
So‘nggi yillarda parfyumeriya va kosmetika sanoati nafaqat go‘zallik industriyasining, balki iqtisodiyotning yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi strategik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ushbu soha kimyo, qishloq xo‘jaligi, dizayn, marketing va eksport siyosati bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, jahonda jiddiy raqobat maydoni sifatida shakllanmoqda.
Statista platformasining prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda jahon parfyumeriya bozori 64,47 mlrdAQSH dollari miqdorida daromad keltirishi taxmin qilinmoqda. O‘sish sur’ati yiliga 3,18 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Ayrim mamlakatlar ushbu bozor imkoniyatlaridan foydalanib, parfyumeriya va kosmetika sanoatini milliy iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Fransiya parfyumeriya sohasida asrlar davomida yetakchi hisoblanadi. Bu yerdadavlat va xususiy sektor o‘rtasida doimiy muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, “klaster” tizimi asosida ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim integratsiyalashgan.
Ayniqsa, Grass shahri atir sanoatining global markaziga aylangan. Fransuz tajribasi brend, tarix va madaniy kapitalni iqtisodiy qiymatga aylantirish mumkinligini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda Fransiya, Ispaniya, Italiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, BAA, Singapur, Niderlandiya kabi davlatlar parfyumeriya eksporti bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Janubiy Koreya kosmetika sanoatini milliy brend sifatida shakllantirdi. Chunonchi, davlat tomonidanmaxsus qonun qabul qilingan, tadqiqot institutlari tashkil etilgan, eksport marketingi davlat darajasida qo‘llab-quvvatlangan hamda “K-beauty” brendi global strategiyaga aylantirilgan.
Natijada 2024-yilda mamlakat kosmetika eksporti 10 mlrd AQSH dollaridan oshgan. Muhim jihati — ilmiy-tadqiqot, dizayn va marketing yagona ekotizim sifatida ishlaydi. Koreyaning parfyumeriya mahsulotlari ham ko‘pincha terini parvarishlash bilan bog‘liq.
Ifor kompozitsiyasi ortidagi ilm: parfyumeriyada tadqiqotning ahamiyati
Parfyumeriya sanoati faqat xushbo‘y hidlar yaratish bilan cheklanmaydi. U kimyo, biotexnologiya va innovatsiyalarga tayangan murakkab sohalardan biri hisoblanadi. Yangi aromatik kompozitsiyalar, barqaror formulalar va xavfsiz ingrediyentlar aynan ilmiy tadqiqotlar orqali yaratiladi.
Shu bois, rivojlangan davlatlarda parfyumeriya sanoati maxsus tadqiqot institutlari va laboratoriyalar bilan yaqin hamkorlikda rivojlanadi. Bu markazlarda yangi aromatik moddalar sinaladi, ingrediyentlar xavfsizligi tekshiriladi va zamonaviy parfyumeriya texnologiyalari ishlab chiqiladi.
Masalan, Ispaniyadagi STANPA, Janubiy Koreyadagi Korea cosmetic industry institute, Yaponiyadagi Shiseido, AQSHdagi The research institue for fragrance materials, Braziliyadagi SENAI, Hindistondagi Fragrance & Flavour Development Centre — shular jumlasidandir.
Aynan shu ilmiy asos parfyumeriya brendlariga yangi mahsulotlar yaratish, sifatni ta’minlash va xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi. Shu ma’noda, tadqiqot va innovatsiya parfyumeriya sanoatining barqaror rivojlanishida hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Brendlar ortidagi kuch: nega sohaviy assotsiatsiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega?
Parfyumeriya va kosmetika sanoati — yuqori raqobat va innovatsiyalarga tayangan tarmoq. Bu sohada muvaffaqiyat faqat ishlab chiqarish hajmi bilan emas, balki kuchli institutsional muhit va tarmoq ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik bilan ham belgilanadi. Ana shu nuqtada sohaviy assotsiatsiyalar strategik ahamiyat kasb etadi.
