Ortga qaytish Chop etish

Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish

 

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari milliy parlamentlar faoliyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Parlamentlar qonun ijodkorligi, parlament nazorati, axborot-tahliliy faoliyat hamda fuqarolar bilan muloqotni takomillashtirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan tobora kengroq foydalanmoqda. Xususan, Finlyandiya Eduskuntasi 2021-yilda sun’iy intellekt bo‘yicha parlament eshituvini o‘tkazgan ilk parlament bo‘ldi. Yaponiya parlamentida nutqni avtomatik matnga aylantirish tizimi 2011-yildan buyon rasmiy faoliyat yuritmoqda. Malayziya Vakillar palatasida esa deputatlik so‘rovlarini qayta ishlash jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Parlamentlarda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishga doir xalqaro yondashuvlar ham izchil shakllanmoqda. Xususan, Parlamentlararo ittifoq (IPU) hamda Vestminster demokratiya jamg‘armasi (WFD) tomonidan 2024-yilda parlamentlarda sun’iy intellekt tizimlaridan mas’uliyatli foydalanishga oid qirqta tavsiyani o‘z ichiga olgan Guidelines for AI in Parliaments xalqaro yo‘riqnomasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjatda parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlarida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning etik tamoyillari, inson nazorati, shaffoflik, axborot xavfsizligi, ma’lumotlar boshqaruvi hamda institutsional boshqaruvning asosiy mezonlari belgilangan.

Mazkur tendensiyalar parlament huquqi oldiga yangi ilmiy va amaliy vazifalarni qo‘ymoqda. Bunda asosiy masala sun’iy intellekt texnologiyalarini parlament faoliyatiga joriy etishning o‘zida emas, balki ularni parlamentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish jarayoniga huquqiy asoslar, protsessual tartib-taomillar va institutsional kafolatlar asosida integratsiya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.

O‘zbekistonda ham parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning normativ-huquqiy asoslari bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi Amaliy tadbirlar rejasining 252-bandi Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratishni nazarda tutadi. Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida Qonunchilik palatasining 2025-yil 8-oktabrdagi 1362-V-son qarori hamda Qonunchilik palatasi Kengashining 2026-yil 13-apreldagi 1941-V-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq Parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida Loyiha ofisi tashkil etildi va 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Shunday qilib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar parlament faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etishning tashkiliy va institutsional asoslarini shakllantiradi.

Biroq mazkur normativ-huquqiy hujjatlar asosan sun’iy intellekt texnologiyalarini parlament faoliyatiga joriy etishning tashkiliy jihatlarini tartibga soladi. Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirish jarayonida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual tartibi va institutsional kafolatlari esa hozircha kompleks normativ tartibga solinmagan.

Shu bilan birga, mavjud normativ baza asosan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni tartibga soladi. Biroq ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual chegaralari, inson nazorati va javobgarlik mexanizmlari yetarli darajada normativ mustahkamlanmagan. Aynan ushbu holat mazkur tadqiqotning dolzarbligini belgilaydi.

Tadqiqotning maqsadi Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini kompleks tahlil qilish, mavjud normativ-huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash hamda parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan qonuniy, hisobdor va inson nazorati asosida foydalanishni ta’minlaydigan tashkiliy-huquqiy modelni ishlab chiqishdan iborat.

Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirish jarayonida sun’iy intellekt tizimlaridan qonuniy, hisobdor va inson nazoratiga asoslangan tarzda foydalanishni ta’minlash uchun qanday tashkiliy-huquqiy elementlar hamda qanday darajadagi normativ tartibga solish mexanizmi shakllantirilishi lozim?

Ushbu savolni hal etish maqsadida quyidagi vazifalar bajariladi:

– parlament faoliyatiga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va huquqiy chegaralarini tahlil qilish;

– “joriy etish” va “qo‘llash” tushunchalarining huquqiy mazmunini o‘zaro farqlash;

– sun’iy intellekt tizimining amaldagi huquqiy ta’rifini parlament huquqi nuqtayi nazaridan baholash;

– parlamentda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning tashkiliy-huquqiy modeli hamda uni normativ tartibga solish mexanizmini asoslash.

Mavzuga oid ilmiy adabiyotlarni mazmuniga ko‘ra uch asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin.

Birinchi yo‘nalish parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan. Xususan, F. Fitsilis parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning institutsional asoslarini tahlil qiladi, D. Koryzis va hammualliflar raqamli parlament transformatsiyasining konseptual modelini ishlab chiqadi, X. Ziouvelou va hammualliflar parlament faoliyatida sun’iy intellektning o‘rnini nazariy jihatdan asoslaydi, M. Saari esa parlament nazorati jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganadi.

