Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya —inson, jamiyat va davlat rivojining garovi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpo‘latov kirish so‘zi bilan ochib, Konstitutsiya demokratik suveren davlatimizning mustaqillik timsoli, fuqarolar huquq va erkinliklarining mustahkam kafolati ekanligini alohida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash zarurligi, bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish davr talabi ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, “davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan samarali va barqaror tizim shakllandi.
Tadbirda Konstitutsiyaviy sud sudyasi A.Rahmonov “Konstitutsiya va qonun ustunligi – huquqiy davlatning muhim va ajralmas belgisi”, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari B.Narimonov “Raqamli texnologiyalar rivojlanish sharoitida inson huquqlarini ta’minlash masalalari”, Toshkent davlat yuridik universiteti professori A.Yo‘ldoshev “Konstitutsiya – davlat suvereniteti kafolati”, Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Sh.G‘afforova “Konstitutsiya – inson manfaatlari va huquqlari himoyasi kafolati” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Ularda Konstitutsiyaga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarning har biriga alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi, fikr almashildi. Xususan, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengayib, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilganligi, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanganligi masalasi ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya sudlar tizimi faoliyatiga ham yangicha mazmun olib kirganligi, ya’ni endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyalarini qayta saylanish huquqisiz 10 yilga saylash tartibi belgilanganligi, Konstitutsiyaviy sudga fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan murojaat qilishga haqli ekanligiga oid maxsus norma o‘rnatilganligi fuqarolarga o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga zamin yaratishi e’tirof etildi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirganligi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, uni ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, jamiyatni yanada taraqqiy ettirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.