Ortga qaytish Chop etish

Tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari kengaytiriladi

not found

Inson uchun salomatlikdan ortiq baxt, boylik, ne’mat yo‘q. Chunki salomatlik bo‘lmasa, na farog‘at va na hashamat tatiydi. Mamlakatimizda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishga katta e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda.

Ushbu sa’y-harakatlar natijasida oxirgi yetti yilda mamlakatimiz tibbiyot sohasi beqiyos o‘zgarishlarga yuz tutdi. Uzoq yillardan buyon to‘planib qolgan, odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ko‘plab muammolarga barham berildi.

Bugungi kunda tibbiyot sohasiga budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘p ekanligi, shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiy buyumlar bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirilgani ham fikrimiz isbotidir.

Bu quvonarli hol, albatta. Ammo masalaning yana bir tomoni borki, bu borada o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rish kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biri hisoblanadi. Ya’ni, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘ning har bir so‘midan samarali va maqsadli foydalanish kerak.

Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida budjet xarajatlarining samaradorligi masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Bu bejiz emas. Chunki o‘tgan yili budjetdan 1,2 trillion so‘mlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard so‘mlik kamomad va o‘g‘riliklarga yo‘l qo‘yilgan. Sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi dasturlarga ajratilgan mablag‘lar esa to‘liq ishlatilmagan.

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazilishi ayni muddao bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashga turtki beradi.

Ma’lumki, sog‘liqni saqlash tizimida joriy etilayotgan Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish barobarida, sohaga ajratilayotgan budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan tizim hisoblanadi.

Dastlab, Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalariga joriy qilingan davlat tibbiy sug‘urtasi bosqichma-bosqich respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga hamda 20 dan ziyod xususiy tibbiyot tashkilotlariga tatbiq etildi. Joriy yildan esa bu mexanizm bosqichma-bosqich barcha hududlarda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunga qadar amalda bo‘lgan tizimda sohaga ajratilayotgan mablag‘lar qancha bemor davolanganidan qat’iy nazar, tibbiyot muassasalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, sug‘urta mexanizmlari asosida bu mablag‘lar bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam hajmi hamda unga sarflangan dori vositalari va tibbiy buyumlar miqdoridan kelib chiqib yo‘naltirilmoqda.

Ya’ni, milliy sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etilgan tibbiy sug‘urta tizimni moliyalashtirishning samarali mexanizmi bo‘lib, uning doirasida har bir fuqaroning salomatligini kafolatlangan paket asosida davlat budjeti mablag‘i hisobidan sug‘urta qilinmoqda. Chunki, sug‘urta tizimida tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlarni natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari orqali amalga oshiriladi, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam doirasida tibbiy xizmatlar strategik xaridi yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada sog‘liqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushi bosqichma-bosqich qisqartiriladi, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga erishiladi. Asosiysi, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini oshirish orqali kasalliklar profilaktikasi kuchaytirilib, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari kengaytiriladi.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasiga davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini to‘liq joriy etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda. Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi esa aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish imkoniyatlarini yaratadi.

  

Zumrad BЕKATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi depututi