Ikkinchi yo‘nalish parlamentni sun’iy intellektni huquqiy tartibga soluvchi institut sifatida o‘rganishga bag‘ishlangan. Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarda parlamentning sun’iy intellekt sohasidagi normativ siyosati, qonunchilik faoliyati hamda huquqiy tartibga solish mexanizmlari tahlil qilingan. Jumladan, A. Goldmann va S. Plumer Yevropa parlamentida sun’iy intellekt bo‘yicha siyosiy narrativlarning shakllanishi va evolyutsiyasini o‘rgangan, N. Nikolinakos Yevropa Ittifoqining sun’iy intellekt sohasidagi huquqiy siyosati va AI Actning normativ asoslarini tizimli yoritgan. H. Sousa Antunes hamda G. Wagner esa sun’iy intellekt bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy javobgarlikning turli modellarini tanqidiy tahlil qilgan.

Uchinchi yo‘nalish sun’iy intellektning huquqiy maqomi va huquq subyektligi masalalariga bag‘ishlangan. Mazkur yo‘nalish vakillari sun’iy intellektning huquqiy tabiati, huquq subyekti sifatidagi maqomi hamda uning faoliyati natijasida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarni nazariy jihatdan asoslashga e’tibor qaratgan. Jumladan, I.V. Ponkin va A.I. Redkina sun’iy intellektni huquqiy kategoriya sifatida tavsiflash mezonlarini ishlab chiqqan, P.M. Morxat esa sun’iy intellekt birliklarining huquq subyekti bo‘lish imkoniyatlarini tahlil qilgan. O‘zbek huquqiy doktrinasida esa sun’iy intellekt texnologiyalarini huquqiy tartibga solish masalalari asosan intellektual mulk huquqi doirasida o‘rganilgan. Shu bilan birga, V.X. Davlyatov parlament tadqiqotlari tizimining raqamli transformatsiyasi hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining qonun ijodkorligi va qarorlar qabul qilish jarayonlariga ta’sirini konseptual jihatdan tahlil qilib, parlament faoliyatida insonning hal qiluvchi o‘rni saqlanib qolishi zarurligini asoslaydi.

Adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mavjud ilmiy tadqiqotlarda parlament faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish, uni huquqiy tartibga solish hamda sun’iy intellektning huquqiy maqomi o‘zaro bog‘liq, biroq mustaqil ilmiy yo‘nalishlar sifatida o‘rganilgan. Shu bilan birga, mazkur tadqiqotlarda sun’iy intellekt tizimlarini parlamentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish mexanizmi bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy institut sifatida kompleks tahlil qilishga yetarli e’tibor qaratilmagan. Xususan, “joriy etish” va “qo‘llash” tushunchalarining huquqiy chegaralari, parlament vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning tashkiliy-huquqiy modeli, inson nazoratining konstitutsiyaviy-huquqiy mazmuni hamda ushbu faoliyatni normativ-huquqiy tartibga solish mexanizmi alohida tadqiqot predmeti sifatida yetarlicha ishlab chiqilmagan. Mazkur maqola aynan shu ilmiy bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan bo‘lib, parlament vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yagona konseptual model doirasida asoslaydi.

Tadqiqotda formal-yuridik, qiyosiy-huquqiy va tizimli tahlil metodlari o‘zaro uyg‘un holda qo‘llanildi. Formal-yuridik metod yordamida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda uning Kengashi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga oid boshqa huquqiy hujjatlar tahlil qilindi. Tahlil jarayonida mazkur hujjatlarning mazmuni, huquqiy tartibga solish predmeti, vakolat doirasi va yuridik texnikasi baholandi. Ushbu metod amaldagi normativ-huquqiy bazadagi bo‘shliqlarni aniqlash, shuningdek, “joriy etish” va “qo‘llash” tushunchalarining huquqiy mazmuni hamda ularning o‘zaro farqlarini asoslash imkonini berdi.

Qiyosiy-huquqiy metod Parlamentlararo ittifoq (IPU) va Vestminster demokratiya jamg‘armasi (WFD) tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, shuningdek, Malayziya, Yaponiya, Finlyandiya, Ispaniya, Xorvatiya va Albaniya parlamentlarining sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash amaliyotini qiyosiy tahlil qilishda qo‘llanildi. Taqqoslash huquqiy mandat, protsessual tartibga solish, inson nazorati, shaffoflik, ma’lumotlar boshqaruvi hamda hisobdorlik kabi oltita mezon asosida amalga oshirildi. Mazkur metod parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning umumiy qonuniyatlari va milliy huquqiy tizim uchun ahamiyatli bo‘lgan elementlarni aniqlash imkonini berdi.

