Ayni kunlarda (17–20-sentyabr) Italiyaning Kadenabbiya shahrida Konrad Adenauer jamg‘armasi tomonidan “Global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: milliy strategiyalar, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Unda mintaqada kechayotgan zamonaviy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, hamkorlikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, ilmiy sohada tajriba almashinuvini kuchaytirish kabi masalalari muhokama qilinmoqda.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari parlament a’zolari, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Akrom Tashpulatov ham qatnashmoqda.
Konferensiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasidagi yondashuvlariga alohida e’tibor qaratildi va yuqori baholandi.
Bundan tashqari, muhokamalarda mintaqaviy parlamentlararo muloqot yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, uning institutsional mexanizmlari kengayib borayotgani qayd etildi. Ushbu jarayonlarni doimiy ilmiy-tahliliy asos bilan ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Konferensiya fikr va tajriba almashish, shuningdek, parlamentlar va tahliliy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.