
Jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti tarixi shuni ko‘rsatadiki, davlatlarning iqtisodiy qudrati tabiiy resurslar yoki geografik imkoniyatlar bilan emas, avvalo, kapitalni jalb qilish va uni samarali boshqarish qobiliyati bilan belgilanadi. Tabiiy boyliklar muhim omil, albatta. Ammo XXI asrning ikkinchi choragiga kelib, iqtisodiy raqobatning mazmuni tubdan o‘zgardi. Bugun mamlakatlar neft, gaz yoki oltin uchun emas, balki investitsiya, texnologiya, innovatsiya va inson kapitali uchun raqobatlashmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Beshinchi xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy makondagi o‘rni va kelajak taraqqiyot strategiyasini namoyon eta olgan muhim voqea sifatida qadrlidir.
Ko‘pincha investitsiya forumlari haqida so‘z ketganda, odatdagidek, e’tibor markazida imzolangan bitimlar hajmi turadi. Milliardlab dollarlik kelishuvlar, o‘nlab mamlakatlardan tashrif buyurgan delegatsiyalar, yuzlab investorlar va biznes vakillari ishtirok etgani haqidagi ma’lumotlar ko‘pchilik uchun asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Aslida-chi?
Avvalo, iqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, forumning haqiqiy ahamiyati boshqa mezon bilan o‘lchanadi. Ya’ni bu anjuman mamlakatimiz iqtisodiyotining sifat jihatidan o‘zgarishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Aynan ushbu savolga javob izlash forum mohiyatini anglash imkonini beradi.
So‘nggi yillarda jahon iqtisodiyotida kapital harakatining tabiati sezilarli darajada o‘zgardi. Investorlar bugun nafaqat soliq imtiyozlari yoki arzon ishchi kuchiga, balki siyosiy barqarorlik, huquqiy kafolatlar, bozor sig‘imi, infratuzilma holati, davlat boshqaruvi sifati va kadrlar salohiyati kabi omillarga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Shu bois investitsiyalar uchun raqobat mamlakatlar o‘rtasidagi eng keskin raqobat shakllaridan biriga aylandi.
Bunday sharoitda yurtimizning xalqaro investitsiya xaritasidagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlanayotgani tasodif emas. Keyingi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar, tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayishi, xususiy sektor rolining ortishi hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan choralar xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi. Toshkent forumi aynan shu jarayonning mantiqiy natijasi bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz.
To‘g‘ri, forum haqidagi raqamlar ta’sirli ko‘rinishi mumkin. Biroq uning asosiy ahamiyati statistikada emas, balki O‘zbekiston haqidagi xalqaro iqtisodiy tasavvurning o‘zgarib borayotganidadir.
Yaqin yillargacha mamlakatimiz xorijiy investorlar tomonidan istiqbolli, ammo ehtiyotkorlik bilan kuzatiladigan bozor sifatida qabul qilinar edi. Bugun esa O‘zbekiston Markaziy Osiyoning investitsiya va iqtisodiy faollik markazlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Bu o‘zgarishning bir nechta obyektiv sabablari bor. Avvalo, mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlar yangi mazmun bilan boyidi. Tashqi iqtisodiy siyosat pragmatik xususiyat kasb etdi. Eng muhimi, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi va tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va iqtisodiy hamkorlikning yangi muhiti shakllandi. Natijada investor uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan omil – ISHONCh paydo bo‘ldi.
Iqtisodiyotda ishonch puldan ham qimmatroq resurs hisoblanadi. Sarmoyador har doim eng yuqori daromad keltiradigan mamlakatni emas, balki o‘z mablag‘ining xavfsizligi ta’minlangan davlatni tanlaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, forumda xalqaro moliya institutlari, suveren investitsiya fondlari va transmilliy korporatsiyalar ishtirokining kengayishi yurtimizga nisbatan ishonchning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Forum materiallarini tahlil qilganda yana bir muhim jihat ko‘zga tashlanadi. Agar avvalgi bosqichlarda xorijiy investitsiyalar asosan xomashyo resurslarini o‘zlashtirish yoki an’anaviy infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bu safar muhokama qilingan tashabbuslarning katta qismi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarga tegishli bo‘ldi.