Tizimli tahlil metodi parlament vakolatlari, sun’iy intellekt tizimlari, inson nazorati va huquqiy javobgarlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yaxlit tashkiliy-huquqiy tizim sifatida baholashga xizmat qildi. Mazkur metod asosida sun’iy intellekt tizimlarini parlament vakolatlarini amalga oshirish mexanizmining tarkibiy elementi sifatida tahlil qilish imkoniyati yaratildi hamda tadqiqotda taklif etilgan ikki komponentli huquqiy model, besh elementli tashkiliy-huquqiy model va uch bosqichli normativ-huquqiy tartibga solish modeli metodologik jihatdan asoslandi.

Qonunchilik palatasi Kengashining 2026-yil 13-apreldagi 1941-V-son qarori Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga oid normativ-huquqiy asosning markaziy bo‘g‘inini tashkil etadi. Mazkur qaror parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning tashkiliy mexanizmini belgilab, institutsional, rejaviy va nazorat qatlamlaridan iborat uch pog‘onali tashkiliy konstruksiyani shakllantirgan.

Mazkur qaror ish rejasida nazarda tutilgan yo‘nalishlarning texnologik jihatdan asoslanganligi xorijiy tajriba bilan ham tasdiqlanadi. Xususan, parlament majlislari stenogrammalarini avtomatik transkripsiya qilish tizimi Yaponiya parlamentida o‘n besh yildan ortiq vaqt davomida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda. Shuningdek, parlament nutqi korpusidan sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va parlament muhokamalarini tahlil qilish imkoniyatlari Estoniya Riigikogu materiallari asosidagi ilmiy tadqiqotlarda asoslab berilgan. Demak, muammo texnologik imkoniyatlarning mavjud yoki mavjud emasligida emas, balki ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayoniga huquqiy jihatdan integratsiya qilish mexanizmlarini shakllantirishdadir.

Institutsional qatlam doirasida Parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida uch shtat birligidan iborat Loyiha ofisi tashkil etildi hamda uning huquqiy maqomi, asosiy vazifalari va moliyalashtirish tartibi belgilandi. Mazkur yechim parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha maxsus institutsional mexanizmni shakllantirishga xizmat qiladi.

Rejaviy qatlamda 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanib, unda sun’iy intellekt texnologiyalarini parlament faoliyatiga joriy etishning oltita ustuvor yo‘nalishi belgilandi. Ular xorijiy tajribani o‘rganish, huquqiy va institutsional asoslarni takomillashtirish, raqamli infratuzilmani tayyorlash, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, dasturiy yechimlarni ishlab chiqish hamda tajriba (pilot) loyihalarini amalga oshirishni qamrab oladi. Mazkur yo‘nalishlar parlament faoliyatining texnologik va tashkiliy transformatsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan.

Nazorat qatlamida esa belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish vakolati Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasiga yuklatilgan. Bu esa sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonida institutsional nazorat va ijro intizomini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shunday qilib, 1941-V-son qaror parlament faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning institutsional va tashkiliy asoslarini yaratadi. Biroq mazkur qaror, asosan, texnologiyalarni joriy etish jarayonini tartibga solib, ularni Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual tartibi, inson nazorati hamda javobgarlik mexanizmlarini belgilamaydi. Aynan shu jihat parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning alohida tashkiliy-huquqiy modelini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltiradi.

Mazkur normativ zanjir tahlili uning huquqiy chegaralari va amaldagi tartibga solishning cheklangan jihatlarini aniqlash imkonini beradi.

Birinchidan, 1941-V-son qaror faqat Qonunchilik palatasi faoliyatiga tatbiq etilgan bo‘lib, Oliy Majlis Senatining vakolatlari ushbu normativ-huquqiy tartibga solish doirasidan chetda qolgan. Bu esa parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy asoslari ikki palata uchun bir xilda shakllanmaganini ko‘rsatadi. Holbuki, Senat 2025-yil 1-noyabrdagi yalpi majlisida “Sun’iy intellekt to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullash orqali mazkur sohani huquqiy tartibga solish jarayonida bevosita ishtirok etgan. Shunga qaramay, Senat faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslari hozircha alohida normativ-huquqiy jihatdan belgilanmagan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–22-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi Amaliy tadbirlar rejasining 252-bandi sun’iy intellekt texnologiyalarini qonun ijodkorligi faoliyatiga joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga, 1941-V-son qaror bilan tasdiqlangan Loyiha ofisining vazifalari parlament nazorati, tahliliy faoliyat hamda saylovchilar bilan ishlash kabi parlamentning boshqa funksiyalarini ham qamrab oladi. Bu esa normativ mandatning predmeti bilan institutsional vazifalar doirasi o‘rtasida muayyan tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.

Uchinchidan, normativ zanjirni tashkil etuvchi hujjatlar, asosan, tashkiliy-ma’muriy xususiyatga ega bo‘lib, ular sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur institutsional infratuzilmani yaratish, mas’ul subyektlarni belgilash hamda amalga oshirish muddatlarini aniqlashga qaratilgan. Biroq mazkur hujjatlar sun’iy intellekt tizimlarini Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual tartibi, inson nazorati, huquqiy kafolatlari va javobgarlik mexanizmlarini kompleks tarzda tartibga solmaydi.

