Joriy yilning 22-sentyabr kuni Latviya Seymining Byudjet va moliya (soliq) qo‘mitasi kripto-aktivlarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish hamda ilgari deklaratsiya qilinmagan kripto-aktivlarni ixtiyoriy ravishda deklaratsiya qilish imkoniyatini joriy etishga qaratilgan “Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlarni konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi.
O‘zgartishlarga ko‘ra, kripto-aktivlarga aksiya va obligatsiyalarga investitsiya kiritishda qo‘llaniladigan investitsiya hisobvarag‘i prinsipini tatbiq etish taklif etilmoqda. Bunda soliq har bir alohida operatsiya bo‘yicha emas, balki investitsiya hisobvarag‘idan yechib olingan mablag‘ kiritilgan mablag‘dan ortib ketgan paytda hisoblanadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqida litsenziyaga ega kripto-aktivlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchilarga mijozlar uchun investitsiya hisobvarag‘i xizmatini ko‘rsatish imkoniyatini berish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida ilgari deklaratsiya qilinmagan kripto-aktivlarni qonuniy tartibga solish uchun maxsus ixtiyoriy deklaratsiya mexanizmi ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, rezidentlar 2026-yil 31-dekabr holatiga tegishli kripto-aktivlarini deklaratsiya qilib, ularning bozor qiymatining 10 foizi miqdorida soliq to‘lashi mumkin.
Deklaratsiya qilingan kripto-aktivlarning ko‘rsatilgan qiymati keyinchalik soliq maqsadlarida ularning xarid qiymati sifatida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, soliqni to‘lagan shaxslarga ilgari deklaratsiya qilinmagan tegishli daromadlar bo‘yicha penya, ma’muriy jazo va jinoiy javobgarlik qo‘llanilmasligi nazarda tutilmoqda.
Biroq mazkur yengilliklar kripto-aktivlardan olingan daromadlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, soliq tekshiruvi boshlangan yoki ma’muriy ish yuritilayotgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi investitsiya hisobvarag‘i xizmatini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan kripto-aktivlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchilarga qo‘yiladigan talablarni belgilashi nazarda tutilgan. Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun Seym tomonidan uch o‘qishda qabul qilinishi lozim.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
Latviyadagi qonun loyihasi ikki asosiy mexanizmni nazarda tutadi:
1) kripto-aktivlardan olingan daromadni investitsiya hisobvarag‘idan yechilgan mablag‘ kiritilgan summadan oshgan taqdirda soliqqa tortish;
2) ilgari deklaratsiya qilinmagan kripto-aktivlarni bozor qiymatining 10 foizi miqdorida soliq to‘lash orqali bir martalik legallashtirish.
O‘zbekistonda esa kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalardan olingan daromadlar amalda soliqqa tortilmaydi. Shu bois, Latviyadagi har bir operatsiya bo‘yicha soliq hisoblash bilan bog‘liq murakkablik yoki deklaratsiya qilinmagan daromadlarni legallashtirish kabi masalalar hozircha O‘zbekiston uchun dolzarb emas. Davlat siyosati asosan kriptobozorni institutsional rivojlantirish, jumladan, steyblkoinlar va tokenlashtirilgan moliyaviy aktivlarni tartibga solishga qaratilgan.
Shu bilan birga, bozorning kengayishi va xalqaro soliq shaffofligi talablarining kuchayishi kelgusida kriptodaromadlarni soliqqa tortish masalasini kun tartibiga olib chiqishi mumkin. Hozirgi bosqichda amaldagi imtiyozni saqlash maqsadga muvofiq. Keyinchalik soliq rejimi qayta ko‘rib chiqilganda, faqat amalda olingan sof daromadni soliqqa tortish va mavjud aktivlarni ixtiyoriy deklaratsiya qilish mexanizmlaridan foydalanish mumkin.
Muqobil yondashuv sifatida imtiyozni litsenziyalangan mahalliy platformalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bilan cheklash ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Joriy yilning 23-sentyabr kuni Latviya Seymining Davlat boshqaruvi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish masalalari qo‘mitasi mahalliy kengashlar saylovini tashkil etish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, mahalliy saylovlarda ishtirok etish uchun saylovchi tegishli munitsipalitetda saylov kunidan kamida 45 kun oldin ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi talab etiladi. Amalda ushbu muddat 90 kunni tashkil etadi. Bu saylovchilar ro‘yxatini aniqroq shakllantirish va fuqarolarning saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Qonun loyihasida, shuningdek, nomzodlar ro‘yxatini taqdim etish, nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni rasmiylashtirish, saylov garovini to‘lash, muddatidan oldin ovoz berish va pochta orqali ovoz berish tartiblariga aniqlik kiritilmoqda. Amaliyotda aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish va saylov jarayonlarini soddalashtirish ham nazarda tutilgan.
Yangi saylangan mahalliy kengashlarning birinchi majlisini o‘tkazish uchun yagona sana belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, mahalliy saylov komissiyasi raisi yangi saylangan deputatlarni iyul oyining birinchi payshanbasida kengashning birinchi majlisiga chaqirishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, muddatidan oldin ovoz berish jarayonida saylov komissiyasi a’zolarining eng kam soni to‘rt nafardan uch nafarga qisqartiriladi, deputat vakolatining boshqa shaxsga o‘tishi va saylov natijalarini tasdiqlash tartiblari aniqlashtiriladi.
O‘zgartirishlar kuchga kirishi uchun qonun loyihasi Seym tomonidan yakuniy o‘qishda qabul qilinishi lozim.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
O‘zbekistonda saylovchilar ro‘yxati Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) orqali davlat axborot tizimlaridagi yashash joyiga oid ma’lumotlar asosida shakllantiriladi. Saylovchi o‘z ma’lumotlarini tekshirish va xatolik yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega.
