Joriy yilning 3-iyun kuni Riygikogu tomonidan Hukumat tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘qish uchun grantlar va talabalar kreditlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda “Kredit muassasalari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun talabalar krediti tizimini yanada moslashuvchan va talabalar uchun qulay qilishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, 2026-yil sentyabrdan boshlab talabalar kredit olish uchun murojaat qilishda kafil yoki ko‘chmas mulk garovi taqdim etish talabi bekor qilinadi. Bu esa munosib kafil topa olmagan yoshlarga ham kredit olish imkoniyatini yaratadi. Kelgusida garov o‘rniga qarz oluvchining to‘lov intizomi baholanadi. Agar murojaat qiluvchi bank yoki boshqa kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan bo‘lsa, bank talabalarga kredit berishni rad etishi mumkin.
Shuningdek, qonun kreditlash shartlarini yanada qulaylashtirmoqda. Unga ko‘ra, talabalar krediti bo‘yicha foiz stavkasi amaldagi 3 foiz o‘rniga 1,5 foiz stavkasi miqdorida belgilanadi. Davlat talabalar kreditlari bo‘yicha kafolat berish amaliyotini saqlab qoladi. Joriy o‘quv yilidan boshlab talabalar krediti miqdorining eng yuqori chegarasi 6000 yevroni tashkil etadi va foiz to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplanishda davom etadi.
Qonun bilan kreditni qaytarish muddati ham uzaytirilmoqda. Ilgari talabalar krediti o‘qishning me’yoriy muddatiga nisbatan ikki baravar muddatda qaytarilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, endi ushbu muddat to‘rt baravar qilib belgilanmoqda. Shuningdek, kreditni qaytarishning eng uzoq muddati 20-yildan 25-yilgacha oshirilmoqda. Bu esa oylik to‘lovlarni kamaytirish va moliyaviy yuklamani uzoqroq davrga taqsimlash imkonini beradi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda har yili taxminan 1800 nafar talaba talabalar kreditidan foydalanmoqda. Bu esa ehtimoliy qarz oluvchilarning qariyb 4 foizini tashkil etadi. Qonun qabul qilinishi natijasida kredit oluvchilar sonining ortishi kutilmoqda.
Qonunni ko‘rib chiqish jarayonida parlament yangi talabalar krediti tizimiga o‘tish tartibini ham aniqlashtirmoqda. 2026/2027 o‘quv yili boshlangunga qadar tuzilgan kredit shartnomalari ular tuzilgan paytdagi shartlar asosida amal qilishda davom etadi. Biroq kreditni qaytarish majburiyati hali boshlanmagan qarz oluvchilar kredit tashkiloti bilan kelishgan holda shartnomalarini yangi qoidalarga o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kreditni qaytarish majburiyatini zimmasiga olgan va o‘qishni davom ettirmagan shaxslar bunday huquqqa ega bo‘lmaydi, ammo kredit tashkiloti bilan kelishuv asosida foiz stavkasini o‘zgartirish imkoniyatini saqlab qoladi.
Mazkur qonunni qabul qilish uchun Riygikoguning 77 nafar a’zosi ovoz bergan.