Shunday qilib, o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatadiki, amaldagi normativ-huquqiy baza parlament faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning tashkiliy asoslarini shakllantirgan bo‘lsa-da, ularni Oliy Majlis vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning mustaqil tashkiliy-huquqiy mexanizmini to‘liq belgilamaydi. Mazkur holat parlament vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning alohida tashkiliy-huquqiy modelini ishlab chiqish zarurligini asoslaydi.

Natijada parlament faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tashkiliy tayyorgarlik darajasi bilan ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy tartibga solinishi o‘rtasida normativ nomutanosiblik yuzaga kelmoqda. Mazkur nomutanosiblik parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning alohida tashkiliy-huquqiy modelini ishlab chiqish zaruratini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalariga nisbatan izchil ravishda “joriy etish” atamasi qo‘llaniladi. Bu tasodifiy emas, chunki mazkur atama texnologiyalarni xarid qilish, joriy etish, sinovdan o‘tkazish, moslashtirish va ekspluatatsiyaga tayyorlashni o‘z ichiga oluvchi tashkiliy-ma’muriy jarayonni anglatadi. Ushbu jarayonning asosiy subyektlari parlament devoni va boshqa yordamchi tuzilmalar bo‘lib, uning huquqiy asosini ichki tashkiliy hujjatlar, qarorlar va ish rejalari tashkil etadi.

Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqish jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiluvchi e-qonun.uz elektron tizimining amalda faoliyat yuritishi parlament faoliyatining raqamli transformatsiyasi allaqachon boshlanganini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish mavjud raqamli infratuzilmani texnologik jihatdan takomillashtirish va uning funksional imkoniyatlarini kengaytirishning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Biroq sun’iy intellekt tizimlarini parlament faoliyatiga joriy etish ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llash bilan aynan bir xil huquqiy mazmunga ega emas. Agar joriy etish texnologiyaning tashkiliy va texnik integratsiyasini anglatsa, qo‘llash sun’iy intellekt tizimlaridan parlamentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish jarayonida foydalanish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni ifodalaydi. Shu sababli mazkur tushunchalarni huquqiy jihatdan o‘zaro farqlash parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning tashkiliy-huquqiy asoslarini shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.

Biroq “qo‘llash” tushunchasi mazmunan boshqa huquqiy hodisani ifodalaydi. U deputat, qo‘mita yoki parlament palatasi tomonidan konstitutsiyaviy vakolatlarni amalga oshirish jarayonida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni anglatadi. Shu nuqtayi nazardan, “joriy etish” va “qo‘llash” o‘rtasidagi asosiy farq shundan iboratki, joriy etish texnologiyani parlament faoliyatining institutsional infratuzilmasiga integratsiya qilishni anglatsa, qo‘llash sun’iy intellekt tizimlarini parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayoniga huquqiy jihatdan jalb etishni nazarda tutadi.

Parlament amaliyotida bunday qo‘llash shakllariga, jumladan, qonun loyihalarini huquqiy ekspertiza qilishda sun’iy intellekt xulosalaridan foydalanish, deputatlik murojaatlarini sun’iy intellekt yordamida tasniflash, parlament nazorati materiallarini tahlil qilish hamda normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha tahliliy xulosalarni tayyorlash kiradi. Bunday hollarda sun’iy intellekt tizimlari parlament vakolatlarini mustaqil amalga oshirmaydi, balki ularni amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida ishtirok etadi.

Mazkur farqlanishning amaliy ahamiyati huquqiy tartibga solish darajasida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirish tartibi normativ-huquqiy tartibga solish predmetini tashkil etadi. Shu sababli sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ichki hujjatlar orqali tartibga solinishi mumkin. Biroq ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llash parlament faoliyatining mazmuni va protsessual tartibiga bevosita ta’sir ko‘rsatgani bois tegishli normativ-huquqiy asos bilan mustahkamlanishi lozim.

Amaldagi mandat hujjatlari, asosan, sun’iy intellekt texnologiyalarini parlament faoliyatiga joriy etishning tashkiliy mexanizmlarini belgilaydi. Biroq ularda sun’iy intellekt tizimlarini parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual tartibi, inson nazorati hamda javobgarlik mexanizmlari kompleks tarzda tartibga solinmagan.