Energetika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, transport yo‘laklari, innovatsion sanoat, yashil iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar forum kun tartibining markazida bo‘ldi. Bu esa iqtisodiyotimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Chunki iqtisodiy o‘sishning dastlabki bosqichida investitsiyalar hajmi muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, keyingi bosqichda investitsiyalar sifati hal qiluvchi omilga aylanadi. Ya’ni mamlakat uchun har qanday sarmoya emas, balki yangi texnologiyalar, yangi bilimlar va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini olib keluvchi sarmoya muhim hisoblanadi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining eng muhim xususiyati ham aynan shunda.
Forum mamlakatimizga mablag‘ jalb qilish masalasidan ko‘ra kengroq vazifani hal qildi. U O‘zbekistonning kelajak iqtisodiy modeli qanday bo‘lishi haqidagi tasavvurni namoyon qildi.
Muhimi, muhokama qilingan loyihalarning aksariyati faqat ichki bozor ehtiyojlari bilan cheklanmaydi. Ularning ko‘pchiligi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xizmat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa mamlakatimizning iqtisodiy funksiyasi o‘zgarib borayotganini anglatadi.
Mamlakatimiz asta-sekin iste’mol bozoridan mintaqaviy iqtisodiy xabga aylanish bosqichiga kirmoqda. Bu esa har qanday davlatga ham nasib etavermaydigan tarixiy imkoniyatdir.
O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy markaz sifatida shakllanishida energetika, logistika va raqamli iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, forum doirasida muhokama qilingan loyihalarning katta qismi mamlakatimizning uzoq muddatli iqtisodiy raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, energetika sohasi forum kun tartibining markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Bu bejiz emas. Chunki iqtisodiy o‘sishning barqarorligi, avvalo, energiya ta’minotining barqarorligiga bog‘liq. So‘nggi yillarda iqtisodiyot, sanoat ishlab chiqarish va aholi ehtiyojlarining o‘sishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Shu bois yangi generatsiya quvvatlarini yaratish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Forum materiallaridan ko‘rinib turibdiki, xalqaro investorlarning qiziqishi ham aynan shu sohalarga qaratilmoqda. Buning sababi oddiy: energiya ta’minoti mustahkam bo‘lmagan iqtisodiyot yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlay olmaydi. Energetika bugun alohida tarmoq emas, balki butun iqtisodiyotning tayanch infratuzilmasidir. Sanoatning rivojlanishi ham, raqamli iqtisodiyotning kengayishi ham, xorijiy investitsiyalarning oqimi ham energiya resurslarining yetarliligi bilan uzviy bog‘liq.
Ayniqsa, forumda yashil iqtisodiyot va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga alohida e’tibor qaratilgani muhim ahamiyatga ega. Dunyo iqtisodiyotida dekarbonizatsiya jarayonlari kuchayib borayotgan bir sharoitda ekologik barqaror energetika tizimini shakllantirish nafaqat iqtisodiy, balki strategik vazifaga aylanmoqda. Bu yerda muhim jihat shundaki, xalqaro investorlar energetika sohasiga qisqa muddatli loyiha sifatida emas, balki o‘nlab yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli sarmoya sifatida qaramoqda. Demak, mazkur sohadagi investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotining kelajagiga bo‘lgan ishonchning ham ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Forumning yana bir strategik ahamiyatga ega yo‘nalishi transport va logistika sohasi bilan bog‘liq. Geografik joylashuvimiz bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham chaqiriq hisoblanadi. Mamlakatimiz dengiz portlaridan uzoqda joylashgan bo‘lsa-da, Yevroosiyo qit’asidagi o‘rni unga muhim tranzit va logistika markaziga aylanish imkonini beradi. Bugun jahonda raqobat faqat mahsulotlar o‘rtasida emas, balki logistika tizimlari o‘rtasida ham kechmoqda. Qaysi mamlakat tashqi bozorlarga tezroq, arzonroq va ishonchliroq chiqish imkonini yaratsa, o‘sha mamlakat investitsiyalar uchun jozibadorroq bo‘ladi.
