Ortga qaytish Chop etish

Aralash saylov tizimiga – o‘tish demokratik islohotlarning yangi bosqichidir

O‘zbekistonda parlament saylov tizimini isloh qilish doirasida aralash saylov tizimiga o‘tish mamlakat demokratik rivojlanishining yangi bosqichini anglatadi. Aralash saylov tizimi xalq xohish-irodasini to‘liq aks ettirishi, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan munosabatlarini kuchaytirishi va parlamentning xalq manfaatlariga xizmat qiladigan yanada samarali qonunchilik organiga aylanishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada aralash saylov tizimi, uning O‘zbekistonga keltiradigan afzalliklari, xalqaro tajriba va mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishdagi roli haqida fikr yuritiladi.

Aralash saylov tizimi nima?

Aralash saylov tizimi ikki asosiy saylov tartibini — majoritar va proporsional tizimlarni o‘z ichiga oladi. Majoritar tizimda saylovchilar ma’lum bir nomzodga ovoz berishadi va ko‘pchilik ovozni olgan shaxs g‘olib bo‘ladi. O‘zbekistonda shu kungacha o‘tkazilgan saylovlarda aynan majoritar tizimdan foydalanilgan. Bunda saylovchilar nomzodlarni bevosita qo‘llab-quvvatlab, har bir saylov okrugida faqat eng ko‘p ovoz olgan shaxs saylanib kelgan. Proporsional tizim esa, o‘z navbatida, partiyaviy saylovga asoslanadi. Saylovchilar ma’lum bir partiyaning nomzodlar ro‘yxatiga ovoz beradi va deputatlik o‘rinlari partiyalarning ovoz ulushi asosida taqsimlanadi. 

O‘zbekistonning yangi saylov tizimi aralash tartibda bo‘lib, parlamentning yarim qismi majoritar tizim asosida, qolgan qismi esa proporsional tizim asosida saylanadi. Bunda 75 nafar deputat bevosita saylovchilar tomonidan nomzodlar orasidan tanlansa, qolgan 75 nafari partiyalar ro‘yxati orqali saylanadi. Bu yondashuv demokratik tizimni yanada kengaytirib, saylovchilarga ikki xil – individual nomzod tanlovi va partiyaviy tanlov imkoniyatlarini yaratadi.

Aralash saylov tizimining afzalliklari

Aralash saylov tizimining asosiy afzalliklaridan biri shundaki, u saylovchilarning fikr va xohishlarini to‘liq aks ettiradi. Majoritar tizim saylovchilarga o‘z okrugidagi nomzodga bevosita ovoz berish imkonini beradi, bu esa nomzodning o‘z okrugidagi aholi bilan bevosita aloqada bo‘lishi va ularning ehtiyojlarini bilishini talab qiladi. Shu bilan birga, proporsional tizim partiyalarning umumiy dasturiga va maqsadlariga ovoz berish imkonini yaratadi, natijada fuqarolar siyosiy partiya dasturlarini baholash orqali tanlov qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu jarayon ikki yo‘nalishda ishlaydi: bir tomondan, saylovchilar o‘z shaxsiy vakilini tanlash orqali mahalliy darajadagi muammolarni yechishga imkoniyat yaratadi; boshqa tomondan esa, partiyaviy tanlov orqali mamlakatning umumiy siyosiy rivojlanish yo‘nalishini belgilashda ishtirok etadi. Shu bilan, har bir saylovchining ovozi to‘liq aks ettiriladi.

Shuningdek, aralash saylov tizimi siyosiy raqobat va partiyalar o‘rtasidagi kurashni kuchaytiradi. Bir tomondan, majoritar tizimda har bir nomzod o‘z saylov okrugida g‘olib bo‘lish uchun saylovchilar bilan yaqindan ishlashga majbur bo‘lsa, boshqa tomondan, proporsional tizimda partiyalar o‘z elektoratiga aniq dasturlar va takliflar orqali murojaat qilishga intiladi. Partiyalar faqatgina xalqni o‘z dasturiga ishontirib, ko‘proq ovoz olishga erishishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, saylov tizimining aralash bo‘lishi parlamentda turli siyosiy kuchlarning vakillik qilinishiga yo‘l ochadi, bu esa siyosiy barqarorlikni ta’minlaydi. Chunki, parlamentda bir nechta partiya vakillari ishtirok etishi siyosiy muvozanatni saqlashni osonlashtiradi. Shu jihatdan, ko‘p partiyaviylik fuqarolarning turli siyosiy qarashlarini aks ettiradi, bu esa parlamentda xalq manfaatlarining ko‘proq e’tiborga olinishi uchun imkoniyat yaratadi.

