Ortga qaytish Chop etish

Parlament tadqiqotlari instituti huzuridagi ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi birinchi masala – Institut tomonidan ishlab chiqilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uchun amaliy qo‘llanma loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bu yilgi saylov aynan “nisbiy ko‘pchilik ovoz” prinsipi asosida o‘tkaziladi, bunda nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Bu esa, qayta saylov o‘tkazilmasligini va saylov natijalari rasman e’lon qilingan kunning ertasidayoq deputatlar o‘z ish faoliyatini boshlashi mumkinligini anglatadi.

Deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan amaliy qo‘llanma loyihasi imkon qadar sodda va tushunarli tarzda, qonun normalariga asoslangan holda tayyorlanganligi, rasm, infografik shakllar, vizual ko‘rsatkichlardan keng foydalanilganligi, batafsil ma’lumot uchun QR-kod berilganligi qayd etildi.

Qo‘llanmada Qonunchilik palatasida qonun loyihasining harakatlanishiga oid barcha jarayonlar qadam-baqadam sxematik shaklda ko‘rsatib berilgan. Loyihani tayyorlashda Germaniya, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning tajribasi o‘rganilganligi e’tirof etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda Institut bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sh. Joldasovani katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga tavsiya etish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Uning ilmiy va pedagogik faoliyati Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga to‘liq mos kelishi qayd etildi.

Ayni paytda, Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotiga oid dolzarb masalalar hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.