Shu nuqtayi nazardan forumda transport yo‘laklari, temir yo‘l infratuzilmasi, logistika markazlari va mintaqaviy transport aloqalarini kengaytirish bo‘yicha muhokama qilingan tashabbuslar strategik ahamiyatga ega. Chunki har qanday sanoat loyihasining raqobatbardoshligi faqat ishlab chiqarish xarajatlari bilan emas, balki mahsulotni tashqi bozorlarga yetkazib berish xarajatlari bilan ham belgilanadi.
Agar mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi muhim transport tuguniga aylansa, bu faqat tranzit xizmatlaridan daromad olish imkonini emas, balki eksport salohiyatini kengaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va investorlar uchun yanada qulay muhit yaratish imkonini ham beradi.
Forumda muhokama qilingan yana bir muhim masala — raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikdir. So‘nggi yillarda jahon iqtisodiyotida qo‘shilgan qiymat yaratishning asosiy manbai tobora ko‘proq bilim va texnologiyalarga ko‘chmoqda. Agar XX asrda iqtisodiy qudrat asosan sanoat resurslari bilan belgilangan bo‘lsa, XXI asrda raqobatbardoshlik bilim, ma’lumot va innovatsiyalar bilan belgilanmoqda.
Shu sababli forumda sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, raqamli infratuzilma, fintex va innovatsion xizmatlar sohasiga qaratilgan e’tiborni oddiy holat sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotining yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, mazkur sohalarga jalb qilinayotgan investitsiyalar nafaqat yangi obyektlar qurishga, balki inson kapitali rivojiga ham xizmat qiladi. Zero, raqamli iqtisodiyotning asosiy boyligi binolar yoki uskunalar emas, balki yuqori malakali kadrlardir. Kelajakda mamlakat raqobatbardoshligi qancha dasturchi, muhandis, tadqiqotchi va innovatsion tadbirkor yetishib chiqishi bilan belgilanadi.
Shu ma’noda forumda muhokama qilingan raqamli loyihalarning haqiqiy samarasi investitsiya hajmida emas, balki inson kapitali sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa iqtisodiy o‘sishning eng barqaror va uzoq muddatli manbai hisoblanadi.
Biroq har qanday investitsiya forumining muvaffaqiyati uning o‘tkazilgan kuni yoki imzolangan bitimlar soni bilan emas, balki erishilgan kelishuvlarning hayotga qay darajada tatbiq etilishi bilan baholanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining asosiy sinovi hali oldinda. Investitsiya sohasida bir muhim haqiqat bor: memorandum iqtisodiy natija emas. Kelishuv ham iqtisodiy natija emas. Iqtisodiy natija faqat loyiha ishga tushib, mahsulot ishlab chiqarishni boshlagan, xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan, eksport hajmi oshgan va yangi ish o‘rinlari yaratilgan paytda paydo bo‘ladi. Shuning uchun har qanday forumning haqiqiy samarasi vaqt sinovidan o‘tadi.
Bugun imzolangan hujjatlar ertaga qurilish maydonlariga aylanishi kerak. Qurilish maydonlari yangi korxonalarga aylanishi lozim. Korxonalar esa qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlar ishlab chiqarishi, eksportni ko‘paytirishi va aholi daromadlarini oshirishi kerak. Ana shundagina investitsiya iqtisodiy o‘sish omiliga aylanadi. Bu jarayonda davlat boshqaruvi sifati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ko‘pincha investitsiyalarni jalb qilish masalasiga katta e’tibor qaratiladi. Vaholanki, investitsiyalarni kuzatib borish, loyihalarni muvofiqlashtirish va investorlar bilan ishlash tizimi undan ham muhim ahamiyatga ega. Chunki investorni mamlakatga olib kelish jarayonning yarmi, xolos. Uni loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishgacha kuzatib borish ikkinchi va ko‘p hollarda murakkabroq bosqich hisoblanadi. Ayniqsa, bugungi global iqtisodiy sharoitda mazkur vazifaning ahamiyati yanada ortmoqda.
