Turkiston — Ahmad Yassaviy merosi bilan bog‘liq, asrlar davomida turkiy xalqlarning ma’naviy markazi sifatida shakllangan tarixiy maskan. Aynan shu shaharda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar XXI asrning eng muhim strategik mavzularidan biri — sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va texnologik hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun jam bo‘ldi.
Sammitning Turkiston shahrida o‘tkazilishi ramziy va siyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Chunki mazkur tadbir nafaqat umumiy tarixiy-madaniy meros, balki turkiy davlatlarning kelajak taraqqiyoti raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar bilan bevosita bog‘liq ekanini namoyon qildi. Qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan shahar bu safar raqamli sivilizatsiya masalalari muhokama qilingan yangi siyosiy muloqot maydoniga aylandi.
Ayniqsa, Prezidentimizning norasmiy sammitdagi nutqi mazkur jarayonning faqat texnologik emas, balki sivilizatsion ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, turkiy dunyo integratsiyasi xalqlarimiz taqdiriga daxldor uzoq muddatli strategik masalaga aylanmoqda.
Prezidentimiz nutqida bugungi geosiyosiy vaziyatning murakkabligi, xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi kuchayib borayotgani va global institutlar ta’sirining pasayishi alohida qayd etildi. Bu esa turkiy davlatlarning o‘zaro hamjihatligi va umumiy pozitsiya shakllantirishini tarixiy zaruratga aylantirmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Turkiston sammiti faqat navbatdagi diplomatik tadbir emas, balki turkiy davlatlarning yangi raqamli geosiyosiy makonda o‘z o‘rnini belgilashga qaratilgan strategik muloqoti sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlikning yangi institutsional modeli sifatida shakllanib bormoqda. 2021 yili Istanbul sammitida rasman tashkil etilgan ushbu tuzilma bugun Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘izistonni birlashtirgan muhim xalqaro platformaga aylandi. Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etmoqda.
TDT bugun barqaror rivojlanish sur’atini namoyon etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Xususan, 2025-yilda davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va o‘sish sur’ati global iqtisodiy o‘sishdan ikki barobar yuqori bo‘ldi. Tashkilotga a’zo mamlakatlar jami 170 milliondan ortiq aholi, ulkan tabiiy resurslar, katta ichki bozor va muhim tranzit imkoniyatlariga ega makonni qamrab olgan. Bu makon Yevroosiyo geoiqtisodiy xaritasida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2025-yilda tuzilmaga a’zo mamlakatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi 1,2 trillion dollardan oshgan.
Prezidentimiz ham o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning tashkilot mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foiz o‘sib, deyarli 11 milliard dollarga yetganini ta’kidladi. Bu raqam turkiy davlatlar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, a’zo mamlakatlarga eksport qiymatini yana 2,7 milliard dollarga oshirish imkoniyati mavjud.
2026-yil aprel holatiga ko‘ra, yurtimizda TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 4500 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 2017- 2025-yillarda ushbu davlatlardan jalb qilingan investitsiyalar umumiy hajmi 11,5 milliard dollardan oshgan.
Sammit kun tartibiga sun’iy intellekt mavzusining olib chiqilishi bejiz emas. Chunkibugun sun’iy intellekt texnologiyalari jahon iqtisodiyotining yangi drayveriga aylanmoqda. Xalqaro prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib, sun’iy intellekt bozori qiymati 20 trillion dollarga yaqinlashishi mumkin. Algoritmik o‘rganish texnologiyalari, katta ma’lumotlar tahlili, vizual ma’lumotlarni tahlil qilish tizimlari va intellektual boshqaruv mexanizmlari davlat boshqaruvidan tortib, tibbiyot, ta’lim, moliya va qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan sohalarni tubdan o‘zgartirmoqda.
Prezidentimiz nutqida sun’iy intellekt rivoji turkiy xalqlarning boy ilmiy merosi bilan bog‘landi. Davlatimiz rahbari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ab-u Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ ajdodlarimizning algoritm, matematika va astronomiya sohalaridagi kashfiyoti bugungi sun’iy intellekt taraqqiyoti uchun poydevor bo‘lganini ta’kidladi. Bu yondashuv juda muhim. Chunki raqamli taraqqiyot faqat texnologiya import qilish yoki dasturiy mahsulot ishlab chiqish bilan cheklanmaydi. U sivilizatsion xotira, intellektual an’ana va ilmiy meros bilan ham chambarchas bog‘liq.
TDT davlatlari uchun mazkur jarayon ikki tomonlama ahamiyat kasb etadi. Bir tomondan, raqamli texnologiyalar iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan esa global raqamli raqobat sharoitida texnologik qaramlik xavfi ham kuchaymoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Turkiston sammiti turkiy davlatlarning raqamli kelajak borasida umumiy pozitsiya shakllantirishga intilayotganini ko‘rsatdi.
Sammitda Prezidentimiz ilgari surgan eng muhim tashabbuslardan biri “Raqamli turkiy yo‘lak” konsepsiyasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan data markazlar barpo etishga 6 milliard dollar sarmoya jalb etmoqda. Bu jarayon mamlakatimizni mintaqaviy raqamli xabga aylantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning muhim qismidir.
