va parlament o‘rtasidagi mutlaqo yangi munosabatlar tizimi mustahkam siyosiy va aniq strategik yondashuv asosida shakllandi. Bu jarayon 2016 yil 8 sentyabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi chiqishdan boshlandi. Shu yilning 14 dekabrida esa Prezidentning lavozimga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim aynan parlament minbarida bo‘lib o‘tdi. Unda Davlatimiz rahbari o‘zining siyosiy dasturini xalq vakillari huzurida e’lon qildi. Bu teran ramziy ma’noga ega tanlov bo‘lib, yangi siyosiy yo‘l xalq vakilligi institutining bevosita ishtiroki bilan boshlanayotganining ifodasi edi.

Ana shu ilk qadamlardan boshlab Prezident va parlament o‘rtasida muntazam, tizimli va mazmunli muloqot an’anasi qaror topdi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlis bilan turli formatlarda – qo‘shma majlislar, siyosiy partiyalar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar, Murojaatnomalar, yangi shakllangan parlament bilan dasturiy muloqotlar orqali doimiy aloqada bo‘ldi.

Prezident va parlament munosabatlarining O‘zbekistonda shakllangan modeli demokratik davlatchilik talablariga to‘la mos amalga oshirildi. Davlat rahbari vakillik organini davlat boshqaruvi samaradorligining muhim omili, islohotlarning ishonchli hamkori va xalq bilan muloqotning bosh vositasi deb bildi.

Aynan shuning uchun ham Prezidentimizning tashabbusi bilan parlamentning Hukumat a’zolarini ma’qullashdan Davlat byudjeti nazoratigacha, «hukumat soati»dan davlat dasturi bajarilishining borishini ko‘rib chiqishgacha bo‘lgan vakolatlari kengaytirib borildi. Dunyo tajribasida hokimiyat vakolatlarini ixtiyoriy ravishda vakillik instituti foydasiga kengaytirib borish hodisasi kamdan kam uchraydi. Bu o‘z xalqiga va o‘zi tanlagan yo‘lning to‘g‘riligiga ishongan Yetakchigagina xos bo‘lgan strategik tanlovdir.

O‘z navbatida, keyingi o‘n yillikdagi islohotlarning huquqiy poydevorini yaratishda parlament bosh siyosiy-huquqiy maydon vazifasini o‘tadi. Prezident g‘oyalari aynan parlament minbari orqali qonunlarga, qonunlar esa xalq hayotidagi o‘zgarishlarga aylandi.

 Murojaatnoma – xalq ishonchiga asoslangan muloqotning yangi modeli

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llash instituti milliy parlamentarizm taraqqiyotida muhim fenomenga aylandi va mamlakatimiz siyosiy hayotiga mutlaqo yangi mazmun olib kirdi, Davlat rahbarining xalq bilan muloqotining yangi modeli sifatida tan olindi.

Murojaatnoma nafaqat parlamentga, balki xalqimizga ham yo‘llana boshlangani ushbu institutning qamrovi mamlakatimizdagi islohotlarga hamohang tarzda kengayganligini hamda har bir fuqaroning mamlakat taraqqiyotiga nisbatan daxldorligini oshirishga xizmat qilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Ilgari mamlakat oldida turgan eng dolzarb vazifalar asosan davlat idoralari doirasida muhokama qilingan bo‘lsa, endi bu jarayon xalqimiz ishtirokida, uning keng qo‘llab-quvvatlovi asosida kechadigan bo‘ldi.

Shu bois, Murojaatnoma xalqimiz intiqlik bilan kutadigan eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqelikka aylandi. Unda nafaqat o‘tgan yil sarhisob qilinadi, balki mamlakatning ertangi kuni uchun ustuvor vazifalar belgilab beriladi. Ya’ni, har bir Murojaatnoma Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining o‘ziga xos yo‘l xaritasiga aylanib, o‘z davrining savoliga javob bermoqda. Parlament kun tartibini ham  yangi mazmun bilan boyitmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlarda parlamentning tarixiy ishtiroki

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar milliy davlatchiligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi.