Ta’kidlash joizki, aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning roli va ahamiyatini oshiradi. Bunda partiyalar elektoratning ishonchini qozonish uchun o‘z dasturlarini takomillashtirish va xalqqa yaqinroq bo‘lishga intiladi. O‘zbekiston tajribasida ham, siyosiy partiyalar jamiyatda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun yanada faol ishlashi lozim bo‘ladi. Saylovchilarning faqat nomzodlarni emas, balki partiyalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati ularning partiya faoliyatiga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Shu bilan birga, fuqarolarning siyosiy ishtiroki kuchayib, saylov kampaniyalari orqali jamiyatning siyosiy ongi yuksaladi.

Bundan tashqari, aralash tizimda partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik mustahkamlanadi. Proporsional tizimda saylangan deputatlar o‘z partiyalari oldida ko‘proq mas’uliyat his qiladi va partiyaning saylovoldi dasturi asosida ishlashga majbur bo‘ladi. Bu jarayon deputatlarning saylovchilar bilan bevosita bog‘lanishini ham ta’minlaydi, chunki har bir deputat o‘z vakolat muddati davomida o‘z partiyasi va elektorati oldida hisobdor bo‘ladi.

Aralash saylov tizimining yana bir muhim jihati – bu qonun ijodkorligining samaradorligini oshirishdir. Proporsional tizim orqali saylangan deputatlar partiyalar tomonidan o‘z dasturlariga asoslangan ravishda ishlab chiqilgan qonun loyihalari ustida faoliyat yuritadi. Bu esa parlamentda muvozanatni ta’minlab, qonun loyihalari yuzasidan konstruktiv munozaralar olib borish imkonini oshiradi. Siyosiy partiyalar o‘z saylovoldi va’dalarini amalga oshirishga harakat qilgan holda, yanada faol va samarali qonun loyihalarini ishlab chiqishga intiladi.

Aralash saylov tizimi dunyoning ko‘plab davlatlarida muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda va bu tizimning samaradorligi ko‘p yillik amaliyotda o‘z isbotini topgan. Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Italiya kabi davlatlarda aralash saylov tizimi demokratiya tamoyillarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutgan. Germaniyada Bundestag saylovlari majoritar va proporsional tizimlarning uyg‘unligi asosida o‘tkazilib, bu fuqarolarga o‘z nomzodlarini tanlash va shu bilan birga partiyaviy maqsadlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Yaponiyada ham mazkur tizim iqtisodiy islohotlar va siyosiy barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, Singapur, Venesuela, Vengriya, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar ham aralash saylov tizimiga o‘tish orqali siyosiy raqobatni kuchaytirib, davlat boshqaruvida ko‘p partiyaviylikni mustahkamlashga erishgan. O‘zbekistonda ham ushbu tizimni joriy qilish orqali siyosiy jarayonlarda fuqarolarning ishtiroki va bergan ovozining samaradorligi oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning parlament saylovlarida aralash tizimga o‘tishi siyosiy islohotlar yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Bu tizim xalqning ovozini to‘liq aks ettiradi, siyosiy partiyalar o‘rtasida raqobatni oshiradi va parlament faoliyatini demokratik tamoyillar asosida rivojlantiradi. Aralash tizim nafaqat saylovchilarga ikki xil imkoniyatni beradi, balki qonun chiqarish jarayonlariga yanada malakali va tajribali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi.

Shuningdek, aralash saylov tizimi parlament tarkibida xilma-xil siyosiy qarashlar va manfaatlarni aks ettiruvchi partiyalar vakillarini joylashtirish orqali jamiyatning turli qatlamlarini qamrab oladi. Bu jarayon demokratiyaning muhim unsuri bo‘lgan siyosiy plyuralizmni rivojlantirib, fuqarolarning davlat boshqaruvida bevosita ishtirok etishini kuchaytiradi. Siyosiy raqobatning oshishi esa davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, partiyalarning o‘z dasturlarini amalga oshirishdagi mas’uliyatini oshirishga va xalq manfaati uchun yanada samarali ishlashga olib keladi.

Bundan tashqari, aralash tizim fuqarolarning siyosiy ongi va faolligini oshiradi, ular nafaqat nomzodlarni, balki ularning ortidagi partiya va dasturlarni sinchiklab o‘rganishga majbur bo‘ladi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirib, fuqarolarni siyosiy jarayonlarda faolroq ishtirok etishga undaydi. Aralash saylov tizimiga o‘tish natijasida siyosiy jarayonlar shaffoflashadi, siyosiy raqobat oshadi va bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning demokratik rivojlanishi va barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning aralash saylov tizimiga o‘tishi — mamlakatning demokratik tamoyillarini mustahkamlash, saylovchilar huquqlarini kengaytirish va siyosiy hayotni faollashtirish sari qo‘yilgan katta qadamdir. Bu jarayon, xalqaro tajribaga asoslanib, O‘zbekistonda zamonaviy, shaffof va samarali siyosiy boshqaruv tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

ISMOILOV Samandar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti Bosh ilmiy xodimi