Raqamli turkiy yo‘lak konsepsiyasi esa turkiy davlatlar data markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘lashni nazarda tutadi. Bu tashabbusning geoiqtisodiy ahamiyati juda katta. Chunki XXI asrda raqobat neft-gaz yoki sanoat quvvatlari bilan birga ma’lumotlar infratuzilmasi, serverlar, bulutli texnologiyalar va raqamli platformalar ustidan nazorat uchun ham kuchaymoqda. Agar tuzilmaga a’zo davlatlar o‘zaro integratsiyalashgan raqamli infratuzilma yarata olsa, Yevroosiyoda yangi texnologik makon shakllanishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining Toshkent shahrida Texnologiyalar forumini o‘tkazish tashabbusi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu forum turkiy davlatlarning AT kompaniyalari, startaplari, olimlari va investorlarini yagona maydonda birlashtiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va raqamli hamkorlik jarayonlarining muhim ishtirokchisiga aylandi. Ayniqsa, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt sohasidagi islohotlar mamlakatimizning mintaqaviy texnologik markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.
Prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi markazi negizida TURKSOY va Turkiy akademiya bilan birgalikda tarixiy-madaniy manbalarni yagona katta ma’lumotlar platformasiga jamlash taklifi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu loyiha amalga oshsa, turkiy xalqlarning ilmiy, adabiy va madaniy merosi raqamli shaklda yagona intellektual ekotizimga aylanishi mumkin.
Raqamli iqtisodiyot infratuzilma yoki serverlar bilan emas, malakali kadrlar bilan quriladi. Shu nuqtayi nazardan, kadrlar tayyorlash masalasi davlat siyosatining markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab sun’iy intellekt va AT sohasi bo‘yicha davlat grantlari 35 foiz oshirilishi rejalashtirilgan. “Yangi O‘zbekiston” universiteti negizida sun’iy intellekt klasterini tashkil etish, sohaviy murabbiylar tayyorlash va raqamli sohada 1 million mutaxassis yetishtirish vazifasi qo‘yilgan.
Prezidentimiz sammitda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi haqida ham alohida to‘xtaldi. Hozirga qadar mazkur loyiha orqali 1 milliondan ortiq yosh boshlang‘ich ko‘nikmaga ega bo‘ldi. Bu raqam O‘zbekistonning faqat texnologiya import qiluvchi emas, balki raqamli iqtisodiyot uchun inson kapitali tayyorlaydigan davlatga aylanishga intilayotganini anglatadi.
Davlatimiz rahbarining yoshlar startaplari va innovatsion ishlanmalarini moliyalashtirish uchun Qozog‘iston bilan qo‘shma venchur jamg‘armasi tuzilayotgani haqidagi ma’lumoti ham katta ahamiyatga ega. Bu jarayon mintaqada texnologik kapital bozorini shakllantirish uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Raqamli iqtisodiyot qanchalik kengaysa, kibertahdidlar ham shunchalik murakkablashadi. Shuning uchun yagona kiberxavfsizlik standartlari, tezkor axborot almashuv mexanizmlari va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosat zarur. Prezidentimiz sammitda Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha turkiy alyans tuzish tashabbusini ilgari surdi. Bu tashabbusning ahamiyati juda katta. Chunki bugun kiberxavfsizlik masalasi faqat texnik muammo emas. U milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va davlat suvereniteti bilan bevosita bog‘liq. Bugun dunyoda kiberhujumlar energetika tizimlari, bank infratuzilmasi, transport tarmoqlari va davlat ma’lumotlar bazalariga qarshi qaratilmoqda. Shunday sharoitda turkiy davlatlarning alohida-alohida harakat qilishi yetarli bo‘lmaydi. Yagona raqamli xavfsizlik makonini shakllantirish strategik zaruratga aylanmoqda.
Sammit doirasida muhokama qilingan muhim tashabbuslardan biri OTS-SAT ilmiy-ta’limiy sun’iy yo‘ldoshi loyihasi bo‘ldi. U turkiy davlatlarning kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish imkoniyati kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Zamonaviy raqamli iqtisodiyot faqat dasturiy ta’minot yoki internet xizmatlari bilan cheklanmaydi. Kosmik infratuzilma, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va katta ma’lumotlar tizimi ham raqamli suverenitetning muhim qismi. Ushbu sohada hamkorlik qilish turkiy davlatlarga agrar monitoring, iqlim kuzatuvi, logistika va xavfsizlik tizimlarida yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Turkiston sammitining norasmiy formatda o‘tkazilgani ham e’tiborga molik. Bunday format davlat rahbarlariga qat’iy diplomatik protokollardan xoli ravishda strategik masalalarni muhokama qilish imkonini beradi. Ko‘p hollarda aynan norasmiy sammitlarda keyinchalik yirik siyosiy va iqtisodiy qarorlarga asos bo‘ladigan g‘oyalar shakllanadi. Shu ma’noda, Turkiston sammiti TDTning yangi rivojlanish bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz Turkiston deklaratsiyasi “Turkiy dunyo nigohi — 2040” konsepsiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Bu deklaratsiyaning haqiqiy ahamiyati esa amaliy mexanizmlar, qo‘shma investitsiyalar va institutsional islohotlar bilan belgilanadi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Raqamli turkiy yo‘lak”, Kiberxavfsizlik alyansi, umumiy “katta ma’lumotlar” platformasi, yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash va iqlim monitoringi tizimi kabi tashabbuslar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Eng muhimi, turkiy davlatlar raqamli kelajakni tashqi texnologiyalar importi orqali emas, balki umumiy strategiya, intellektual hamkorlik va qo‘shma innovatsiyalar asosida qurishga intilayotganini namoyon qildi. Bu esa Turkiston sammitining haqiqiy tarixiy ahamiyatini belgilaydi. Chunki XXI asrda raqobat endi faqat hududlar yoki resurslar uchun emas, balki intellekt, ma’lumot va texnologiyalar uchun kechmoqda. Turkiy dunyo esa ushbu yangi raqobatda o‘z ovozi, o‘z strategiyasi va o‘z raqamli sivilizatsion makonini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, № 103 (1702), 2026-yil 22-may, juma