Ortga qaytish Chop etish

Parlament tadqiqotlari instituti hamda Germaniya Xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda

 

2026-yilning 2-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov hamda Germaniya Xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasining (IRZ) O‘zbekistondagi vakili Dildora Asatellayeva o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Parlament tadqiqotlari instituti va Germaniya Xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, shu jumladan 2026-yil uchun asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida A.Toshpulatov mamlakatimizda Davlat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik yangilanishlar va Parlament tadqiqotlari instituti faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. 

O‘z navbatida, D.Asatellayeva mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni IRZ tomonidan yuqori baholanayotganligini bildirgan holda
2018-yildan buyon Institut bilan davom etib kelayotgan hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Tadbir davomida A.Toshpulatov tomonidan mavjud hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ularni izchil davom ettirishga qaratilgan bir qator muhim yo‘nalishlarda ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

Xususan, Jamg‘arma tomonidan Institutning Germaniya parlamentining tadqiqot xizmati hamda boshqa parlament institutlari bilan samarali ishchi aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda zamonaviy parlamentarizmning dolzarb masalalarini kompleks o‘rganish, xususan parlament nazorati va parlament diplomatiyasi sohalarida ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qiziqish bildirildi. Shuningdek, xorijiy ekspertlar ishtirokida qonunchilik tashabbuslarini takomillashtirish, qonun loyihalari yuzasidan ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish maqsadida davra suhbatlari, seminarlar va treninglarni birgalikda tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida ilgari surilgan yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borishga kelishib oldilar.