Assotsiatsiyalar tarmoqni birlashtiruvchi va uning manfaatlarini himoya qiluvchi muhim platforma hisoblanadi. Ularyagona standart va sifat talablarini shakllantiradi va davlat organlari bilan muloqotni tizimlashtiradi. Qolaversa, eksportni rag‘batlantirish, marketingni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro bozorlarga chiqish va innovatsiyalarni joriy etishga ko‘maklashadi.
Dunyoda parfyumeriya va kosmetika sanoati rivojlangan davlatlarda kuchli sohaviy assotsiatsiyalar faoliyat yuritadi.
Jumladan:
Fransiya — La FEBEA;
Ispaniya — Fragrances and Food Aromas Association;
Germaniya — German Association of Fragrance Manufacturers;
Janubiy Koreya — Korea Cosmetic Association;
Yaponiya — Japan Cosmetic Industry Association;
Yevropa Ittifoqi — Cosmetics Europe;
Bolgariya — Essential Oils, Perfumery and Cosmetics Association;
Turkiya — Food Flavors and Fragrance Oils Manufacturers Association;
Hindiston — Fragrance & Flavour Association of India;
Rossiya — Российская парфюмерно-косметическая ассоциация; Национальный совет по парфюмерии, косметике и бытовой химии;
Janubiy Afrika — Flavour & Fragrance Industry Association.
Mamlakatimizda bugungi manzara qanday?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda parfyumeriya va kosmetika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida muayyan qadamlar tashlanmoqda.
Jumladan:
2019–2025-yillarda sohada 5 ta loyiha amalga oshirilib, 11,8 mln dollar investitsiya jalb etildi;
hududiy investitsiya dasturlari doirasida 142,7 mlrd so‘mlik 3 ta ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yildi;
Fransiyaning Yves Rocher kompaniyasi bilan litsenziya asosida kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi;
“Tashkent Pharma Park” xalqaro kosmetika klasterlari tarmog‘iga qo‘shildi.
Bu kabi tashabbuslar sohada yangi imkoniyatlar shakllanayotganligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda milliy parfyumeriya sanoatini yanada rivojlantirish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Masalan, 2024-yilda mamlakatimiz parfyumeriya mahsulotlari eksporti bo‘yicha jahon reytingida 113-o‘rinni egallagan. Bu raqam tarmoqda hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini va milliy brendlarni shakllantirish hamda eksportni kengaytirish uchun qo‘shimcha sa’y-harakatlar zarurligini ko‘rsatadi.
Shu bois, parfyumeriya sanoatini rivojlantirishda sohada institutsional hamkorlikni kuchaytirish, sohaviy nodavlat uyushmalar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, aromatik o‘simliklar yetishtirish orqali mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish hamda milliy brendlarni xalqaro bozorlarga ilgari surishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ifor dalalardan boshlanadi
Atir sanoatida qishloq xo‘jaligining o‘rni beqiyosdir. Atir mahsulotlarining asosiy xomashyosi hisoblangan efir moylari ko‘p hollarda aynan o‘simliklardan olinadi. Shu bois, bunday ekinlarni yetishtirish parfyumeriya sanoatining xomashyo bazasini shakllantirish bilan birga qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini ham beradi.
Jahon bozorida efir moylariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Masalan, global efir moylari bozori 2025-yilda taxminan 28 mlrd dollarga baholangan bo‘lib, kelgusi o‘n yillikda 60 mlrd dollargacha o‘sishi kutilmoqda. Bu esa aromatik o‘simliklar yetishtirish parfyumeriya va kosmetika sanoati uchun strategik xomashyo manbai ekanligini ko‘rsatadi.
Shu nuqtayi nazardan, lavanda, raushan, jasmin, rayhon, shalfey kabi efir moyi beruvchi o‘simliklarni yetishtirish katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Bunday ekinlar nisbatan kichik maydonda yuqori qiymatli mahsulot olish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli bo‘lib, parfyumeriya sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.