
Suv resurslaridan unumli foydalanish, uni asrab-avaylash, tejab ishlatish bugungi kunda dolzarb masalalardan sanaladi. Zero, suv — hayot manbai. Undan samarali foydalanish insoniyat taraqqiyotiga, atrof-muhit barqarorligiga xizmat qiladi. Shu bois, Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonda ham bu borada aniq chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yurtimizda 2021 — 2023 yillar davomida suv resurslaridan oqilona foydalanishda muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2021 yilda kommunal kanalizatsiya oqova suv tozalash inshootlaridan yer usti suv obyektlariga tashlanadigan oqova suvlarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida 33 ta yirik shaharning kommunal oqova tozalash inshootlari o‘rganilgan va ekologik nazorat ishlari olib borilgan.
Avtomobil yuvish shoxobchalaridagi holat bilan tanishilganda, ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlangan. Natijada jami 2170 ta avtomobil yuvish shoxobchasidan 1602 tasi xatlovdan o‘tkazilgan, 361 tasida suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasi, 460 tasida ichki oqova tozalash inshootlari mavjud emasligi va 277 tasida boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan o‘tkazilgan reyd va tekshiruvlar davomida 1588 nafar shaxsdan qariyb 2 mlrd. 609 mln. so‘m jarima undirilgan.
2021 yilda amalga oshirilgan tizimli sa’y-harakatlar natijasida 2,76 mln. m3 suv iqtisod qilingan.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi, desak aslo yanglishmaymiz. Binobarin, unga ko‘ra, 14 ta suv obyektida suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqalarini belgilash ko‘zda tutilgan va bu bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. 2023 yilda 76 ta korxonada lokal oqova suv tozalash inshootlari qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, amaldagi 77 ta korxonada lokal tozalash inshootlari rekonstruksiya qilindi va qurib bitkazildi.
Shuningdek, o‘tgan yili poytaxtimizdagi bir qator kanallarning ma’lum uzunlikdagi qismlarida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilgani e’tiborga molik. Bu Toshkent shahrini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish, ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirishda samarali bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, joylarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanishda bo‘lgan 3886 ta yer osti quduqlari o‘rganilganda, ayrim muammolar ko‘zga tashlandi. Xususan, mamlakatimiz bo‘yicha 2299 ta yerosti quduqlari tegishli hujjatlarsiz foydalanib kelingani aniqlandi hamda uni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Albatta, bu boradagi sa’y-harakatlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlar, chunonchi, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim hududlarida moratoriy e’lon qilindi. Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 martdagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi kollektorlardan ko‘llar tizimiga suvlarning kelib quyilishi holati va suvlarning sifati nazorat qilinayotgani, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari tomonidan cho‘llanishga moyil hududlar ko‘kalamzorlashtirilayotgani shular jumlasidandir.
Xulosa o‘rnida aytganda, hozirgi vaqtda mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Ayniqsa, daryolar, ko‘llar va botqoq yerlar kabi suv bilan bog‘liq tizimlarga alohida e’tibor qaratilayotgani ekologik muvozanatni saqlash, biologik xilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutyapti. Zero, suv sarfini kamaytirish, irrigatsiya tizimlari samaradorligini oshirish, modernizatsiya va texnologik innovatsiyalarni joriy etish, oqilona rejalashtirish va boshqarishga oid ko‘rilayotgan muhim chora-tadbirlar, pirovardida, iqtisodiy samaralarga erishish hamda tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
G‘ayrat SAFAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.