Davlatimiz rahbari ushbu muhim siyosiy jarayonning bosh tashabbuskori bo‘ldi, uning barcha bosqichlarida faol ishtirok etdi hamda Asosiy qonunimizda mamlakatimiz uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, xalqimiz orzu-intilishlari va yangi davr maqsadlarini to‘laqonli aks ettirish bo‘yicha muhim takliflar hamda tashabbuslarni ilgari surdi. Bunda ikki prinsipial masala – Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani referendum orqali qabul qilish tashabbusini ko‘rsatdi.

Ushbu tarixiy jarayonda parlament ham alohida o‘rin tutdi. Xususan, Qonunchilik palatasidagi ikki yetakchi siyosiy kuch – O‘zbekiston Liberal–demokratik partiyasi va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgani konstitutsiyaviy islohotlar parlament, siyosiy partiyalar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan umummilliy jarayon sifatida kechishiga xizmat qildi.

«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Konstitutsiyaviy islohotlarda parlament ishtirokining uchta jihatini alohida ta’kidlash mumkin. Birinchidan, parlament konstitutsiyaviy yangilanishga qaratilgan siyosiy va huquqiy tashabbus ishtirokchisi bo‘ldi. Ikkinchidan, parlament xalq, davlat organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati, ilm-fan va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida ochiq muloqot maydonini shakllantirdi. Uchinchidan, parlament Konstitutsiyani o‘zi qabul qilish vakolatiga ega bo‘la turib, hal qiluvchi qarorni xalqning bevosita xohish-irodasiga havola etdi.

Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalq irodasi, Prezidentimizning siyosiy tashabbuslari, qat’iy irodasi va parlamentning tarixiy mas’uliyati uyg‘unligida yaratildi.

Qonun ijodkorligi: xalqchillik va hayotiylik prinsiplari ustuvor

Qonun nafaqat jamiyatdagi munosabatlarni tartibga soluvchi hujjat, balki inson huquqlari va erkinliklarining kafolati, davlat siyosatining huquqiy ifodasi, xalqning orzu-intilishlarini amaliy natijaga aylantiradigan ta’sirchan vositadir.

Shu ma’noda, Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatining dastlabki yillarida huquq hayotdan ortda qolmasligi kerakligi to‘g‘risidagi qoida asosida shakllangan milliy huquq tizimini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida mazmunan yangi darajaga olib chiqdi.

Prezidentimizning 2018 yil 8 avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasi qonun ijodkorligi sohasidagi tub islohotlar yo‘lidagi dastlabki muhim qadam sifatida yangi davrni boshlab berdi.

Bu davrning o‘ziga xos xususiyatlari qator jihatlarda namoyon bo‘ladi. Xususan, qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarining shakli hamda ularni rasmiylashtirish tartibi takomillashtirildi. Ularning mazmun-mohiyatini aholiga sodda tilda tushuntirishga qaratilgan muhim qoidalar belgilandi.

Bugungi kunda parlament tomonidan 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu Dastur, avvalo, qonun ijodkorligida strategik rejalashtirish madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Dasturning ijrosi dastlabki natijalarni bermoqda: 2025 yil yakunlariga ko‘ra, dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi, «Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida»gi, «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi, «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.

Strategik rejalashtirish va tizimli yondashuv samarasi qonun ijodkorligi ko‘lamining sezilarli darajada kengayishida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2015 yilda 19 ta Qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan bo‘lsa, 2025 yilda mazkur ko‘rsatkich 133 taga yetib, yetti barobar o‘sdi.

Shuningdek Qonunchilik palatasi tomonidan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishni tashkil etish tartibi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi. Quyi palataning rasmiy veb-saytida «Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari» maxsus rukni tashkil etilib, unda qonun loyihalari aholi muhokamasi uchun joylashtirilmoqda. Bundan tashqari deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati davomida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha siyosiy partiyalar bilan birgalikda joylarda muhokamalar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa, «Qonunning birdan bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart» degan tamoyil bugungi kunda qonun ijodkorligi amaliyotida to‘laqonli tarzda ro‘yobga chiqmoqda.

