
Mamlakat Bosh vaziri Mishel Barne va Hukumat to‘liq tarkibda iste’foga chiqarilishi sababli mamlakatda 2025-yil uchun davlat byudjeti qabul qilinmasligi xavfi mavjud.
Shunga ko‘ra, mamlakat Prezidenti Emmanuil Makron o‘z vakolatlaridan foydalangan holda davlat byudjeti bo‘yicha “maxsus qonun” loyihasini e’lon qildi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, hukumat va parlament o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganida mamlakat rahbari maxsus qonunlar qabul qilinishini ilgari surishi mumkin.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi mamlakatning 2025-yil uchun dastlabki byudjeti vazifasini bajaradi. Undagi asosiy qoida shundaki, 2025-yilda davlat organlari 2024-yilda ajratilgan mablag‘lar miqdoridan oshmagan holda sarf-xarajatlarni amalga oshirishlari mumkin.
Loyihada taklif etilayotgan yana bir norma davlatga va ijtimoiy ta’minot sohasidagi davlat organlariga maxsus agentliklar orqali moliyaviy bozorlarda qarz olish va shu orqali aholiga pensiya va boshqa nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash imkoniyatini beradi.
Ayrim muxolifat partiyalar Prezident tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilishdi.
Amaldagi tartib bo‘yicha mazkur qonun loyihasi 19-dekabr kuniga qadar parlamentga kiritilib, xalq vakillari tomonidan tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishi va 2025-yil 1-yanvarga qadar qabul qilinishi hamda ommaga taqdim etilishi lozim.
Biroq bunday holat parlament a’zolari qonun loyihasini bir ovozdan ma’qullashlarini anglatmaydi. Sababi ayrim deputatlar ushbu qonun loyihasida inflyatsiyani hisobga olgan holda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini indeksatsiya qilishni taklif etishmoqda. Muqaddam sobiq Bosh vazir o‘zining chiqishida indeksatsiya amalga oshirilmasa, 18 mln nafar fuqarolar asossiz ravishda ko‘proq soliq to‘lashlarini ma’lum qilgan.