Ortga qaytish Chop etish

Ipoteka mexanizmlarida bozor tamoyillari

Xalqimiz tafakkurida uy-joy masalasi oddiy maishiy ehtiyoj emas, balki inson qadri, oila barqarorligi va ijtimoiy farovonlik bilan chambarchas bogʻliq qadriyat sifatida shakllangan.

Xalqimiz tafakkurida uy-joy masalasi oddiy maishiy ehtiyoj emas, balki inson qadri, oila barqarorligi va ijtimoiy farovonlik bilan chambarchas bogʻliq qadriyat sifatida shakllangan. Uyli-joyli boʻlish — farovon hayotning poydevori, degan qarash avloddan-avlodga oʻtib kelayotgani bejiz emas. Chunki oʻz uyiga ega boʻlgan inson kelajakka ishonch bilan qaraydi, mehnat qilishga intiladi, jamiyat hayotida faol ishtirok etadi. Shu maʼnoda, aholini munosib uy-joy bilan taʼminlash har qanday davlat uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan ijtimoiy vazifadir.

Soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aynan shu masalaga alohida eʼtibor qaratilayotgani davlat siyosatining insonparvar va uzoqni koʻzlagan xarakterini koʻrsatadi. Uy-joy siyosati endilikda faqat qurilish hajmlari yoki kvadrat metrlar bilan oʻlchanmay, balki aholining real xarid qobiliyati, daromad darajasi va moliyaviy barqarorligi bilan uygʻun holda shakllantirilmoqda. Bunday yondashuv uy-joy bozorini sunʼiy ragʻbatlar emas, balki bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga qaratilgan.

Bugun ipoteka kreditlari boʻyicha taklif etilayotgan moliyaviy xizmatlar ayni shu jarayonlarning bir qismidir. Bu turdagi kreditlar koʻp hollarda faqat bank mahsuloti sifatida qabul qilinadi. Aslida esa u iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat va moliya tizimini oʻzaro bogʻlab turadigan murakkab mexanizmdir. U orqali bir vaqtning oʻzida bir nechta strategik maqsadlarga erishiladi. Yaʼni, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji qondiriladi, qurilish sohasida iqtisodiy faollik oshadi, bank tizimida uzoq muddatli resurslar aylanmasi shakllanadi va ichki bozorda talab ragʻbatlantiriladi.

Bu islohotlarining ijtimoiy yoʻnalishida, ayniqsa, yosh oilalar alohida oʻrin tutadi. Mustaqil hayotni boshlash, oʻz uyiga ega boʻlish yoshlar uchun nafaqat moddiy, balki maʼnaviy ahamiyatga ega. Uy-joy masalasidagi aniq yechimlar ularning kelajakka ishonchini oshiradi, mehnat bozorida faolroq boʻlishga undaydi.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining yoshlar bilan boʻlib oʻtgan muloqotida yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari boʻyicha 14 foizdan oshgan foiz yukini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha bildirilgan tashabbus koʻpchilikni toʻlqinlantirib yuborgani boisi shunda. Endigina katta hayot ostonasiga qadam qoʻygan yosh oilalar uchun bu katta qoʻllab-quvvatlov, muhim moliyaviy koʻmak, kelajakka boʻlgan ishonch belgisi ekanini har birimiz chuqur his etdik.

Yosh oilalar uchun foiz xarajatlarining bir qismi byudjetdan qoplab berilishi, ularning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligiga xizmat qiladi. Chunki ipoteka kreditining dastlabki yillarida asosiy yuk aynan foiz toʻlovlariga toʻgʻri keladi. Davlat tomonidan ana shu davrda koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash ularning daromadlarini bolalar tarbiyasi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirish imkonini kengaytiradi.

Ipoteka orqali yosh oilalar uchun uy-joyga kirish imkoniyati yaratilishi demografik barqarorlikka ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki oilaviy sharoit barqaror boʻlgan joyda farzand tarbiyasi uchun ham munosib muhit shakllanadi. Shu jihatdan, ipoteka islohotlariga ijtimoiy siyosatning keng qamrovli vositasi sifatida qarash mumkin.

Mazkur mexanizmni takomillashtirish masalasi esa alohida sohaviy qaror emas, balki iqtisodiyotning umumiy oʻsish modeli bilan bogʻliq tizimli islohot hisoblanadi. Ayniqsa, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka tizimi aholining moliyaviy intizomini oshirish, banklar uchun xavflarni oqilona boshqarish va davlat byudjeti yukini muvozanatli taqsimlash imkonini beradi.