Shu bois, Latviyadagi uzoq muddatli oldindan ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq muammo O‘zbekiston uchun bevosita xos emas va mazkur yechimni implementatsiya qilish zarurati mavjud emas.
Biroq loyihaning tashkiliy jihati, ya’ni yangi saylangan mahalliy kengashlar birinchi majlisini o‘tkazishi uchun yagona muddat belgilash masalasi e’tiborga loyiq. Bu hududlarda kengashlar faoliyati boshlanishini bir xillashtirishi mumkin. Muqobil yo‘nalish sifatida yangi norma kiritishdan ko‘ra, SYAERda manzil o‘zgarishlarining tezkor aks etishini muntazam baholash va zaruratga qarab tizimni texnik takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Latviya Seymi 24-sentyabr kuni odam savdosi qurbonlarini erta aniqlash, himoya qilish va ularga zarur yordam ko‘rsatishni takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladi.
Qonun loyihasi odam savdosi qurbonlarining Latviyada bo‘lishiga oid amaldagi qonunchilikni kengaytiradi hamda Yevropa Ittifoqining odam savdosi qurbonlarini himoya qilish bo‘yicha talablarini milliy qonunchilikka joriy etishni nazarda tutadi.
Yangi qonunning asosiy maqsadi odam savdosi qurbonlarini erta aniqlash va himoya qilishning samarali tizimini yaratish. Shu maqsadda milliy yo‘naltirish mexanizmi joriy etiladi. Shuningdek, jabrlanuvchilar uchun 30 kundan 180 kungacha bo‘lgan kutish davri belgilanishi taklif etilmoqda.
Ushbu davrda jabrlanuvchiga o‘zini tiklab olish, ehtimoliy zo‘ravon yoki ekspluatatsiya qiluvchi shaxslar ta’siridan chiqish hamda tergov bilan hamkorlik qilish yoki qilmaslik haqida qaror qabul qilish imkoniyati beriladi.
Qonun loyihasida Davlat politsiyasi, ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar va odam savdosi qurboni bilan birinchi bo‘lib muloqot qiladigan muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni aniq belgilash nazarda tutilgan.
Agar odam savdosi holati bo‘yicha shubha paydo bo‘lsa, tegishli ma’lumotlar Davlat politsiyasiga xabar qilinishi mumkin. Masalan, ehtimoliy jabrlanuvchi politsiya yoki ijtimoiy reabilitatsiya xizmati bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan taqdirda ham, birinchi bo‘lib u bilan muloqot qilgan muassasa mavjud ma’lumotlarni politsiyaga taqdim etishi lozim bo‘ladi. Bunda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya etiladi.
Shuningdek, odam savdosi qurboni bo‘lgan chet el fuqarosiga, agar uning Latviyada bo‘lishi tergov yoki sud jarayoniga yordam bersa, belgilangan shartlar asosida vaqtinchalik yashash ruxsati berilishi mumkin.
Latviya Ichki ishlar vazirligi odam savdosiga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradi, statistik ma’lumotlarni jamlaydi, harakat rejalarini ishlab chiqadi va uslubiy rahbarlikni ta’minlaydi.
Qonun loyihasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Buning uchun davlatlararo yo‘naltirish bo‘yicha aloqa markazini tashkil etish taklif qilinmoqda. Mazkur mexanizm orqali odam savdosi holatlari haqidagi ma’lumotlarni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida yanada samarali almashish imkoniyati yaratiladi.
2025-yilda Latviyada jami 22 nafar odam savdosi qurboni aniqlangan. Biroq ushbu ko‘rsatkich amalda sodir bo‘layotgan holatlarning faqat bir qismini aks ettirishi mumkin. Aniqlangan qurbonlar orasida Latviya fuqarolari bilan bir qatorda uchinchi davlatlar fuqarolari ham bo‘lgan. Ular Latviya hududida yoki xorijiy davlatlarda ekspluatatsiyaga duchor qilingan.
Qonun loyihasi hali ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda Seym tomonidan ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi lozim.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
Latviyada odam savdosi qurbonlarini erta aniqlash va ularni tegishli xizmatlarga yo‘naltirishning milliy mexanizmini takomillashtirish taklif etilmoqda. Bu tajriba O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli, chunki “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi Qonun hamda 2021-yil 8-fevraldagi 60-son Vazirlar Mahkamasi qarori asosida odam savdosi qurbonlarini identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tizimi shakllangan. Shu bois Latviya yondashuvini O‘zbekistondagi mavjud mexanizmlar bilan qiyosiy o‘rganish mumkin.
Latviya qonun loyihasida odam savdosi qurbonlari uchun 30 kundan 180 kungacha bo‘lgan kutish davrini belgilash nazarda tutilmoqda. O‘zbekistonning “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni 22-moddasiga muvofiq, jabrlanuvchiga jismoniy va ruhiy jihatdan tiklanishi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish haqida qaror qabul qilishi uchun kamida 30 sutka beriladi. Shuningdek, mazkur Qonunning
26-moddasiga ko‘ra, jabrlanuvchining jinoyat protsessida ishtirok etishni rad etishi uni yordam olish huquqidan mahrum qilmaydi.
Latviyada transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish uchun davlatlararo qayta yo‘naltirish bo‘yicha aloqa markazini tashkil etish taklif qilinmoqda. O‘zbekistonning “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni
15-moddasida xorijda odam savdosidan jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning O‘zbekistonga qaytishiga ko‘maklashish, 33-moddasida esa xalqaro hamkorlik va xorijiy vakolatli organlar bilan axborot almashish mexanizmlari belgilangan. Shu nuqtayi nazardan, Latviya tajribasini o‘rganish mazkur mexanizmlarni yanada takomillashtirishda foydalanilishi mumkin.