Bugun norma ijodkorligi nafaqat parlament va davlat organlarining ishi, balki saylovchilar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar, olimlar, yoshlar va tadbirkorlik subyektlari, umuman har bir fuqaro ishtirok etadigan ochiq jarayonga aylandi. Endilikda milliy qonunchilik hayot nafasi bilan yashaydigan, xalq ehtiyojini anglaydigan, islohotlarni oldinga boshlaydigan va millat kelajagini belgilaydigan yuksak huquqiy tafakkurning hamda davlatchilik madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Aynan Prezidentimiz tomonidan shakllantirilgan yangi qonun ijodkorligi madaniyatida nafaqat huquqiy aniqlik va institutsional mantiq, balki amaliy natija ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Parlamentning qonun loyihalarini ko‘rib chiqish va qabul qilish amaliyotiga joriy etilgan demokratik tartib-qoidalarda ham ushbu yondashuvni yaqqol ko‘rish mumkin.

Barcha sohada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar natijasida fuqarolarning huquqiy ehtiyojlari yildan yilga kengaymoqda. Ana shundan kelib chiqib, milliy qonunchiligimizda ilgari mavjud bo‘lmagan ko‘plab yangi qonunlar qabul qilindi. Xususan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi hamda «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunlar, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi, «Transport to‘g‘risida»gi kabi hajman yirik va butun bir sohani tartibga soladigan yaxlit qonunlar qabul qilindi.

Deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqidan samarali foydalanib kelmoqda. Xususan, 2015–2025 yillarda deputatlar tomonidan jami 182 ta qonun loyihasi quyi palataga kiritildi. Bu barcha tashabbuskorlar tomonidan kiritilgan qonun loyihalarining 13,8 foizini tashkil etadi.

Deputatlar tashabbusi bilan kiritilayotgan qonun loyihalari aynan saylovchilar ko‘targan masalalar, fuqarolarning murojaatlariga asosan va saylov okruglaridagi uchrashuvlar davomida aniqlangan muammolarga huquqiy yechim topishga qaratilganligi bilan alohida qimmatlidir. Zero, deputat tashabbusi saylovchi ovozining qonunga aylanishi demakdir.

Xalqchil qonunlar – islohotlar ortga qaytmasligining ishonchli kafolati

Prezidentimizning «qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerak» degan konseptual g‘oyasi huquqiy islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

Aynan xalqchil va hayotiy qonunlar tufayli fuqarolar o‘z huquqlarining ishonchli himoyasini, tadbirkorlar o‘z faoliyatining barqaror kafolatlarini, jamiyatimiz esa adolatli taraqqiyotning mustahkam zamini yaratilayotganligini his etmoqda.

Jumladan, aynan Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etishning aniq tartibi belgilandi.

Ta’kidlash joizki, odamlarning tilida «yer amnistiyasi» deb nom olgan ushbu Qonunni xalqimiz intiqlik bilan kutayotgandi. Chunki, qonun odamlar orasida eng ko‘p muhokama qilingan hayotiy masalalardan biriga yechim berdi. Bu xalqimizning uzoq yillar davomida to‘planib kelgan hayotiy muammosi, o‘z uy-joyiga qonuniy hujjat ololmagan millionlab oilalarning dardi edi.

Ushbu Qonun Davlatimiz rahbarining inson manfaati ustuvorligini ta’minlash va xalqning hayotiy muammolariga adolatli huquqiy yechim topishga qaratilgan siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Yana bir misol. «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi xalqimiz kutgan huquqiy yechimlardan biri bo‘ldi. Chunki, shu vaqtga qadar aholining shaxsiy yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, tomorqadan foydalanishga oid munosabatlar asosan tarqoq qonunosti hujjatlari asosida tartibga solib kelingan edi.

Tomorqa odamlarimiz uchun qo‘shimcha daromad, rizq-ro‘z va to‘kis dasturxon, aholi bandligini ta’minlash deganidir. Qolaversa, ushbu qonun Davlatimiz rahbarining aholi farovonligini oshirishga qaratilgan siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.

 Parlament va jamiyat muloqotining yangicha huquqiy maydoni

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Markaziy saylov komissiyasiga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berildi. Bu parlament bilan jamiyat o‘rtasidagi muloqotning mutlaqo yangi huquqiy maydonini shakllantirdi.

O‘tgan davrda quyi palataga jami 10 ta qonunchilik taklifi kiritildi. Ularda fuqarolarning mehnatga oid huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash tartibini insonparvarlashtirish, siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, mahalliy davlat hokimiyati hamda parlament nazorati faoliyati asoslarini yanada mustahkamlash kabi jamiyat hayotining dolzarb masalalari qamrab olindi.

