
Joriy yilning 21-avgust kuni Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda nashr etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tashkiliy-huquqiy masalalari” nomli yangi qo‘llanmaning taqdimoti o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, yetakchi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari vakillari, huquqshunos olimlar, ekspertlar, mutaxassislar, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Andre Algermissen so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlik aloqalari izchil davom etayotganligi va uning amaliy samarasi sifatida mazkur qo‘llanmaning chop etilganligini ta’kidladilar.
Taqdimotda yangi qo‘llanmaning mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. U Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazorati, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati haqidagi qonunchilik hujjatlari va amaliyot tajribasini yagona manbaga sodda, tushunarli va kitobxonlarni qiziqtiruvchi zamonaviy yondashuv tarzida birlashtiradi. Qo‘llanma 1000 nusxada chop etildi.
Taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar qo‘llanmaning mazmuni yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar. Xususan, qo‘llanma bugungi zamon talablari doirasida yangicha yondashuv bilan, an’anaviy yuridik adabiyotlardan farqli ravishda juda qiziqardi yozilgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, uni yuridik kadrlarni tayyorlashda asosiy adabiyotlar ro‘yxatiga kiritish kabi takliflar bildirildi.
Qo‘llanma oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari, ekspertlar, shuningdek, parlamentarizm va qonun ijodkorligi masalalariga qiziquvchi yoshlar, keng jamoatchilik uchun foydali manba bo‘lishi qayd etildi.
Tadbir yakunida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma o‘rtasidagi hamkorlik doirasida parlament faoliyatiga oid ilmiy-uslubiy nashrlarni tayyorlash ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.