Estoniya parlamenti – Riygikogu yalpi majlisining 2026-yil 25-sentyabrdagi yig‘ilishida hukumat tashabbusi bilan kiritilgan “Tibbiy xizmatlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasining asosiy maqsadi tibbiy ma’lumotlarni shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishning yagona hamda samarali tizimini yaratishdan iborat. Buning uchun tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish, retseptlar va tibbiy hujjatlarga oid ma’lumotlarni saqlovchi uchta alohida ma’lumotlar bazasini yagona tizimga birlashtirish taklif etilmoqda.
Xususan, Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi ma’lumotlar bazasida saqlanadigan davolanish bilan bog‘liq hisob-kitoblar va Retseptlar markazidagi retseptlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Tibbiy axborot tizimi (TIS)da saqlanadigan tibbiy hujjatlar bilan birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Ma’lumotlar bazalarining birlashtirilishi tibbiy ma’lumotlarni uzatish va ulardan foydalanish jarayonini soddalashtirishi kutilmoqda. Shuningdek, ma’lumotlarni taqdim etuvchi subyektlarga tushadigan ma’muriy yukni kamaytirish, tibbiy axborot tizimini yuritish bilan bog‘liq huquqiy normalarni tizimlashtirish hamda bir xil ma’lumotlarni turli tizimlarga takroran kiritish holatlarini kamaytirish maqsad qilingan.
Qonun loyihasi tibbiy ma’lumotlarning sifati, ishonchliligi va foydalanish imkoniyatini oshirish, tibbiy sohada nazoratni samarali tashkil etish hamda kelgusida tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilarning ma’lumotlarni elektron shaklda taqdim etishini yanada soddalashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, o‘zgartirishlar tibbiyot sohasida natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimini joriy etish va ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish uchun huquqiy asos yaratishga qaratilgan. Amaldagi tizimda tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq klinik ma’lumotlar, moliyaviy ma’lumotlar va retseptlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar turli ma’lumotlar bazalarida saqlanadi. Garchi ularning maqsadi va amaliyotdagi qo‘llanilishi o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lsa-da, huquqiy va tashkiliy jihatdan alohida tartibga solingan.
Ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtirish orqali tibbiyot sohasini ma’lumotlarga asoslangan, samarali va shaffof boshqarish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bepushtlikni davolash va jinsiy hujayralar donorligiga oid ma’lumotlarni tartibga solish!
Qonun loyihasida bepushtlikni davolash hamda jinsiy hujayralar donorligi bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘ish tartibini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur ma’lumotlarni Tibbiy axborot tizimiga birlashtirish orqali donorlik hujayralaridan turli tibbiy muassasalarda foydalanilishini kuzatish va bitta donordan tug‘ilishi mumkin bo‘lgan bolalar sonini cheklash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ushbu ma’lumotlarni markazlashtirish Estoniyada bepushtlikni davolash xizmatlarining samaradorligi va xavfsizligi to‘g‘risida tegishli tibbiy hamda axloqiy ma’lumotlarni shakllantirish, sun’iy urug‘lantirish bilan bog‘liq tibbiy statistikani tizimlashtirish va Estoniyada bepushtlikni davolash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tibbiy muassasalar faoliyatini o‘zaro hamda xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
O‘zbekistonda ham sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda shakllantirish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Estoniyaning tibbiy ma’lumotlarni bir nechta alohida ma’lumotlar bazasidan yagona axborot tizimiga integratsiya qilishga qaratilgan yondashuvi O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega.
Ayni paytda tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori vositalari va elektron retseptlar, tibbiy sug‘urta hamda tibbiy statistikaga oid ma’lumotlarning turli axborot tizimlarida shakllantirilishi ma’lumotlarni takroran kiritish, idoralararo axborot almashinuvini ta’minlash va ma’lumotlarning yaxlitligini saqlash bilan bog‘liq masalalarni yuzaga keltirishi mumkin.
Estoniya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar, elektron retseptlar, tibbiy moliyalashtirish va tibbiy hujjatlarga oid ma’lumotlarni yagona raqamli muhitda integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish mumkin. Bunda tibbiy ma’lumotlarning maxfiyligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ma’lumotlardan foydalanish huquqi va kiberxavfsizlik talablarini ta’minlash alohida huquqiy kafolatlar bilan mustahkamlanishi lozim.
Shuningdek, tibbiy ma’lumotlarni markazlashtirish natijasida ularning sifati va ishonchliligini oshirish, tibbiy xizmatlar samaradorligini baholash, natijaga asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash sohasida ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish mumkin.
Istiqbolda Estoniya tajribasi asosida O‘zbekistonda tibbiy ma’lumotlarning o‘zaro integratsiyalashuvini kuchaytirish, elektron tibbiy ma’lumotlarni yagona standartlar asosida yuritish, elektron retseptlar va tibbiy hujjatlarni yagona axborot muhitida birlashtirish, tibbiy statistika sifatini oshirish hamda tibbiy muassasalar o‘rtasida ma’lumot almashinuvining huquqiy va texnik mexanizmlarini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqish mumkin.