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish, ularning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qo‘mitalar huzurida jamoatchilik kengashlari tuzildi. Ekspertlar, mutaxassislar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ushbu kengashlar qonun loyihalarini muhokamadan o‘tkazishda, sohaga doir muammolarni aniqlashda faol ishtirok etib, qo‘mitalar ishiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirmoqda.

Ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlikning mustahkam institutsional asoslari yaratildi. Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, ular bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu orqali qonun loyihalarini ishlab chiqishda ilmiy asoslangan xulosalar, sohaviy tadqiqotlar, tahliliy ma’lumotlar va ekspertlik salohiyatidan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratildi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi huzurida Parlament tadqiqotlari institutining tashkil etilishi qonunchilik faoliyatini ilmiy-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yana bir bo‘g‘iniga aylandi.

Parlament nazorati – islohotlar natijadorligining muhim omili

Yangi O‘zbekistonda parlament nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari shakllantirildi. Mamlakatimiz Prezidenti parlament nazoratining yangi shakllarini taklif qilib, bu nazoratni rasmiyatchilikdan natijadorlik sari yo‘naltirdi.

Ilgari asosan qonun qabul qiluvchi institut sifatida qaralgan milliy parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki kengayib, bugun u islohotlarning sifati hamda samaradorligini ta’minlash, joylarda aholini qiynayotgan masalalarga yechim topishda faol qatnashmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining «Parlament nazorati – bu, avvalo, xalq nazorati, xalq so‘rovi», degan konseptual g‘oyalari dasturilamal bo‘lmoqda.

Parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan biri «Hukumat soati» instituti 2018 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan amaliyotga kiritildi. «Hukumat soati»ning eng muhim xususiyati shundaki, parlament minbaridan yangrayotgan har bir savol ortida muayyan hududdagi muammo, saylovchining murojaati yoki aholini o‘ylantirayotgan masala turadi. O‘tgan davrda jami 67 ta «Hukumat soati» o‘tkazildi. Ushbu institut Hukumat va xalq vakillari o‘rtasida muntazam, ochiq, to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot maydonini shakllantirdi.

Tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish parlament nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan davrda Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasining davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan hisobotlari 23 marotaba ko‘rib chiqildi. Ushbu amaliyot Davlat dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda parlament hamda Hukumat o‘zaro hamkorligining samarali usuliga aylandi.

Ayni paytda parlament nazoratining mazkur shakli fuqarolarga deputatlik korpusi orqali Davlat dasturlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish imkonini bermoqda. Ya’ni, xalq vakillari Hukumat hisobotini ko‘rib chiqish jarayonida saylov okruglari va hududlardagi o‘rganishlar davomida aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni mutasaddilar oldiga qo‘ymoqda.

Parlament hamda deputat so‘rovi huquqiy tabiati jihatidan bir-biridan farq qilsa-da, ularni yagona maqsad – mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish va jamiyatdagi dolzarb masalalarga yechim topish vazifasi birlashtiradi.

Keyingi yillarda parlament so‘rovidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2020 – 2024-yillarda mansabdor shaxslarga 72 ta parlament so‘rovi yuborildi. Vaholanki, 2015 – 2019 yillarda mazkur ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 28 tani tashkil etgan edi. Albatta, bunday o‘sish dinamikasi parlament so‘rovlari islohotlar natijadorligini oshirishda ta’sirchan vositaga aylanib borayotganini ifoda etadi.

Deputat so‘rovi – parlament nazoratini amalga oshirishning tezkor va samarali usullaridan biri sanaladi. Mamlakatimiz Prezidentining «deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik» degan pozitsiyasi mazkur institutning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yanada oshirdi. Jumladan, 2025 yilda va joriy yil birinchi yarim yilligida xalq noiblari tomonidan mansabdor shaxslarga jami 210 ta deputat so‘rovi yuborilgan. Bu deputatlar tomonidan saylov okruglarida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, joylarda olib borilayotgan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarga mutasaddilar e’tiborini jalb etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Fraksiyalar: g‘oyalar raqobati, elektorat manfaati va parlament mas’uliyati

Parlamentning kuchi faqat ko‘pchilik ovoz bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy qudrati jamiyatdagi turli qarashlar, manfaatlar va siyosiy dasturlarning ochiq muhokama qilinishi, o‘zaro raqobatga kirishishi va pirovardida xalq manfaatiga xizmat qiladigan eng maqbul qarorga aylanishida namoyon bo‘ladi. Parlamentda ana shunday siyosiy xilma-xillikni harakatga keltiradigan asosiy institut siyosiy partiyalar fraksiyalaridir.