Shu nuqtayi nazardan, ushbu tadqiqotda parlament faoliyatida huquqiy tartibga solishning asosiy predmeti aynan sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash ekani asoslanadi. Chunki joriy etish texnologiyani parlamentning institutsional infratuzilmasiga integratsiya qilishning tashkiliy bosqichini ifodalasa, qo‘llash parlament vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni yuzaga keltiradi. Binobarin, sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning huquqiy legitimligi ularning parlament faoliyatiga joriy etilganligi bilan emas, balki ularni parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning normativ-huquqiy asoslari, protsessual tartibi va institutsional kafolatlari belgilanganligi bilan ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1115-son Qonuni bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga sun’iy intellekt tushunchasi kiritildi. Mazkur normaga muvofiq, sun’iy intellekt inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish hamda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui sifatida ta’riflanadi.

Sun’iy intellektga oid tushunchalar tizimi keyinchalik idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan yanada rivojlantirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining 2026-yil 24-fevraldagi 284-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan hamda Adliya vazirligida 2026-yil 14-martda 3787-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Sun’iy intellektga asoslangan yechimlardan foydalanish etikasi qoidalari”da “sun’iy intellekt”, “sun’iy intellekt texnologiyasi” va “sun’iy intellekt tizimi” tushunchalari o‘zaro farqlangan. Mazkur qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimi mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan dasturiy ta’minot sifatida tavsiflanadi.

Shunday qilib, amaldagi normativ-huquqiy tartibga solishda sun’iy intellekt tizimi, asosan, dasturiy ta’minot sifatida talqin etilgan bo‘lib, uning jismoniy platformalarda, xususan, robototexnika qurilmalarida mujassamlashgan shakllari mazkur ta’rif doirasidan chetda qolmoqda. Mazkur holat parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltiradi.

Mazkur normativ yondashuv shuni ko‘rsatadiki, amaldagi huquqiy tartibga solishda sun’iy intellekt tizimining ta’rifi, asosan, dasturiy ta’minot bilan chegaralangan. Natijada sun’iy intellekt tizimining jismoniy platformalarda, jumladan, antropomorf robototexnika qurilmalari yoki boshqa avtonom texnik vositalar tarkibida namoyon bo‘ladigan shakllari huquqiy jihatdan alohida tartibga solinmagan. Shu bilan birga, “sun’iy intellekt”, “sun’iy intellekt texnologiyasi” va “sun’iy intellekt tizimi” tushunchalarining o‘zaro nisbati qonun darajasida emas, balki idoraviy normativ-huquqiy hujjat darajasida belgilanganligi mazkur sohadagi huquqiy tartibga solishni izchil takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

Xorijiy huquqiy tajriba ham ushbu yondashuvning dolzarbligini tasdiqlaydi. Jumladan, Yevropa parlamentining 2020-yil 20-oktabrdagi rezolyutsiyasida sun’iy intellekt, robototexnika va ular bilan bog‘liq texnologiyalar o‘zaro bog‘liq, biroq mustaqil huquqiy kategoriyalar sifatida ajratilgan. Unda dasturiy algoritmlar hamda jismoniy muhitda faoliyat yurituvchi robototexnika tizimlari turli huquqiy obyektlar sifatida talqin etilgan. Mazkur yondashuv javobgarlik doktrinasida ham o‘z aksini topgan. Xususan, G. Wagner avtonom tizimlar yetkazgan zarar uchun javobgarlikni taqsimlashda ishlab chiqaruvchi va operatorning huquqiy maqomini farqlash zarurligini asoslaydi, H. Sousa Antunes esa yuqori xavfli va oddiy sun’iy intellekt tizimlari uchun differensial javobgarlik rejimlarini qo‘llash masalasini tahlil qiladi.

Mazkur tahlil parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini huquqiy tartibga solishda faqat dasturiy komponentni nazarda tutish yetarli emasligini ko‘rsatadi. Shu sababli parlament huquqi nuqtayi nazaridan sun’iy intellekt tizimining huquqiy konstruksiyasi ikki komponentli yondashuv asosida shakllantirilishi lozim. Mazkur yondashuv sun’iy intellekt tizimini nafaqat intellektual (dasturiy) komponent, balki uning parlament faoliyatida qo‘llanilishini ta’minlaydigan institutsional-operatsion muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan yaxlit huquqiy konstruksiya sifatida baholash imkonini beradi.

Birinchi komponent – intellektual yadro bo‘lib, u algoritmlar, ma’lumotlar bazalari, mashinaviy o‘qitish modellari hamda qarorlarni qo‘llab-quvvatlovchi dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi. Mazkur komponent sun’iy intellekt tizimining funksional asosini tashkil etadi. Shu bois unga nisbatan axborot xavfsizligi, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik va texnik ishonchlilikka oid huquqiy talablar belgilanishi lozim.