Jahon iqtisodiyoti yuqori noaniqlik davriga kirmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaymoqda. Savdo cheklovlari va tarif to‘siqlari ko‘paymoqda. Ta’minot zanjirlari qayta shakllanmoqda. Kapital harakati avvalgiga nisbatan ehtiyotkor tus olmoqda. Bunday sharoitda investitsiyalar uchun raqobat yanada keskinlashadi. Shu sababli forumda erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Mazkur jarayonda O‘zbekistonning muhim ustunliklari ham mavjud.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda shakllangan yangi investitsiya muhiti xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikning kengayishi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining rivojlanishi, xususiy sektor rolining ortishi va iqtisodiyotning ochiqligi investorlar uchun muhim signal bo‘lib xizmat qilmoqda. Buning mazmuni aniq: O‘zbekiston global iqtisodiyot bilan integratsiyalashuvning yangi bosqichiga kirdi!
Iqtisodiy tarix tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yuqori o‘sish sur’atlariga erishgan mamlakatlarning deyarli barchasi tashqi kapital, tashqi texnologiya va tashqi bozorlar bilan faol hamkorlik qilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur va Xitoy kabi davlatlarning taraqqiyot tarixi bu fikrni tasdiqlaydi. Hech bir mamlakat faqat ichki resurslar hisobidan yuqori iqtisodiy rivojlanish darajasiga erisha olmagan. Shu ma’noda Toshkent forumi mamlakatimizning jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyalashuv jarayonidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi.
Forum materiallari yana bir muhim tendensiyani ko‘rsatmoqda. Avvalgi yillarda investorlarning asosiy qiziqishi energetika, xomashyo va infratuzilma sohalariga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ishlab chiqarish, qayta ishlash sanoati, yuqori texnologiyalar va xizmatlar sohasiga qiziqish sezilarli darajada ortmoqda. Bu iqtisodiyotning tarkibiy jihatdan o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi. Iqtisodiy rivojlanishning asosiy mezonlaridan biri ham aynan shu hisoblanadi. Chunki boylik resurslar hajmi bilan emas, qo‘shilgan qiymat darajasi bilan o‘lchanadi.
Masalan, paxta xomashyosi ma’lum bir qiymat yaratadi. Uni qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan mahsulot esa bir necha barobar ko‘proq qiymat yaratadi. Tayyor sanoat mahsuloti esa yanada yuqori iqtisodiy samara beradi. Forum doirasida muhokama qilingan ko‘plab loyihalar aynan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini chuqurlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu mamlakatimizning faqat resurs yetkazib beruvchi emas, balki yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotga aylanish maqsadini ko‘rsatadi. Natijada eksport tarkibi diversifikatsiyalanadi, tashqi bozorlarga qaramlik kamayadi va milliy iqtisodiyotning tashqi shoklarga bardoshliligi ortadi.
Forumning ijtimoiy ahamiyati ham kam emas. Chunki har qanday investitsiyaning yakuniy maqsadi inson farovonligini ta’minlashdan iborat. Investitsiyalar yangi korxonalarni barpo etadi. Yangi korxonalar ish o‘rinlari yaratadi. Ish o‘rinlari aholi daromadlarini oshiradi. Daromadlarning ortishi ichki talabni kengaytiradi. Ichki talab esa iqtisodiy faollikning o‘sishiga xizmat qiladi. Shunday qilib, investitsiya iqtisodiyotning barcha bo‘g‘inlari bo‘ylab multiplikativ ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir nafaqat yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarida, balki aholining kundalik hayotida ham namoyon bo‘ladi. Aslida, forumning eng muhim natijalarini aynan shu nuqtayi nazardan baholash lozim. Chunki iqtisodiy siyosatning pirovard maqsadi statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash emas, balki inson kapitalini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirishdan iborat.
Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyatini baholashda faqat imzolangan bitimlar hajmi yoki ishtirokchilar soniga tayanib xulosa chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday yirik anjumanlarning haqiqiy qiymati ular mamlakat iqtisodiyotining qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganini qanchalik aniq namoyon qilib berishi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi iqtisodiyotimiz uchun muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin.
Forum mamlakatimizning bugungi iqtisodiy holatini emas, balki ertangi iqtisodiy qiyofasini namoyon qildi. Unda muhokama qilingan tashabbuslar va kelishuvlarning aksariyati bir yoki ikki yillik emas, balki o‘n yilliklar davomida samara berishi mumkin bo‘lgan strategik yo‘nalishlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Energetikadan tortib, raqamli iqtisodiyotgacha, logistikadan tortib, sun’iy intellektgacha, sanoat kooperatsiyasidan tortib, yashil iqtisodiyotgacha bo‘lgan sohalar forum kun tartibining markazida bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab olinganini ko‘rsatadi.
Oddiy haqiqat shu: ushbu nufuzli forumning eng katta natijasi milliardlab dollarlik kelishuvlarda emas. Asosiy natija yurtimiz haqidagi xalqaro iqtisodiy tasavvurning o‘zgarganida! So‘nggi yillarda mamlakatimizga nisbatan shakllanayotgan munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bugun O‘zbekiston xorijiy sarmoyaga ehtiyoj sezayotgan bozor sifatida emas, balki global kapital uchun istiqbolli hamkor sifatida qabul qilinmoqda. Bu farq juda muhim. Chunki sarmoya ehtiyojni emas, imkoniyatni qidiradi. Kapital xavf yuqori bo‘lgan joyga emas, kelajak aniq ko‘rinadigan makonga intiladi.
Toshkent forumi ana shu nuqtayi nazardan xalqaro hamjamiyatning iqtisodiyotimizga nisbatan qarashlari o‘zgarib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Iqtisodiy taraqqiyot tarixida shunday voqealar bo‘ladiki, ularning ahamiyatini o‘sha kunning o‘zida baholash qiyin bo‘ladi. Ularning haqiqiy qiymati yillar o‘tib namoyon bo‘ladi. Bizningcha, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ana shunday voqealardan biridir. Chunki mazkur tadbir nafaqat investitsiya jalb qilish maydoni, balki Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy kelajagi qanday bo‘lishi haqidagi xalqaro muloqot platformasiga aylandi.
Eng muhimi, bu muloqotda O‘zbekiston tashabbus ko‘rsatuvchi tomon sifatida ishtirok etmoqda. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichga kirganidan dalolat beradi. XXI asr iqtisodiyotida boylik yerosti boyliklari bilan emas, institutlar sifati, inson kapitali, texnologiyalar va ishonch muhiti bilan yaratiladi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi aynan shu ishonch muhiti shakllanayotganining xalqaro e’tirofi bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, forumning muhim jihati shuki, O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy nufuzi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidir. Bugun mamlakatimiz xorijiy sarmoyaga muhtoj davlat sifatida emas, balki global kapital uchun istiqbolli hamkor sifatida qabul qilinmoqda. Bu esa har qanday bitimdan qimmatroq kapital – ishonch kapitali demakdir. Bu ishonch keyingi yillarda izchil islohotlar, samarali davlat boshqaruvi, xususiy mulk daxlsizligi va investitsiya loyihalarining yuqori ijro intizomi bilan mustahkamlansa, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi tarixga Yangi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining yangi davrini boshlab bergan burilish nuqtasi sifatida kiradi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: “XXI asr” gazetasining 2026-yil 25-iyun, 25 (1179) -soni