
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga hamda O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi birinchi o'qishda muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa ta'lim muassasalarining pedagoglarini o'z xizmat vazifalaridan tashqari ishlarga jalb qilish bilan bog'liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini, ularni ro'yobga chiqarish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko'kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish ta'qiqlangan.
Ammo pedagoglarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etyapti. Jumladan, pedagoglar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko'plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilmoqda, ulardan turli hisobot va axborotlar talab qilinmoqda.
Tahlillarga ko'ra, pedagoglar mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan o'tkaziladigan tadbirlar, ko'rgazmalarni tashkil etish, Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan oliy ta'limga qabul test sinovlarida nazoratchi sifatida qatnashish, hokimliklarga bitiruvchilar bandligini ta'minlash bo'yicha hisobot taqdim etish va boshqa shu kabi o'z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etilyapti.
Bu kabi noto'g'ri amaliyotning shakllangani esa, maktablarda pedagoglarning ta'lim berish jarayonlariga to'liq tayyorlanish, o'quvchilarga sifatli ta'lim berish ishlariga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Muhokama qilinayotgan qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi hamda Jinoyat kodekslariga ta'lim muassasasining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog'liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, o'qituvchilarning ish samaradorligini oshirish va lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarga jalb etish jarayonlariga barham berish orqali pedagoglarning jamiyatda nufuzini mustahkamlash maqsadida Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi va Jinoyat kodeksida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish uchun javobgarlikni belgilash, shuningdek, pedagogning xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilish uchun ma'muriy jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ta'lim muassasasining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog'liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish barobarida, jamiyatda qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdi, loyihani yanada takomillashtirish bo'yicha asosli takliflarni ilgari surishdi.
Bahs-munozaralardan so'ng, ushbu hujjatning bugungi kundagi zarurati va ahamiyati e'tiborga olinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.