
Mamlakatimizda oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, bola huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jamiyatda ajralish holatlari ortib borayotgan hozirgi sharoitda bolaning har ikki ota-ona bilan munosabatda bo‘lish huquqini ta’minlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois ajrimdan keyin bolalarni birgalikda tarbiyalash institutini joriy etish zarurati kun tartibida turibdi.
O‘zbekistonda ajralish darajasi nisbatan past bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda mamlakatda ajralishlar soni sezilarli darajada o‘sgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda, respublika bo‘yicha 45,1 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan bo‘lib, bu 2020-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 59,9 foizga ko‘pdir.
Shu bilan birga, ajralishlarning yarmidan ortig‘i (23,5 mingta holat, yoki 52 foiz) bolali oilalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning qariyb 90 foizi bolalar onasi bilan qoladi, bu esa bolaning ota bilan munosabatlari uzilib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ajralishdan so‘ng bolaning ota yoki onadan biri bilan doimiy muloqot imkoniyatidan mahrum bo‘lishi uning ruhiy holati, ta’lim jarayoni va ijtimoiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ota va onaning bola tarbiyasida teng huquq va majburiyatlarga egaligi belgilab qo‘yilgan. Biroq, amalda ajrimdan keyingi munosabatlar “birgalikda tarbiyalash” tamoyili asosida emas, balki bolani bir tomon bilan qoldirish usulida hal etiladi. Qonunchilikda “birgalikda tarbiyalash” tushunchasi huquqiy jihatdan belgilanmagani sababli, sud qarorlarida faqat bola qaysi ota-ona bilan yashashi ko‘rsatiladi. Bolaning ikkinchi ota-ona bilan muloqot qilish, uning hayotida ishtirok etish tartibi esa tomonlarning o‘zaro kelishuviga bog‘liq holda qolmoqda. Shuningdek, rasman ajrashmagan, biroq alohida yashaydigan ota-onalarning bolani tarbiyalashdagi ishtiroki ham huquqiy tartibga solinmagan. Bu esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 9-moddasida belgilangan “bolaning har ikki ota-ona bilan muntazam aloqada bo‘lish huquqi” tamoyiliga zid holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Natijada bolalarda psixologik va ijtimoiy muammolar, ota yoki onaga nisbatan salbiy stereotiplar shakllanishi mumkin.
Bolani ajralishdan keyin birgalikda tarbiyalash instituti ko‘plab davlatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Jumladan, Germaniyada “birgalikdagi vasiylik” instituti qonun darajasida joriy etilgan bo‘lib, ajralish vaqtida, odatda, ota-onaning bola ustidan birgalikdagi vasiyligi saqlanadi. Faqat ota-onalardan biri yakka vasiylikni so‘ragan va buning uchun asosli sabablarni keltirgan taqdirdagina sud tegishli qaror qabul qilishi mumkin.
Polsha qonunchiligiga ko‘ra, sud ajralish to‘g‘risidagi qarorda er-xotinning voyaga yetmagan farzandiga nisbatan ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibini, shuningdek ota-onaning bola bilan muloqot qilish tartibini belgilaydi. Shu bilan birga, sud bolaning ta’minoti va tarbiyasi bilan bog‘liq xarajatlarda har bir ota-onaning ishtiroki ulushini belgilaydi. Agar bolaning manfaatlaridan kelib chiqib boshqacha tartib talab etilmasa, aka-ukalar hamda opa-singillar birgalikda tarbiyalanishlari lozimligi belgilangan.
Braziliyada mediatsiya davomida sudya ota va onani birgalikdagi tarbiyalashning ahamiyati va uning muhimligi, ota-onalar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar hamda huquqlarning tengligi to‘g‘risida xabardor qiladi. Agar ona va ota o‘rtasida bolani vasiylikka olish tartibi bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lmasa, yoki ota-onalardan biri bolani vasiylikka olishni istamasligini bildirmagan bo‘lsa va oilaviy yoki maishiy zo‘ravonlik xavfi mavjudligiga oid ma’lumotlar topilmasa, sud tomonidan birgalikdagi vasiylik qo‘llaniladi. Shuningdek, ota-onaning majburiyatlarini va birgalikdagi vasiylik sharoitida bolaning yashash tartibini belgilash maqsadida sud bola bilan ota va ona o‘rtasidagi vaqtni adolatli taqsimlash yuzasidan mutaxassislar xulosasiga murojaat qilishi mumkin.
Qo‘shni Qozog‘istonda ham joriy yil aprel oyida fuqarolar tomonidan ajralishdan keyin bolalarni birgalikda tarbiyalash institutini joriy etish bo‘yicha petitsiya ilgari surildi. Hozirda ushbu masala jamoatchilik muhokamasida faol ko‘tarilmoqda. Petitsiya mualliflari qonunchilikka “birgalikda tarbiyalash” tushunchasini kiritish, uni ajralishdan keyin bolani tarbiyalash va ta’minotida ota-onaning teng ishtiroki sifatida huquqiy jihatdan mustahkamlash, shuningdek bolaning ota va ona bilan yashash jadvalini belgilashni taklif qilmoqdalar.
Rossiya Federatsiyasida esa ushbu institutni qonun darajasida joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda. Davlat Dumasiga kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, yangi tartib — “birgalikda tarbiyalash” instituti bolaning ota va ona bilan yashash jadvalini belgilash va ushbu tarbiya shartlari to‘g‘risidagi kelishuvni nazarda tutadi. Qonun loyihasi mualliflari fikriga ko‘ra, bu tartib bolalarning har ikki ota-ona bilan to‘laqonli muloqotda bo‘lishini ta’minlaydi.
Bu tajribalarning umumiy xulosasi shundan iboratki: birgalikda tarbiya instituti nafaqat ota-onalar o‘rtasidagi mas’uliyatni teng taqsimlaydi, balki bolaning emotsional barqarorligi va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda ham mazkur institutni joriy etish vaqti keldi. Sud ajrashish jarayonida bolani kim bilan qoldirish emas, balki uni har ikki ota-ona bilan qanday tarbiyalash masalasini hal etishi lozim. Shuningdek, ajralish jarayonida bola tarbiyasi bo‘yicha aniq reja — bolaning ikki ota-ona bilan muloqot jadvali, qaror qabul qilish mexanizmi va bola manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini o‘z ichiga olgan hujjat — sud orqali tasdiqlanishi kerak. Bundan tashqari, ajrashish uchun ariza bergan ota-onalar uchun majburiy mediatsiya va maslahat jarayonlarini joriy etish maqsadga muvofiq. Bu, ayniqsa, nizolarni murosaga keltirish, bola manfaatlarini ustuvor qo‘yishga xizmat qiladi.
Birgalikdagi tarbiya institutini joriy etish oila qonunchiligini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtiradi, bola huquqlarini to‘liq ta’minlaydi, ota va ona o‘rtasida mas’uliyat hamda muloqot madaniyatini mustahkamlaydi, jamiyatda ota rolini kuchaytirishga va sog‘lom avlod tarbiyasiga xizmat qiladi.
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik sohasida tadqiqotlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi
Ro‘zmetov Otabek Oybekovich