Ikkinchi komponent – institutsional-operatsion muhit bo‘lib, u sun’iy intellekt tizimlarining parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llanilishini ta’minlaydigan tashkiliy, protsessual va texnologik elementlarni qamrab oladi. Mazkur komponent tarkibiga parlament subyektlari, texnik infratuzilma, sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish tartibi, inson nazorati, ma’lumotlar boshqaruvi hamda huquqiy javobgarlik mexanizmlari kiradi. Shu sababli ushbu komponentga nisbatan texnik xavfsizlik, ekspluatatsiya tartibi, axborot xavfsizligi, protsessual kafolatlar va javobgarlikka oid huquqiy normalar belgilanishi zarur.

Mazkur ikki komponent bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda faoliyat yuritadi. Intellektual yadro sun’iy intellekt tizimining funksional imkoniyatlarini ta’minlasa, institutsional-operatsion muhit uning parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qonuniy, hisobdor va inson nazorati asosida qo‘llanilishini ta’minlaydi.

Har ikkala komponent yagona tizim sifatida faoliyat yuritgan taqdirda, huquqiy javobgarlik ham ularning funksional ishtiroki va vakolatlari doirasiga mutanosib ravishda taqsimlanishi lozim. Shu bois parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning samarali huquqiy mexanizmini shakllantirish uchun “sun’iy intellekt”, “sun’iy intellekt texnologiyasi” va “sun’iy intellekt tizimi” tushunchalarining o‘zaro nisbatini qonun darajasida aniq belgilash, shuningdek, sun’iy intellekt tizimining huquqiy ta’rifini uning nafaqat dasturiy, balki jismoniy platformalarda namoyon bo‘ladigan shakllarini ham qamrab oladigan tarzda takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.

Parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishning odatiy ko‘rinishidan sifat jihatidan farq qiladi. Buning sababi shundaki, parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish xalq vakilligi, demokratik legitimlik hamda konstitutsiyaviy vakolatlarni amalga oshirish jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois parlamentda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash masalasi nafaqat texnologik, balki konstitutsiyaviy-huquqiy mazmunga ham ega.

Bu borada G. Struich ta’kidlaganidek, sun’iy intellekt texnologiyalarining parlament faoliyatiga kirib kelishi axborot oqimlari va tahliliy resurslarning taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Natijada tahliliy materiallarni shakllantiruvchi sun’iy intellekt tizimlari parlament kun tartibi va qarorlar tayyorlash jarayoniga bilvosita ta’sir etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, R. Rubio Nunez va M.A. Gonzalo Rozas ochiq parlament konsepsiyasi doirasida algoritmik xatolar, qarorlarni haddan tashqari avtomatlashtirish hamda ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xavflarni demokratik tamoyillar uchun potensial tahdid sifatida baholaydilar. Mualliflar inson nazorati va algoritmik shaffoflikni parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning asosiy huquqiy kafolatlari sifatida e’tirof etadilar.

Milliy normativ-huquqiy baza parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash bilan bog‘liq ayrim huquqiy xavflarni inobatga olgan. Xususan, Qonunchilik palatasi Kengashining 2026-yil 13-apreldagi 1941-V-son qarori bilan tasdiqlangan ish rejasida sun’iy intellekt ekspertizasining siyosiy fraksiyalar manfaatlariga yon bosmasligini ta’minlash, sun’iy intellekt yordamida tahlil qilingan qonun loyihalarini alohida belgilash hamda tizimning suveren ma’lumotlar bazasi doirasida faoliyat yuritishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, “Sun’iy intellektga asoslangan yechimlardan foydalanish etikasi qoidalari”da sun’iy intellekt tizimlari tomonidan shakllantirilgan natijalar tavsiyaviy xususiyatga ega ekani hamda yakuniy qaror inson tomonidan qabul qilinishi lozimligi belgilangan. Shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 7¹-moddasida (O‘RQ–1115-son Qonun tahriri) insonning huquq va erkinliklariga taalluqli yuridik ahamiyatga ega qarorlarni faqat sun’iy intellekt tizimi xulosalari asosida qabul qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun darajasida mustahkamlangan.

Shu bilan birga, mazkur huquqiy kafolatlar umumiy xarakterga ega bo‘lib, parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini to‘liq qamrab olmaydi. Xususan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda quyidagi masalalar aniq tartibga solinmagan:

– deputat sun’iy intellekt tizimi tayyorlagan tahliliy xulosaga asoslanib ovoz bergan taqdirda yakuniy irodaviy qarorning qaysi subyektga tegishli ekanligi;

– sun’iy intellekt tizimi xatosi oqibatida yuzaga keladigan huquqiy javobgarlikning qanday taqsimlanishi;

– parlament jarayonining qaysi bosqichlarida inson nazorati majburiy tarzda ta’minlanishi lozimligi.