So‘nggi paytlarda Qonunchilik palatasida qonun loyihalari muhokamasi bo‘yicha fraksiyalararo raqobat muhiti keskin kuchaydi. Parlament minbari chinakam bahs-munozara, prinsipial tortishuvlar maydoniga aylanib bormoqda. Bunda siyosiy partiyalar fraksiyalarining qiyofasi va pozitsiyasi namoyon bo‘lmoqda.

Masalan, 2020 – 2024-yillarda Qonunchilik palatasi majlislarida fraksiyalar bildirgan qat’iy pozitsiyalar va takliflarga asosan 26 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga, 35 ta qonun loyihasi esa qayta ishlanishi va ulardagi normalar yanada takomillashtirilishi uchun mas’ul qo‘mitalarga qaytarildi. Ushbu raqamlar fraksiyalarning qonun loyihalarini xalq manfaatidan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqayotganini, parlamentdagi muhokamalarda fraksiyalararo raqobat keskin kuchayganini ifoda etadi.

Parlamentdagi bahs-munozaralar, g‘oya va qarashlar mushtarak partiyalarning fraksiyalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zaruratini yuzaga keltirdi.

Shu bois, quyi palatadagi O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi tomonidan «Taraqqiyot bloki» tuzildi. Parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etuvchi ushbu blok ikki fraksiyaning sa’y-harakatlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali dasturiy maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirish imkoniyatini kengaytirdi.

Partiya elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosatni davom ettirish maqsadida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb e’lon qildi.

Natijada fraksiyalar o‘rtasidagi g‘oyaviy kurashlar, konstruktiv bahs-munozara va o‘zaro raqobat muhiti yanada jonlandi. Eng muhimi, parlament tobora turli g‘oyalar erkin to‘qnashadigan, nuqtayi nazarlar ochiq ifodalanadigan haqiqiy siyosiy muloqot maydoni sifatida shakllanib bormoqda.

 Qo‘mitalar – parlament faoliyatining professional tayanchi

Parlament minbarida yangraydigan har bir ma’ruza, o‘rtaga tashlanadigan har bir savol va ovozga qo‘yiladigan har bir qonun ortida katta tayyorgarlik, chuqur tahlil va qizg‘in professional muhokama turadi. Bu jarayonlarning asosiy qismi Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida kechadi.

Keyingi yillarda qo‘mitalar faoliyati ham Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar sur’ati va mazmuniga mos ravishda tubdan yangilandi. Sog‘liqni saqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik, sanoat, fan-ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi jamiyat uchun g‘oyat dolzarb sohalar parlament qo‘mitalarining alohida e’tibor markaziga olindi. Ixtisoslashuv natijasida har bir qo‘mita o‘z sohasining parlamentdagi doimiy institutsional manziliga aylanmoqda.

Qo‘mitalar ishiga yangi institutlar va amaliyotlar, jumladan, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish, byudjet mablag‘laridan foydalanish natijadorligini baholash, tematik uchrashuvlar o‘tkazish, Jamoatchilik kengashlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan tizimli hamkorlik qilish mexanizmlari joriy etildi.

Parlament va hukumat hamkorligining mutlaqo yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi. Vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar va boshqa tashkilotlar Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga biriktirilib, vazirliklar va idoralarning rahbar o‘rinbosari quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib belgilandi. Bu mexanizm parlament va hukumat munosabatlarini faqat qonun loyihasi yuzasidan fikr almashishdan – muammoni birgalikda aniqlash, huquqiy yechim ishlab chiqish va uning amaldagi natijasini baholashga asoslangan doimiy muloqot darajasiga olib chiqdi.

Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga Hukumat a’zolari hisobotlarini va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilganligi tegishli sohalardagi dolzarb masalalarni tezkor ravishda parlament nazoratiga olish imkoniyatini kengaytirdi.

