
Joriy yilning 21-sentyabr kuni Parlament tadqiqotlari institutida xalqaro nufuzli jurnallarga ilmiy maqola tayyorlash bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Vengriyalik xalqaro ekspert Jolt Sabo, Toshkent davlat yuridik universiteti, Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari, Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari va doktorantlar ishtirok etdi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda, shu jumladan Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda nashr etish uchun maqola yozish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.
Tadbirda Scopus bazasiga kiritilgan Vengriyaning “Xalqaro parlament tadqiqotlari jurnali” bosh muharriri Jolt Sabo tomonidan xalqaro ilmiy jurnallar uchun taqdim etiladigan maqolalarga qo‘yilgan asosiy talablar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.
Ma’lumot uchun: Jolt Sabo 2023-yildan hozirgacha Ishtvan Secheni universiteti Konstitutsiya huquqi va siyosatshunoslik kafedrasida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritmoqda. Bir vaqtda Karoli Gaspar universiteti Huquqshunoslik fakulteti dotsenti sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, ilmiy maqolaning tuzilishi, tadqiqot mavzusini tanlash va asoslash, jurnal tanlash mezonlari hamda maqolalarga taqriz olish jarayonining o‘ziga xos jihatlari yoritildi. Shuningdek, maqolalarning xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar tomonidan rad etilishining keng tarqalgan sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Muhokamalar jarayonida davra suhbati ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar hamda xalqaro nashrlar bilan ishlash bo‘yicha tajriba almashdilar.