Konstitutsiyaviy-huquqiy nuqtayi nazardan, parlament vakolatlarini amalga oshirishning irodaviy mazmuni har qanday texnologik vositachilik sharoitida ham xalq vakili zimmasida saqlanib qolishi lozim. Shu sababli parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy modeli insonning yakuniy qaror qabul qilish vakolati, shaxsiy huquqiy javobgarligi hamda parlament qarorlarining demokratik legitimligini kafolatlovchi maxsus huquqiy normalar bilan ta’minlanishi zarur.

Qiyosiy-huquqiy tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro yondashuvlar umumiy prinsip va tamoyillarga asoslangan bo‘lsa-da, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari milliy huquqiy tizimlarning o‘ziga xos xususiyatlariga qarab farqlanadi.

Xususan, Parlamentlararo ittifoq (IPU) hamda Vestminster demokratiya jamg‘armasi (WFD) tomonidan 2024-yilda ishlab chiqilgan Guidelines for AI in Parliaments hujjatida parlamentlarda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishga oid qirqta tavsiya oltita yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirilgan. Mazkur yo‘nalishlar etik tamoyillar, inson avtonomiyasi, maxfiylik va axborot xavfsizligi, boshqaruv va nazorat, tizimlarni loyihalash hamda institutsional salohiyatni rivojlantirish masalalarini qamrab oladi. Ushbu yondashuv Yevropa Ittifoqining Artificial Intelligence Act hujjatida belgilangan inson nazorati (human oversight), shaffoflik (transparency) va xavf darajasiga asoslangan (risk-based approach) huquqiy tartibga solish tamoyillari bilan hamohangdir.

Mazkur xalqaro hujjatlar parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishning aniq protsessual tartibini belgilamasa-da, qonun ijodkorligi, parlament nazorati, vakillik va axborot-tahliliy faoliyat kabi asosiy yo‘nalishlarda sun’iy intellekt tizimlaridan mas’uliyatli foydalanishning umumiy tashkiliy-huquqiy mezonlarini shakllantiradi.

Milliy parlamentlar tajribasi ham mazkur yondashuvning amaliy ahamiyatini tasdiqlaydi. Xususan, Malayziya parlamenti tajribasi sun’iy intellekt tizimlari faqat qonun ijodkorligi jarayonida emas, balki deputatlik so‘rovlarini ko‘rib chiqish, parlament nazoratini amalga oshirish hamda axborot-tahliliy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda ham samarali qo‘llanilishi mumkinligini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, Albaniya tajribasi parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini keng joriy etishdan avval tegishli huquqiy va institutsional asoslarni bosqichma-bosqich shakllantirish zarurligini tasdiqlaydi. Shunday qilib, qiyosiy-huquqiy tahlil sun’iy intellekt tizimlarini parlament faoliyatiga joriy etish va qo‘llash jarayoni izchil huquqiy tartibga solish hamda yetarli institutsional tayyorgarlik bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi lozimligini ko‘rsatadi.

Qiyosiy-huquqiy tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy maqbulligi va amaliy samaradorligi, avvalo, texnologik yechimlarning mavjudligi bilan emas, balki ularni qo‘llashning huquqiy asoslari, protsessual tartibi hamda institutsional kafolatlarining qay darajada shakllantirilganligi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy mandati faqat qonun ijodkorligi faoliyati bilan cheklanmasdan, parlament nazorati, axborot-tahliliy faoliyat hamda Oliy Majlisning boshqa konstitutsiyaviy vakolatlarini bosqichma-bosqich qamrab olishi maqsadga muvofiq. Bunda har bir yangi qo‘llash sohasi uchun huquqiy asoslar, protsessual tartib-taomillar, inson nazorati mexanizmlari va javobgarlik choralari normativ-huquqiy jihatdan aniq belgilanishi lozim.

Mandatni kengaytirish ikki asosiy yo‘nalishda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Predmet jihatidan u parlamentning konstitutsiyaviy vakolatlarini bosqichma-bosqich qamrab olishi, subyekt jihatidan esa sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy asoslarini Oliy Majlisning har ikkala palatasi faoliyatiga izchil tatbiq etishni nazarda tutishi lozim.

Mazkur yondashuv xalqaro tajribani milliy parlament huquqi tizimiga moslashtirish, sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy legitimligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, shuningdek, ushbu tadqiqotda taklif etilayotgan tashkiliy-huquqiy modelni amaliyotga tatbiq etish uchun zarur normativ-huquqiy asoslarni shakllantirish imkonini beradi.

O‘tkazilgan tadqiqot parlament vakolatlarini amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish zaruratini asoslaydi hamda quyidagi ilmiy xulosalarni shakllantirish imkonini beradi.