Parlamentning kuchi: xalqning ishonchi va ochiqlik

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlarga hamohang tarzda parlament faoliyatida ham ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylandi.

Qonunchilik palatasi faoliyatining oshkoraligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini, fraksiyalararo bahs-munozaralar hamda elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yondashuvlarni fuqarolarga jonli tarzda ko‘rsatish amaliyotiga o‘tildi.

Xususan, Qonunchilik palatasining barcha yalpi majlislari, «Hukumat soati» hamda parlament nazorati tadbirlari palataning rasmiy veb-sayti orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritilmoqda.

Ushbu amaliyot deputatlar korpusining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati to‘g‘risida xalqimizni o‘z vaqtida, ishonchli va tezkor tarzda xabardor qilish hamda parlamentdagi munozaralarni aholiga ochiq yetkazishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, jonli efir orqali saylovchi o‘z vakilining faoliyatini bevosita kuzatib, unga xolis baho berish imkoniga ega bo‘ldi.

 Parlament diplomatiyasi: milliy manfaat va xalqaro hamkorlik

So‘nggi yillarda mamlakatimiz global muloqotda o‘z mavqeini yanada mustahkamlagan holda xalqaro maydonga dadil kirib keldi. O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat Oliy Majlisning xalqaro aloqalarini ham yangi bosqichga olib chiqdi.

Yurtimizda nufuzli xalqaro parlament tadbirlari, xususan, 2025 yilda Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi hamda 2026 yilda Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi parlamentlararo hamkorlik forumi kabilar yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu tadbirlar mamlakatimizni turli mintaqalar o‘rtasida muloqot, ishonch va umumiy tashabbuslar shakllanadigan xalqaro maydon sifatida namoyon etdi.

O‘zbekistonning Parlamentlararo Ittifoq, YEXHT Parlament Assambleyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo parlament assambleyasi, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi kabi xalqaro parlament tuzilmalaridagi faolligi oshdi.

Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlari parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirishning muhim instituti sanaladi. Ular nafaqat parlamentlar o‘rtasida tajriba almashmoqda, balki mamlakatimizning xalqaro tashabbuslari va milliy manfaatlarini ham faol ilgari surib kelmoqda. Qonunchilik palatasida

2015 – 2019 yillarda 27 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat olib borgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib ularning soni qariyb ikki yarim baravarga oshib, 70 taga yetdi.

Parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida do‘stlik guruhlarining vazifa va vakolatlari kengaytirilib, ularning maqomi oshirildi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi parlamenti bilan parlamentlararo hamkorlik kengashi, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi parlamentlari bilan parlamentlararo komissiyalar tuzildi.

Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining keyingi o‘n yilligi milliy parlamentarizm tarixida tub yangilanishlar davri bo‘ldi. Bu jarayon parlamentning faqat tashkiliy tuzilishi yoki vakolatlari kengayishi bilan cheklanmadi. Eng katta o‘zgarish uning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, xalq oldidagi mas’uliyati hamda faoliyat natijalarini baholash mezonlarida yuz berdi.

Eng avvalo, parlament Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning chetdan kuzatuvchisi emas, balki faol ishtirokchisiga aylandi. Milliy parlamentimiz mamlakatdagi islohotlarning sur’ati va xalqchilligini qonunchilik hamda nazorat vakolatlari orqali ta’minlaydigan muhim siyosiy institut sifatida maydonga chiqdi.

Ayni paytda, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning rivojlanishi, yangi iqtisodiy munosabatlar, ekologik va ijtimoiy chaqiriqlar parlamentdan tezkorlik bilan birga uzoqni ko‘ra bilishni, siyosiy prinsipiallik bilan birga professional bilimni talab etmoqda.

Oldinda yanada ulug‘vor marralar, yanada mas’uliyatli sinovlar turibdi. Ishonchimiz komilki, xalq ishonchidan kuch olgan milliy parlamentimiz Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratishdek ulug‘ maqsad yo‘lida o‘z tarixiy vazifasini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadi. Zero, xalq ishonchi – eng oliy mukofot, unga sadoqat bilan xizmat qilish – eng sharafli burchdir.

 

Nuriddin ISMOILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasining Spikeri