Ortga qaytish Chop etish

“Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha tashabbuskori –  Madaniyat vazirligi.

Vatandosh — O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bo‘lsa hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lsa.

Loyiha bilan vatandoshlarga davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rilishi mumkinligi belgilanmoqda:

•kirish vizalarini soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma berish;

•yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish;

•ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;

•davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan obyektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;

•vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini ijobiy hal etishda hamkorlik qilish;

•vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi ijro hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsul'tanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;

•soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish;

•vatandoshlar — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta"lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar ajratish;

•vatandoshlarning OAVlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiyadan o‘tishini soddalashtirish;

•O‘zbekiston Respublikasini rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash.

Loyiha muhokamasi 2024-yil 31-iyulga qadar davom etadi.