Ortga qaytish Chop etish

FRANSIYA PARLAMENTI

 

Jinsiy va gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir yaxlit qonun loyihasi muhokamada


Joriy yilning 23-sentyabr kuni Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasining maxsus komissiyasida “Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan jinsiy hamda gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi yaxlit qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi to‘qqizta bo‘lim va 69 ta moddadan iborat bo‘lib, u qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan.

Fransiyada 2017–2023-yillarda qayd etilgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari 282 foizga oshgan; 2021-yilda gender va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha shikoyatlarning 73 foizi, zo‘rlash bo‘yicha shikoyatlarning esa 94 foizi harakatsiz qoldirilgan; mamlakatda 160 ming bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, insest holatlarining (bolalarga nisbatan oila ichida sodir etiladigan jinsiy zo‘ravonlikning) atigi 1 foizi ayblov hukmi bilan yakunlangan.

Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga zo‘ravonlikning barcha shakllarini aniqlash imkonini beruvchi yagona ta’rif va tasniflash tizimi kiritiladi. Shuningdek, ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini baholab boruvchi mustaqil organ tashkil etilib, u har yili ishlarni ko‘rib chiqish muddatlari, ayblov hukmlari ulushi va safarbar etilgan resurslar to‘g‘risida hisobot e’lon qiladi.

Shuningdek, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarda va jinoyat sudlarida ixtisoslashgan bo‘linmalar, shuningdek, jinsiy va oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha ixtisoslashgan sudya hamda prokuror lavozimlari ta’sis etiladi. Sud-huquq sohasi xodimlari va ekspertlarining xotin-qizlar va bolalarga nisbatan jinsiy hamda gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha bilim va malakasini oshirish uchun majburiy o‘qitish joriy etiladi.

Tergov va surishtiruv jarayonining barcha bosqichlarida jabrlanuvchining ishga aloqador bo‘lmagan har qanday jinsiy hayotiga oid ma’lumotlardan foydalanishga va ularning ishonchliligini tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchini gumon qilinuvchi bilan yuzlashtirish faqat uning roziligi bilan va maxsus kafolatlar asosida o‘tkazilishi mumkin. Jinsiy, gender asosidagi yoki oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga yuridik yordam ko‘rsatish orqali huquqiy qo‘llab-quvvatlash prinsipi mazkur qonun hujjatida aniq belgilanmoqda.

Bundan tashqari, jinsiy hamda gender asosidagi zo‘ravonlikning og‘irlashtiruvchi holatlari kengaytiriladi hamda insest holatlari (bolalarga nisbatan oila ichida sodir etiladigan jinsiy zo‘ravonlik) alohida jinoyat tarkibi sifatida belgilanadi.

Qonun loyihasida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan jinsiy mazmundagi soxta kontent (dipfeyk)ni tayyorlash va tarqatish, roziliksiz intim tasvirlar yuborish, raqamli vositalar orqali yashirin kuzatuv uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, maktabgacha ta’limning birinchi yilidan boshlab bolaning farovonligini baholash, zo‘ravonlikning har qanday shaklining oldini olish va uni aniqlash maqsadida har bir bola bilan yiliga bir marta yakka tartibda suhbat o‘tkazish joriy etiladi. Jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarning voyaga yetmaganlar bilan aloqada bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan haq to‘lanadigan yoki ixtiyoriy har qanday kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda va bu holat xodimni ishga qabul qilishda tekshirilishi shartligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasida Xalqaro mehnat tashkilotining 190-sonli konvensiyasi talablaridan kelib chiqib, jamoa shartnomalarida ish joyida jinsiy va gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish choralari va tegishli murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi nazarda tutilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, ish joyida jinsiy tajovuz, jinsiy shilqimlik va jinsga asoslangan xulq-atvorning oldini olish hamda ularga qarshi kurashish uchun mas’ul shaxsning vakolatlari kengaytirilmoqda. 50 nafardan ortiq xodimi bo‘lgan tashkilotlarda bunday mas’ul shaxsni tayinlash majburiy etib belgilanmoqda. Ushbu talab davlat muassasalari va tashkilotlariga ham tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.


O‘zbekiston uchun dolzarbligi



O‘zbekistonda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimining huquqiy asoslari so‘nggi yillarda izchil shakllantirildi. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan himoya orderi instituti joriy etilgan bo‘lsa, 2023-yil 11-apreldagi O‘RQ–829-son Qonun bilan Jinoyat kodeksiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilovchi 126¹-modda kiritildi hamda himoya orderining amal qilish muddatini sud tomonidan bir yilgacha uzaytirish imkoniyati nazarda tutildi. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, bullingni zo‘ravonlik shakli sifatida belgiladi.

Shundan kelib chiqib, Fransiya loyihasida nazarda tutilgan yondashuvni alohida kompleks qonun sifatida ko‘chirish zarurati mavjud emas, zero uning asosiy elementlari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan. Shu bilan birga, loyihaning ayrim muhim jihatlarini o‘rganish asosida quyidagilarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq:

zo‘ravonlik toifasidagi ishlarni yurituvchi tergovchi, prokuror va sudyalarning mazkur yo‘nalishdagi maxsus tayyorgarligini kuchaytirish;

jabrlanuvchining takror so‘roq qilinishini kamaytirish va uning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlardan foydalanishni cheklash borasidagi protsessual kafolatlarni tahlil qilish;

mavjud yagona elektron platforma doirasida ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini baholab boruvchi monitoring va yagona statistika tizimini mustahkamlash;

mehnat munosabatlarida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish masalasini ijtimoiy sheriklik va jamoa shartnomalari doirasida ko‘rib chiqish.


https://www.assemblee-nationale.fr/dyn/actualites-accueil-hub/loi-integrale-contre-les-violences-sexuelles-et-sexistes-examen-puis-adoption-des-propositions-de-loi-par-la-commission-speciale