Bir qismi davlat byudjetidan qoplanadi

Prezidentimizning tegishli farmonlari va Davlat dasturlarida ipoteka mexanizmlarini takomillashtirish alohida ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyilgani davlat siyosatining yangi yondashuvini aks ettiradi. Bu yondashuvning mohiyati shundaki, uy-joy siyosati endilikda maʼmuriy taqsimot yoki cheklangan imtiyozlar orqali emas, balki bozor qonunlari, shaffof moliyalashtirish va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi.

Bu yerda davlatning roli ham oʻzgarmoqda. Davlat toʻgʻridan-toʻgʻri uy-joy taqsimlovchi subyekt emas, balki ipoteka bozorini rivojlantiruvchi, uni tartibga soluvchi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun moliyaviy mexanizmlar yaratuvchi institut sifatida namoyon boʻlmoqda. Bunday model uzoq muddatli istiqbolda barqaror va samarali hisoblanadi.

Yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ipoteka islohotlari aynan shu tamoyillarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan. Ular aholining turli qatlamlari uchun uy-joyga ega boʻlish imkoniyatlarini kengaytirish, ayniqsa oʻrta daromadli va yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatda ijtimoiy muvozanatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa ipoteka bozorida real talab va taklif muvozanatini shakllantirish imkonini beradi. Aholi uy-joy xarid qilishda oʻz moliyaviy imkoniyatlarini aniq baholaydi, banklar esa kredit xavflarini iqtisodiy hisob-kitoblar asosida boshqaradi.

Mamlakatimizda 2026-yil uchun jami 23 trillion soʻm ipoteka kreditlari ajratilishi rejalashtirilgani davlatning mazkur sohani iqtisodiy oʻsish drayveri sifatida koʻrayotganini yaqqol namoyon etadi. Bu raqam ipoteka bozorida nafaqat ijtimoiy, balki makroiqtisodiy ahamiyatga ega jarayon kechayotganini koʻrsatadi. Mazkur mablagʻlarning turli manbalar hisobidan shakllantirilgani islohotlarning eng muhim jihatlaridan biridir. Davlat byudjeti, tijorat banklari resurslari va maxsus moliyaviy institutlar ishtirokining uygʻunlashuvi ipoteka tizimini bir manbaga bogʻlab qoʻymaslik, yaʼni uni diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

23 trillion soʻmlik ipoteka resurslarining 12,2 trillion soʻmi davlat byudjeti hisobidan ajratilishi davlatning ijtimoiy funksiyasi saqlanib qolganini anglatadi. Bu mablagʻlar, avvalo, aholining moliyaviy imkoniyatlari cheklangan qatlamlari uchun ipotekaga kirish imkonini yaratishga xizmat qiladi. Biroq bu yerda muhim jihat shundaki, davlat mablagʻlari toʻgʻridan-toʻgʻri uy-joy taqsimlashga emas, balki bozor mexanizmlarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmoqda. Davlat subsidiyalari, foiz xarajatlarini qisman qoplash va boshlangʻich badal yukini yengillashtirish orqali ipoteka bozorida ijtimoiy muvozanat taʼminlanyapti.

Ipoteka kreditlarini moliyalashtirishda 7,8 trillion soʻm bank resurslarining jalb etilishi tijorat banklarining mazkur jarayonda faol ishtirok etayotganini koʻrsatadi. Bu holat ipoteka bozorida bozor intizomini mustahkamlaydi. Chunki banklar oʻz mablagʻlarini kreditlashda xavflarni chuqur tahlil qiladi, qarz oluvchining toʻlov qobiliyatini baholaydi va moliyaviy masʼuliyatni oshiradi. Banklar ishtirokining kengayishi ipoteka mahsulotlarining raqobatbardoshligini ham oshiradi. Turli banklar tomonidan taklif etiladigan shartlar, foiz stavkalari va xizmat sifati aholi uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa ipoteka bozorining sogʻlom rivojlanishiga xizmat qiladi.

Real bozor narxlariga moslashuv

Ipoteka tizimida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ orqali 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi bozorda uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan muhim institutsional yechimdir. Qayta moliyalashtirish mexanizmi banklarga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berishda likvidlik xavfini kamaytirish imkonini beradi. Bu mexanizm orqali ipoteka kreditlari ikkilamchi bozorda aylanadi, banklar esa oʻz balansini samarali boshqarish imkoniyatiga ega boʻladi. Natijada, ipoteka bozori qisqa muddatli resurslarga bogʻlanib qolmasdan uzoq muddatli investitsiya modeli asosida ishlay boshlaydi.

