Ortga qaytish Chop etish

MOLDOVA PARLAMENTI

   Moldova Respublikasi parlamenti 2026-yil 24-sentyabrda energetika hamjamiyatlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Hujjat Energetika vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining maslahat ko‘magida ishlab chiqilgan.
   Energetika hamjamiyatlari Moldova qonunchiligida avval ham nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ular uchun alohida tashkiliy-huquqiy shakl belgilanmagan edi. Yangi qonun fuqarolar, mahalliy boshqaruv organlari va tadbirkorlik subyektlariga, eng avvalo, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda energiyani birgalikda ishlab chiqarish, iste’mol qilish, saqlash va boshqarish maqsadida birlashish imkonini beradi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, qonun rasmiy e’lon qilinganidan bir oy o‘tgach kuchga kiradi. Ilgari qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi hamjamiyat yoki fuqarolik energetika hamjamiyati maqomini olgan yuridik shaxslarga yangi tashkiliy-huquqiy shaklga qayta tashkil etilish uchun 24 oy muddat beriladi.

O‘zbekiston uchun dolzarbligi

O‘zbekistonda “Quyoshli xonadon” dasturi amal qilmoqda. Mazkur mexanizm asosan yakka tartibdagi iste’molchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda energiyani jamoaviy ishlab chiqarish uchun alohida tashkiliy-huquqiy shakl nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, 2026-yilda 300 ta mahallada aholi bilan kooperatsiya asosida umumiy quvvati 107 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatish va ular orqali 30 mingta kam ta’minlangan oilani qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. 2030-yilga qadar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
   Shu nuqtayi nazardan, Moldova tajribasi aholining energetika sohasidagi ishtirokini kengaytirish, energiyani jamoaviy ishlab chiqarish va iste’mol qilish mexanizmlarini rivojlantirish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning huquqiy vositalaridan biri sifatida qiziqish uyg‘otadi.