1. Joriy yilning 12-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonun loyihasi kiritildi.
Unga ko‘ra, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish va mulkni xatlash tarzidagi protsessual harakatlarni o‘tkazishga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha mas’ul etib Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi belgilandi.
Ayni paytda mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini birinchi o‘qishda kiritish masalasi muhokama qilinmoqda.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari muhokamasiga olis hududlarda Internet va aloqa qamrovini oshirish uchun sharoitlarni yanada kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi taqdim etildi.
Loyiha Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Loyiha ko‘chma radiotelefon aloqa sohasida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari doirasini kengaytirish, mahalliy yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlarini ko‘rsatish uchun mavjud davlat bojlarini kamaytirish orqali olis va chekka hududlarda yuqori tezlikdagi Internet hamda aloqa qamrovini ta’minlash, mahalliy yo‘ldosh aloqaning rivojlanishi, tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
3. Elektron dalillar bilan ishlash tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlanmoqda. Milliy qonunchilik tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron dalillar tushunchasi, undan foydalanish tartibi va shu bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan.
Elektron dalillarga qanday ma’lumotlar kiritilishi qonunchilikda belgilanmagan bo‘lsa-da, amaliyotda elektron dalillar qatoriga kiruvchi ma’lumotlardan foydalanib kelingan (grafik tasvirlar, audio-, videoyozuvlar, Internetdagi ma’lumotlardan).
Protsessual kodekslarni takomillashtirish va sud amaliyotidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunlariga, shuningdek Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga elektron (raqamli) dalil tushunchasi, elektron dalillarni aniqlash, to‘plash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish, saqlash tartiblari va bu jarayonda protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash bilan bog‘liq tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
4. Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida ma’muriy sudlarga shikoyat qilish tartibini yanada soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Qonun loyihasining mazmun-mohiyati har bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Loyihada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilish tartibini soddalashtirish, bunda ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqarolardan davlat bojini oldindan undirmasdan, davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan qo‘shimchalar fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shuningdek fuqarolar e’tirozlarining oldini olishga xizmat qiladi.
5. Joriy yilning 16-oktabr kuni Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kiritildi.
Mazkur loyiha yuzasidan Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi.
Qonun loyihasi 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Bolalar ombudsmanini saylash tartibi, uning asosiy vazifalari, Oliy Majlis palatalarining majlislarida Bolalar ombudsmanining yillik ma’ruzasini eshitish tartibi, u tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari, shuningdek Bolalar ombudsmanining davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kabi masalalar ko‘zda tutilmoqda.