Ipoteka kreditlari boʻyicha bir kvartira uchun ajratiladigan mablagʻlarning Toshkent shahrida 480 million soʻmga, hududlarda esa 380 million soʻmgacha oshirilishi bozor konyunkturasini inobatga olgan holda qabul qilingan qarordir. Chunki soʻnggi yillarda qurilish materiallari narxi va ishchi kuchi qiymati sezilarli darajada oʻzgardi. Limitlarni oshirish orqali ipoteka tizimi real bozor narxlariga moslashtirildi. Bu aholining formal ravishda ipoteka olish huquqiga ega boʻlib, amalda uy-joy xarid qila olmaslik kabi holatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, kredit limitlarining hududlar kesimida farqlanishi hududiy iqtisodiy xususiyatlarni hisobga olishga qaratilgan.

Ipoteka kreditlari boʻyicha 2,7 trillion soʻm subsidiya ajratilishi esa davlatning bozor mexanizmlarini buzmasdan ijtimoiy maqsadlarga erishishga urinayotganini koʻrsatadi. Subsidiyalar ipoteka kreditlarining asosiy qismini emas, balki boshlangʻich badal va foiz xarajatlarini qisman qoplashga yoʻnaltiriladi. Bu yondashuv aholini bozor intizomiga oʻrgatadi. Uy-joy toʻliq bepul berilmaydi, ammo davlat moliyaviy yukni yengillashtirib, ipotekaga kirish imkonini yaratadi. Natijada, ijtimoiy himoya va iqtisodiy samaradorlik oʻrtasida muvozanat taʼminlanadi.

Ipoteka kreditlari hajmining oshishi ichki bozorda talabni ragʻbatlantirishda muhim omil hisoblanadi. Uy-joy xaridi bilan bogʻliq ravishda maishiy texnika, mebel, qurilish materiallari va xizmatlar bozorida ham faollik ortadi. Bu iqtisodiyotda multiplikativ samarani yuzaga keltiradi. Ipoteka orqali yaratilgan har bir uy-joy esa faqat bir oila uchun yashash makoni emas, balki iqtisodiy faollikni oshiradigan nuqtaga aylanadi. Shu maʼnoda, ipoteka islohotlari ichki bozorni qoʻllab-quvvatlashning tizimli vositasi sifatida namoyon boʻlmoqda.

73 mingdan ortiq oila uy-joyli boʻladi

Iqtisodiy raqamlar va moliyalashtirish mexanizmlari qanchalik mukammal boʻlmasin, har qanday islohotning haqiqiy bahosi uning inson hayotiga qay darajada taʼsir koʻrsatayotgani bilan oʻlchanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ipoteka tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar aholining turli qatlamlari uchun aniq ijtimoiy imkoniyatlar yaratayotgani, turmush sifatida sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻlayotgani bilan alohida ahamiyatli.

2026-yil uchun rejalashtirilgan ipoteka kreditlari hisobiga 73 mingdan ziyod oilani uy-joy bilan taʼminlash koʻzda tutilgani bu shunchaki statistik koʻrsatkich emas. Mazkur raqam ortida 73 mingta alohida taqdir, 73 mingta oilaviy barqarorlik, 73 mingta bolalar uchun munosib yashash muhiti mavjud. Oʻz uyiga ega boʻlgan oila ijaraga bogʻliqlikdan chiqadi, kelajak rejalarini aniqroq tuzish imkoniga ega boʻladi. Bu oilaviy muhitda psixologik barqarorlikni kuchaytiradi, ijtimoiy xavotirni kamaytiradi va insonlarning davlat siyosatiga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.

Ipoteka tizimidagi yangilanishlarning muhim ijtimoiy samaralaridan yana biri oʻrta daromadli oilalar uchun uy-joyga ega boʻlish imkoniyatlarining kengayishidir. Ilgari bu qatlam koʻp hollarda “imtiyozli” toifaga kirmas, biroq bozor narxlarida uy-joy xarid qilish imkoniyati ham cheklangan edi. Boshlangʻich badal va foiz xarajatlarini qisman qoplashga qaratilgan subsidiya mexanizmi aynan shu qatlam uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlat bu orqali toʻgʻridan-toʻgʻri uy-joy bermaydi, balki oilalarning oʻz mehnati va daromadi hisobidan uy-joyga ega boʻlishini ragʻbatlantiradi. Bu ijtimoiy adolat va iqtisodiy masʼuliyat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlaydi.

