Ortga qaytish Chop etish

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish nima uchun muhim?

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Zero, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish yer osti boyliklari zaxiralarini tejash barobarida ekologiyaga chiqarilayotgan zararli gazlarning miqdorini kamaytirish imkonini ham beradi.

O‘zbekiston bu borada juda keng salohiyatga ega bo‘lib, yurtimiz nafaqat o‘zining to‘rt faslli betakror tabiati, yer osti va usti nodir boyliklari, balki noyob xususiyatlari — oftobli osmoni, shamolli kengliklari, tezoqar daryolari, biologik manbalari bilan ham ajralib turadi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetikaga o‘tish bo‘yicha ulkan ishlar qilindi. 2026 yilga qadar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Bu — yiliga 3 milliard kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, ya’ni tejash degani. Bunday hajmdagi gaz bilan esa 1 million xonadonni 1 yil davomida ta’minlash mumkin. Yoki shuncha hajmdagi gaz yordamida qo‘shimcha 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistondagi aholining 98 foizini yil davomida elektr bilan ta’minlash uchun yetarli.

Shuningdek, yurtimizda umumiy quvvati 3977 megavattga teng bo‘lgan 19 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 3100 megavattga teng bo‘lgan 7 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida O‘zbekistondagi ilk 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

Xuddi shuningdek, 2022 yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyat boshladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Markaziy Osiyoda eng katta — 1,5 gigavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. U 1 million 650 ming xo‘jalikni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi va yiliga 2,4 million tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishini oldini oladi.

Umuman, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taraqqiy etishi mamlakatni barqaror rivojlantirishda juda muhim ahamiyatga ega. Bunday energiya manbalari atrof-muhitga zarar yetkazmagani bois “toza” deb ataladi. Bu esa farzandlarimiz, kelajak avlodning sog‘lom kamolga yetishi uchun mustahkam zamindir.

Yashil energetika qanchalar foydali va jozibali bo‘lmasin, shubhasiz, u ham o‘ta yuqori texnologik yechimlar va ulkan investitsiyalarni talab etadi. Qolaversa, muqobil energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektrni iste’molchiga yo‘qotishlarsiz yetkazib berish masalasi ham turibti. Bu yerda gap yana eskirgan infratuzilmani yangilash, modernizatsiyalash (zamonaviy talablar va sifat ko‘rsatkichlariga mos holda isloh qilish), eng muhimi, bu ishlarni imkoni boricha tezroq boshlashga borib taqaladi.

Boshqa yo‘limiz yo‘q. Sohada jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, avvalo, davlat budjetidan narxni ushlab turishga yo‘naltirilayotgan milliardlab subsidiya mablag‘larining bo‘shashiga olib keladi. Ushbu mablag‘larni esa O‘zbekistonda energetikani rivojlantirishga oid innovatsion loyihalarga hamda infratuzilmani yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Agar sohadagi islohotlar bugun amalga oshirilmasa, ertaga elektr energiyasi uzilishlari yanada ko‘payadi. Bu esa sanoat korxonalarining to‘xtashiga, mahsulot ishlab chiqarishning kamayishiga va oqibatda investitsiyaviy jozibadorlikning keskin pasayishiga olib keladi.

Muxtasar aytganda, elektr energiyasi narxlarini bozor tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqmaslik ertaga joylarda elektr energiyasi barqaror bo‘lmasligiga olib keladi. Sotish narxi va tannarx o‘rtasidagi tafovutni “davlat qoplasin” degan munosabat bilan esa muammo yechilmaydi.

  

Nosirjon AMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

www.parliament.gov.uz