Qonunchilikka ko‘ra, navbatdagi Prezident saylovi Prezident saylangan muddat tugaydigan yilning yanvar oyining to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkaziladi va saylov kuniga kamida 4 oy qolganida Jogorku Kenesh tomonidan tayinlanadi.
Shu bois, mazkur Qaror bilan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti saylovi 2027-yil 27-yanvar, chorshanba kuniga belgilandi. Ovoz berish kuni ish beruvchining mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xodimlar ish haqi saqlangan holda dam olish kuni hisoblanadi.
Jogorku Kenesh Torag‘asi (parlament raisi) qabul qilingan qarorga izoh berar ekan, deputatlar yoki Prezident nomzod sifatida ro‘yxatga olingan taqdirda, ular o‘z vakolatlarini to‘xtatmay, ularni amalga oshirishni davom ettirishini ta’kidladi.
Biroq, qonunchilikka ko‘ra, nomzod ko‘rsatilgan paytdan boshlab saylov natijalari aniqlangunga qadar, agar u davlat xizmatchisi (davlat xizmati turidan qat’i nazar), munitsipal xizmatchi, ommaviy axborot vositasi xodimi bo‘lsa, lavozim yoki xizmat vakolatlarini bajarishni to‘xtatib turadi.
https://kenesh.kg/ru/posts/17771
Joriy yilning 23-sentyabr kuni Jogorku Kenesh “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u bilan bog‘liq bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qirg‘iz Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Loyihada ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishda o‘zini o‘zi taqiqlash mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda. Bunda huquq egasi o‘z xohishiga ko‘ra o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishni bepul taqiqlashga haqli.
Huquq egasining arizasiga asosan, Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning yagona davlat reestriga (keyingi o‘rinda – Davlat reestri) ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risidagi yozuv kiritiladi.
Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra, huquq egasi o‘zini o‘zi taqiqlashni bekor qilish to‘g‘risida ariza berishga haqli. O‘zini o‘zi taqiqlashni olib tashlash to‘g‘risidagi yozuv Davlat reestriga kiritilgan paytdan e’tiboran yigirma to‘rt soat o‘tgach kuchga kiradi.
Shu bilan birga, o‘zini o‘zi taqiqlashning mavjudligi quyidagi hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi: qonuniy kuchga kirgan sud hujjati yoki ijro hujjati asosida, meros tartibida huquq o‘tganda hamda texnik xatolarga tuzatishlar kiritilganda.
Qonun loyihasi mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha firibgarlikning oldini olish va fuqarolarni, birinchi navbatda, keksalarni uchinchi shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli ko‘chmas mulkini yo‘qotishdan himoya qilishga qaratilgan.
Ushbu qonun loyihasi parlament tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
Amaliyotda firibgarlar aldash, ishonchni suiiste’mol qilish va psixologik ta’sir ko‘rsatish orqali fuqarolarni, ayniqsa, keksalar va yolg‘izlarni uy-joyni sotish yoki qayta rasmiylashtirishga undash holatlari uchrab turadi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq, ko‘chmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Shu munosabat bilan, ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishda o‘zini o‘zi taqiqlash mexanizmini joriy etish qo‘shimcha himoya vositasi bo‘lib xizmat qilishi, huquq egasiga esa puxta o‘ylangan qaror qabul qilish uchun vaqt berishi va mulkni ehtimoliy firibgarlik yo‘li bilan qayta rasmiylashtirishning oldini olishi mumkin.
https://kenesh.kg/bills/675157