Ortga qaytish Chop etish

POLSHA PARLAMENTI

Polsha Respublikasi Senati 24-sentyabr kuni “Nohalol bozor amaliyotlariga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilar huquqlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi.

Qonunning asosiy maqsadi iste’molchilarni tovar va xizmatlarning ekologik xususiyatlari haqidagi asossiz, noaniq yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlardan himoya qilish. Bunday amaliyot xalqaro tajribada “greenwashing”, ya’ni mahsulot yoki kompaniyani haqiqatdagi ekologik ko‘rsatkichlaridan ko‘ra “yashilroq” va ekologik mas’uliyatliroq qilib ko‘rsatish sifatida baholanadi.

Yangi tartib faqat noto‘g‘ri reklamani umumiy tarzda taqiqlash bilan cheklanmaydi. Qonun nohalol bozor amaliyotlari ro‘yxatini kengaytirib, ekologik marketing bilan bog‘liq 12 ta yangi taqiqlangan amaliyotni belgilaydi.

Xususan, rasmiy sertifikatlash tizimiga asoslanmagan yoki vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanmagan “barqarorlik” belgilaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, “ekologik”, “yashil”, “atrof-muhitga zararsiz” kabi umumiy da’volarni faqat tadbirkor ularni ishonchli va tekshiriladigan dalillar bilan asoslay olgan hollarda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Qonun mahsulotning faqat bir qismiga xos ekologik xususiyatni butun mahsulotga yoki kompaniyaning umumiy faoliyatiga tatbiq etib ko‘rsatishni ham cheklaydi. Masalan, faqat qadoq ekologik talablarga javob bergani mahsulotning o‘zi to‘liq “ekologik” ekanini anglatmaydi

Shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarini boshqa loyihalar orqali kompensatsiya qilishga tayanib, mahsulotni “uglerod-neytral” yoki “iqlimga ijobiy ta’sir qiluvchi” deb taqdim etishga nisbatan ham cheklovlar kiritilmoqda.

Shunday qilib, yangi qoidalar ekologik marketingni umumiy reklama talablaridan aniq va tekshiriladigan mezonlarga asoslangan maxsus huquqiy tartibga solishga o‘tkazishga qaratilgan.

O‘zgartirishlar faqat “yashil reklama”ni tartibga solish bilan cheklanmaydi. Qonun iste’molchiga mahsulotning butun xizmat sikli haqida to‘liqroq axborot berish talablarini ham kuchaytiradi.


Xususan, tegishli hollarda xaridor mahsulotni ta’mirlash imkoniyati, zarur ehtiyot qismlarning mavjudligi va taxminiy narxi, ularni buyurtma qilish tartibi, ta’mirlash bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda mavjud cheklovlar haqida oldindan ma’lumot olishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ayrim tovarlar uchun ularning ta’mirlanish darajasini aks ettiruvchi maxsus reytingni ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Raqamli elementlarga ega mahsulotlar bo‘yicha esa dasturiy ta’minot qancha muddat davomida yangilanishi haqida ma’lumot berish talab etiladi. Faqat yangi funksiya qo‘shadigan yangilanishni iste’molchiga “majburiy” deb taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun, shuningdek, mahsulotning xizmat muddatini sun’iy ravishda qisqartirishga qaratilgan yoki iste’molchini chalg‘ituvchi ayrim amaliyotlarni nohalol deb baholaydi. Jumladan, tovarni haqiqatga zid ravishda oson ta’mirlanadigan deb ko‘rsatish, sarf materiallarini texnik jihatdan zarur bo‘lganidan oldinroq almashtirishga undash, shuningdek, mahsulotning real xizmat muddati haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otish shunday amaliyotlar qatoriga kiradi.

Shu tariqa, yangi qoidalar iste’molchining xarid vaqtida faqat tovarning narxi va tashqi xususiyatlarini emas, balki uni qancha vaqt ishlatish, ta’mirlash va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash mumkinligini ham hisobga olishi uchun kengroq axborot olish imkoniyatini yaratadi.

O‘zbekiston uchun dolzarbligi



Polsha tajribasi O‘zbekiston uchun ekologik marketingni yanada aniq tartibga solish nuqtayi nazaridan dolzarb. Chunki mamlakatimizda chalg‘ituvchi reklamaga qarshi umumiy normalar va “Yashil belgi” ekologik markirovka tizimi mavjud bo‘lsa-da, “eko”, “yashil”, “uglerodsiz” kabi da’volarni qo‘llash uchun qanday dalillar talab qilinishi alohida va batafsil belgilanmagan. Shu jihatdan ekologik da’volarni aniq, tekshiriladigan mezonlar asosida tartibga solish tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq.


https://www.portalsamorzadowy.pl/polityka-i-spoleczenstwo/senat-przyjal-bez-poprawek-nowelizacje-ustawy-o-zakazie-tzw-greenwashingu,677396.html