Ortga qaytish Chop etish

Qonun loyihalari muhokama maydonida shakllanmoqda

  

Qonun qanchalik keng jamoatchilik ishtirokida qabul qilinsa, ijtimoiy ishonch darajasi va amaliy samaradorligi shunchalik yuqori bo‘ladi. So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar davlat boshqaruvida inson manfaatini ustuvor qo‘ygan yangi yondashuv qaror topayotganini yaqqol namoyon etmoqda. E’tibor real natijaga, inson farovonligiga qaratilmoqda. Bu esa qonunlarning hayotiyligi, xalqchilligi va amaliy qiymatini sezilarli darajada oshirmoqda. Natijada fuqarolar qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etmoqda.

Bu yondashuv bugun zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt rivoji bilan yanada mustahkamlanmoqda. Shundan kelib chiqib, so‘nggi yillarda jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqib, ochiqlik va muloqot ko‘lami yanada kengaymoqda. “Tirik huquq” konsepsiyasiga ko‘ra, huquq faqat qonun matnlarida emas, balki jamiyatning kundalik hayotida, odatlarida va ijtimoiy munosabatlarida namoyon bo‘ladi. 

Shu bois, qonunlar jamiyat ehtiyojlari va qadriyatlari bilan uyg‘un holda shakllanishi juda muhim. Aynan shu yondashuv yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida o‘z aksini topmoqda: qonun ijodkorligi xalq bilan hamqadam rivojlanmoqda, Parlament ushbu jarayonlarga tez moslashib, qonun ijodkorligini jamoatchilik fikriga tayangan holda tashkil etmoqda.

Eng avvalo, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi jamiyatimizda ijtimoiy ong va tafakkurni yangilashga xizmat qildi. Xalqimiz faol ishtiroki va keng qo‘llab-quvvatlovi natijasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz xalq tafakkuri mahsuli sifatida shakllanib, bugun hayotimizning haqiqiy “tirik hujjati”ga aylandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolarga qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilishi fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi. Bu norma xalqning davlat hokimiyati manbai sifatidagi rolini amalda mustahkamlab, konstitutsiyaviy qoidalarning hayotdagi ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur institut jamoatchilik tashabbuslarini davlat siyosatini shakllantirish jarayoniga tizimli ravishda jalb etish imkonini yaratib, ijtimoiy ehtiyojlar va jamoat fikrining qonunlar mazmuniga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’minlamoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklar parlament faoliyatida ham amaliy ifodasini topmoqda. Qonun loyihalari keng muhokamaga o‘yilib, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bildirilgan fikrlar izchil ravishda inobatga olinmoqda.

Qonun ijodkorligida ochiqlik va ishtirokni ta’minlashda raqamli platformalar parlament faoliyatining ajralmas qismiga aylanmoqda. Bu borada regulation.gov.uz portali Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini yanada shaffof va jamoatchilikka yaqin qildi. Qonun loyihalari endi keng muhokama maydonida shakllanmoqda. Fuqarolar, ekspertlar va nodavlat tashkilotlar tomonidan bildirilgan fikrlar parlament muhokamalarida inobatga olinmoqda. Natijada qonunlar mazmuni boyimoqda, ularning hayotiyligi va amaliy qiymati ortib bormoqda.

Ayniqsa, “Mening fikrim” platformasi parlament bilan jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqdi. U orqali fuqarolar tashabbuslari tizimli ravishda qonunchilik jarayoniga kirib bormoqda. Yetarli qo‘llab-quvvatlovga ega takliflar Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlar tomonidan rasman ko‘rib chiqilishi parlamentning xalq ovoziga tayanayotganini ko‘rsatadi. Talabalar uchun kontrakt to‘lovlarining qayta ko‘rib chiqilishi, yo‘l harakati xavfsizligiga oid qarorlar, transport sohasidagi yengilliklar kabi misollar parlament qarorlarida jamoatchilik tashabbuslari aks etayotganining yaqqol dalilidir.

Qonun ijodkorligida jamoatchilik ishtiroki haqida so‘z yuritar ekanmiz, milliy davlatchiligimizda muhim o‘rin tutgan mahalla institutini alohida ta’kidlash zarur. Ko‘p asrlik an’ana va qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan mahalla xalqimizning dard-u tashvishlari, orzu-umidlari va ijtimoiy kayfiyatini ifoda etuvchi  sharqonademokratiya maktabidir. U fuqarolik jamiyati instituti sifatida davlat, jamiyat va fuqaroni bog‘lovchi ko‘prik, jamoatchilik nazoratining muhim bo‘g‘inidir. Aynan shu makonda aholining ehtiyojlari aniqlanadi, ijtimoiy fikr shakllanadi va davlat organlariga dolzarb axborot yetkaziladi. Bu jarayon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyati uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z okrugidagi mahallalar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, aholining muammo va takliflarini bevosita o‘rganadi. Mahalla shu ma’noda deputat uchun jamiyatning tirik ko‘zgusi vazifasini bajarmoqda. Qaysi muammolar dolzarbligi, qaysi sohada qonunchilikni takomillashtirish zarurligi aynan mahallada aniqlanadi. Jamoaviy muhokama orqali shakllangan ijtimoiy fikr deputatlar tomonidan qonun tashabbuslariga aylantirilib, parlament muhokamalariga olib kiriladi. Shu orqali mahalladan chiqqan jamoatchilik signallari davlat siyosatiga, qonunlar mazmuniga ta’sir ko‘rsatib, qonun ijodkorligi jarayonini hayotga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugun qonun ijodkorligi inson qadrini ustuvor qo‘ygan, xalq ishtirokiga tayangan va ochiq muloqotga asoslangan, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Parlament faoliyatida shaffoflikning kuchayishi, raqamli platformalar orqali fuqarolar tashabbusining qonunchilik jarayoniga izchil kirib borishi, mahalla instituti va deputatlik faoliyati o‘rtasidagi samarali uyg‘unlik qonunlarning hayotiyligi va ta’sirchanligini ta’minlamoqda. Natijada jamiyat ehtiyojlari to‘g‘ridan to‘g‘ri qonunlar mazmuniga singmoqda, fuqarolar esa davlat boshqaruvining faol ishtirokchisi sifatida shakllanib, parlamentga ishonch va islohotlar barqarorligi mustahkamlanmoqda.



Valisher Davlyatov,

Parlament tadqiqotlari instituti direktor o‘rinbosari,

yuridik fanlar doktori, professor