Birinchidan, O‘zbekistonda parlament faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha izchil normativ zanjir shakllangan bo‘lsa-da, uning amaldagi mazmuni, asosan, tashkiliy va institutsional tayyorgarlikni ta’minlashga qaratilgan. Mazkur hujjatlar sun’iy intellekt texnologiyalarini parlament faoliyatiga joriy etishning tashkiliy mexanizmlarini belgilaydi, biroq sun’iy intellekt tizimlarini parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayonida qo‘llashning huquqiy shartlari, protsessual tartibi va javobgarlik mexanizmlarini kompleks tartibga solmaydi. Shu bois parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy modeli besh asosiy elementni qamrab olishi lozim: huquqiy mandat, protsessual tartib, inson nazorati, javobgarlik mexanizmi va ma’lumotlar boshqaruvi. Mazkur elementlarning o‘zaro uyg‘unligi sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy legitimligi, shaffofligi va institutsional hisobdorligini ta’minlovchi yaxlit tashkiliy-huquqiy konstruksiyani shakllantiradi.

Shuningdek, parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish ularning parlament vakolatlarini amalga oshirish jarayoniga ta’sir darajasiga qarab axborot-ma’lumotnoma, tahliliy, ekspertlik va qaror qabul qilishga ta’sir etuvchi darajalarga tabaqalashtirilishi maqsadga muvofiq. Har bir daraja uchun inson nazorati, protsessual kafolatlar, javobgarlik va auditga oid alohida huquqiy talablar belgilanishi, sun’iy intellekt tizimlarining davriy huquqiy va texnik auditi yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bunda parlament vakolatlarining irodaviy mazmuni hamda yakuniy qaror qabul qilish vakolati har qanday texnologik vositachilik sharoitida ham xalq vakili zimmasida saqlanib qolishi konstitutsiyaviy-huquqiy kafolat sifatida mustahkamlanishi zarur.

Ikkinchidan, parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashni huquqiy tartibga solish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Shu munosabat bilan tadqiqotda uch pog‘onali normalashtirish modeli taklif etildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda parlament palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori orqali sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning umumiy tamoyillari va institutsional kafolatlari belgilanadi; ikkinchi bosqichda har bir palata o‘z vakolatlarining xususiyatidan kelib chiqib, sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashga oid protsessual tartib-taomillarni aniqlashtiradi; uchinchi bosqichda esa to‘plangan amaliy tajriba va pilot loyihalar natijalari asosida qonun darajasida barqaror huquqiy tartibga solish mexanizmi shakllantiriladi. Ushbu bosqichda “sun’iy intellekt”, “sun’iy intellekt texnologiyasi” va “sun’iy intellekt tizimi” tushunchalarining o‘zaro nisbatini qonun darajasida aniqlashtirish, shuningdek, sun’iy intellekt tizimining huquqiy ta’rifini intellektual yadro va jismoniy (operatsion) platformani qamrab oluvchi ikki komponentli konstruksiya asosida takomillashtirish maqsadga muvofiq.

Taklif etilgan model pilot loyihalarni amalga oshirish, ularning huquqiy va amaliy natijalarini baholash hamda samaradorligi tasdiqlangan yechimlarni normativ-huquqiy jihatdan mustahkamlash o‘rtasida izchil bog‘liqlikni ta’minlaydi. Bunday yondashuv texnologik rivojlanish sur’ati bilan huquqiy tartibga solishning barqarorligi o‘rtasida zarur mutanosiblikni saqlash imkonini beradi. Xalqaro tajriba ham sun’iy intellektni huquqiy tartibga solishda bosqichma-bosqich va moslashuvchan yondashuv muhimligini ko‘rsatadi.

Uchinchidan, qiyosiy-huquqiy tahlil natijalari parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash sohasi qonun ijodkorligi bilan cheklanmasdan, parlament nazorati, axborot-tahliliy faoliyat va vakillik funksiyalarini ham qamrab olishini ko‘rsatdi. Shu bois O‘zbekistonda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash mandatini predmet jihatidan Oliy Majlisning asosiy konstitutsiyaviy vakolatlariga, subyekt jihatidan esa uning har ikkala palatasi faoliyatiga bosqichma-bosqich kengaytirish maqsadga muvofiq.

Taklif etilgan konseptual yondashuv parlament huquqi doirasida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini tizimli tushuntirish va rivojlantirish uchun nazariy-metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur yondashuv parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashga oid normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish hamda parlament faoliyatini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Kelgusidagi tadqiqotlarda parlament vakolatlarining alohida turlari bo‘yicha sun’iy intellekt tizimlari ishtirokining maqbul chegaralarini aniqlash, ularni huquqiy xavf darajasiga ko‘ra tabaqalashtirish mezonlarini ishlab chiqish hamda parlament faoliyatida sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llashning huquqiy auditi metodologiyasini shakllantirish maqsadga muvofiq.

Muhammadov Zafar Suyunovich,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti Strategik rejalashtirish va
yig‘ma axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i