Ortga qaytish Chop etish

Qozog‘istonda ekologiya sohasiga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda

  Joriy yilning 28-may kuni Qozog‘iston Majilisi deputatlari ekologiya masalalariga oid qonunchilikka kiritilayotgan tuzatishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladilar. Loyiha ekologik qonunchilikni takomillashtirish, raqamli monitoring vositalarini joriy etish, shuningdek, ekologik nazorat va chiqindilarni boshqarish mexanizmlarini rivojlantirishni nazarda tutadi. 

Majlisning Ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi ta’kidlashicha, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalarni, jumladan, 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishish va mamlakatning ekologik barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan.

Qonun loyihasida ekologik kadastrlar, reestrlar va avtomatlashtirilgan monitoring ma’lumotlarini yagona raqamli tizimga integratsiya qiluvchi Atrof-muhit va tabiiy resurslar holati to‘g‘risidagi milliy ma’lumotlar bankini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan. Ta’kidlanishicha, bu ekologik hisobotlarning shaffofligini oshirish va davlat nazorati samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga o‘rmon va yaylov uglerod ofsetlari tushunchalarini kiritish taklif etilmoqda. Investorlar davlat o‘rmon fondi yerlari hamda zaxira yerlarda yangi o‘rmonzorlar barpo etish uchun o‘rmon egalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday loyihalar doirasida shakllangan uglerod birliklari bozorda muomalaga chiqarilishi mumkin bo‘ladi. 

Qonun loyihasining boshqa normalari ruxsat etilmagan chiqindixonalarni bartaraf etish va qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha cheklangan tariflarni tasdiqlash vakolatlarini hokimliklarga berishni, milliy gidrometeorologiya xizmatini qo‘shimcha byudjetdan tashqari daromad manbalarini shakllantirish maqsadida isloh qilishni, shuningdek, “yashil” moliyalashtirish va ekologik sug‘urta mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan ikkilamchi xomashyoning kamida 30 foizidan foydalanilgan taqdirda, moylar, qadoqlar va akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchilarini kengaytirilgan majburiyatlar talablaridan ozod qilish taklif etilmoqda.


https://mazhilis.parlam.kz/kk/multimedia-center/news/17230