
So‘nggi yillarda qonun ijodkorligi faoliyatiga jamoatchilikni keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ushbu jarayondagi ishtirokini yanada kengaytirish muhim masalalardan biriga aylanib ulgurdi.
Mamlakatimizning 55 foiz aholisini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, ularning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari boshqa oliygoh talabalariga o‘rnak bo‘ladi, desak ayni haqiqatdir.
Joriy yilning 25-aprel kuni Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad universitet talabalarining “Yosh qonun ijodkorlari” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan tashabbus va takliflari muhokamasidan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida 3-bosqich talabalari tomonidan tayyorlangan axborot-tahliliy ma’lumotlar ko‘rib chiqildi. Quvonarlisi shundaki, takliflarda amaldagi qonunchilik normalari tahlili, sohadagi mavjud muammolar, ularning yechimi yuzasidan xorijiy tajriba, shuningdek soha rivojiga oid takliflar va ulardan kutilayotgan natijalar o‘z ifodasini topgan.
Xususan, talaba S.Mardanov tomonidan tibbiyot tizimiga raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish, onlayn navbat olish tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida, talaba V.Ergasheva va S.Muxtarovalar ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, “ekosid” tushunchasini joriy etish haqida, talaba B.Sa’dullayev esa, jinoyat prosessida advokat ishtiroki va vakolatini kengaytirishga oid, talaba Z.Xamzayeva milliy parlament faoliyatini takomillashtirish haqida takliflarni ilgari surdi.
Har bir mavzu tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular yuzasidan qizg‘in muhokamalar olib borildi. Istiqbolda ushbu takliflardan qonun ijodkorligida foydalanish mumkunligi ta’kidlandi.
Uchrashuv so‘nggida o‘z takliflari bilan ishtirok etgan faol talabalarga Parlament tadqiqotlari institutining tashakkurnomalari topshirildi.