Ortga qaytish Chop etish

Binar opsionlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi

 

Joriy yilning 7-oktyabr kuni Jogorku Kenesh “Qimor va lotereya faoliyati sohasidagi Qirg‘iz Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Qonun loyihasi bilan Qirg‘iz Respublikasi hududida quyidagilarni taqiqlash nazarda tutilmoqda:

binar opsionlar shaklidagi qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish;

binar opsionlarni reklama qilish, tarqatish va ilgari surish;

binar opsionlarda ishtirok etish uchun Qirg‘iz Respublikasi fuqarolari va rezidentlaridan pul mablag‘lari va virtual aktivlarni qabul qilish;

fuqarolarni binar opsionlarda ishtirok etishga jalb etishga qaratilgan vositachilik faoliyatini amalga oshirish.

Loyihada binar opsionlarga quyidagicha ta’rif berilmoqda: binar opsionlar – qimor o‘yinlarining bir shakli bo‘lib, unda ishtirokchilar pul mablag‘lari va virtual aktivlarni yutish yoki yutqazish imkoniyati bilan, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali, voqea natijasiga yoki moliya bozori ko‘rsatkichlari qiymatlarining o‘zgarishiga pul tikadilar. Binar opsionlar faoliyati qimor o‘yini hisoblanadi va moliya bozoridagi investitsiya yoki boshqa faoliyat turiga kirmaydi.

Shuningdek, lotereya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan lotereya faoliyatini tashkil etganlik va (yoki) amalga oshirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda. Xususan, agar bu qilmish fuqarolarga, tashkilotlarga yoki davlatga ancha miqdorda zarar yetkazsa yoxud ancha miqdorda daromad olish bilan bog‘liq bo‘lsa, 1 000 dan 2 000 hisob-kitob ko‘rsatkichigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonun loyihasi mualliflarining ta’kidlashicha, loyiha firibgarlik xavfini kamaytirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish maqsadida ushbu mexanizmlardan foydalanishning oldini olishga qaratilgan.

Ushbu qonun loyihasi parlament tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston uchun dolzarbligi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil
19-apreldagi PF–68-son Farmoniga asosan 2025-yil
1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qarori qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining hududida va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokidagi hodisalarga (sport o‘yinlari va musobaqalari, siyosiy jarayonlar, tanlovlar va boshqalar) bukmekerlik garovlarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi, bundan xalqaro federatsiyalar qoidalar asosida tegishli darajada tayyorgarlik, nazorat va hakamlik ta’minlangan holda, tomoshabinlar ishtirokida o‘tkaziladigan sport o‘yinlari va xalqaro darajadagi hodisalar mustasno.

Biroq, binar opsionlarga oid masalalar qonunchilikda aks ettirilmagan. Ushbu turdagi opsionlar yuqori darajadagi pul yo‘qotish xavfi bilan bog‘liq ekanligini inobatga olgan holda, ishtirokchilarni himoya qilish va moliyaviy yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida ushbu faoliyatni huquqiy tartibga solish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.