2026-yilda 30 ming nafar fuqaro ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz xarajatlari uchun subsidiya olishi rejalashtirilgani davlat qoʻllab-quvvatlashining manzilli tus olganini koʻrsatadi. Bu yordam barchaga emas, balki haqiqatan ham qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan oilalarga yoʻnaltirilayotgani bilan ahamiyatli.

Ipoteka kreditlari limitlarining Toshkent shahri va hududlar kesimida alohida belgilanishi esa aholining yashash joyidan qatʼiy nazar uy-joyga ega boʻlish imkoniyatlarini hisobga olgan holda qabul qilingan qaror hisoblanadi. Bu yondashuv hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tafovutlarni yumshatishga xizmat qiladi. Mahalliy iqtisodiyotga qoʻshimcha turtki beradi, ish oʻrinlari yaratadi va ichki migratsiya bosimini kamaytiradi. Odamlar ish va yashash uchun faqat poytaxtga intilmasdan, oʻz hududida munosib sharoitga ega boʻlishi ijtimoiy barqarorlik uchun muhim omil hisoblanadi.

Aslida ipoteka tizimi iqtisodiyotdagi turli tarmoqlarni oʻzaro bogʻlaydigan, talab va taklif zanjirini harakatga keltiradigan muhim multiplikator vazifani bajaradi. Bunday turdagi kreditlar hajmining oshishi, eng avvalo, qurilish sohasida iqtisodiy faollikni kuchaytiradi. Yangi uy-joylarga boʻlgan talab qurilish kompaniyalarini loyihalarni kengaytirishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga undaydi. Bu esa qurilish sohasining oʻzidan tashqaridagi qator tarmoqlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Qurilish materiallari, logistika, transport va xizmatlar sohasida ham yangi buyurtmalar paydo boʻladi. Natijada ipoteka orqali boshlangan jarayon butun iqtisodiy zanjir boʻylab tarqaladi.

Ipoteka islohotlarining eng muhim jihati ichki bozorda talabni sunʼiy choralar bilan emas, balki aholining real xarid qobiliyati orqali ragʻbatlantirishidir. Uy-joyga ega boʻlgan oila oʻz yashash makonini jihozlashga, maishiy texnika, mebel, xizmatlar xarid qilishga ehtiyoj sezadi. Bu ichki bozorda barqaror talab shakllanishiga xizmat qiladi. Bandlikning oshishi ijtimoiy muammolarning yumshashiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Aholi oʻz mehnati orqali daromad topib, uy-joyga ega boʻlayotgani jamiyatda ijtimoiy adolat hissini mustahkamlaydi.

Uy-joy uchun kredit ajratilishi bank tizimida uzoq muddatli resurslar aylanmasini shakllantiradi. Bu holat banklarning strategik rejalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlaydi. Qayta moliyalashtirish mexanizmlari orqali ipoteka kreditlarining ikkilamchi bozorda aylanishi moliya tizimini yanada chuqurlashtiradi. Moliya bozorining bunday rivojlanishi investitsiya muhitini yaxshilab, ichki va tashqi investorlar uchun ishonchli signal boʻlib xizmat qiladi. Natijada ipoteka islohotlari faqat aholi uchun emas, balki butun iqtisodiyot uchun institutsional barqarorlik omiliga aylanadi.

Xulosa qilib aytganda, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka mexanizmlarini takomillashtirish Oʻzbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash siyosatida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bermoqda. Bu bosqichda uy-joy masalasiga faqat ijtimoiy muammo sifatida emas, balki iqtisodiy oʻsish, ichki bozorni ragʻbatlantirish va jamiyat barqarorligini taʼminlashning muhim omili sifatida qaralmoqda.

Mazkur islohotlar aholining real ehtiyojlariga tayangan holda shakllantirilgani, bozor mexanizmlari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash oʻrtasida muvozanat topilgani bilan ahamiyatlidir. Eng muhimi, ipoteka siyosati inson qadrini ulugʻlash, har bir oilaning munosib hayot kechirishini taʼminlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” taraqqiyot modeli aynan shunday yondashuvlar orqali iqtisodiy hisob-kitob, ijtimoiy adolat va inson manfaatlari uygʻunligi asosida shakllanadi. Ipoteka islohotlari esa ana shu modelning amaliy ifodasi sifatida jamiyat hayotida oʻz oʻrnini topmoqda.


Nuriddin SOTIVOLDIYEV

Parlament tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi