Ortga qaytish Chop etish

Intellektual salohiyatli, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar — mamlakat tayanchi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining rahbariyati, fraksiya rahbarlari, deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanoti” vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Shuningdek, barcha hududlarda tashkil etilgan studiyalar orqali faol va tashabbuskor yoshlar hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining hududlardan saylangan a’zolari ham qatnashdi.

Ma’lumki, yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, hayotiy islohotlarga befarq bo‘lmagan, kelajak uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, vatanparvar, komil shaxslar sifatida tarbiyalash davlatimiz rahbari e’tiboridagi dolzarb masalalardan bo‘lib, bu bo‘yicha o‘tgan davrda tizimli sa’y-harakatlar ro‘yobga chiqarildi.

O‘tgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot bilan tanishib, 2024 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga ham alohida e’tibor qaratdi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida ilk bor keng ko‘lamli formatda tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov o‘z so‘zida keyingi yillarda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yosh avlodning huquq va manfaatlari mustahkamlab qo‘yilgani O‘zbekistonda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berishi qayd etildi.

Shuningdek, Spiker yoshlarni parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ularning faolligini yanada kuchaytirish, yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqib, bugungi kunda qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, fraksiyalar tomonidan ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar, yangi tashabbus va takliflar haqida keng ma’lumotlar berishdi.

Qayd etilganidek, o‘tgan qisqa davrda yoshlarga oid 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish maqsadida har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan shu yilning o‘tgan davrida 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Shuningdek, har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

Uchrashuvda yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda ham yoshlarimizning alohida faollik ko‘rsatgani e’tirof etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlari alohida moddalar bilan muhrlab qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish, qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda ular tomonidan qonun loyihalariga takliflar berish, qonunlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otayotgani, bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar va takliflar xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, yoshlar va parlament hamkorligini yanada rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, yosh avlod vakillari ishtirokida quyi palatada ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish hamda yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida yoshlar zamonaviy parlament kutubxonasi, katta majlislar zali hamda Qonunchilik palatasining muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.

So‘z — uchrashuv ishtirokchilariga

Farzona ISKANDAROVA, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi:

— Qonunchilik palatasida tashkil etilgan uchrashuv biz uchun juda foydali bo‘ldi. Chunki biz quyi palata faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, palata majlislarining onlayn uzatilayotgani biz bo‘lajak yuristlar uchun foydali bo‘lmoqda. Sababi, qabul qilinayotgan qonunlar mazmuni, muhokamalar jarayoni, tortishuvlar, bahs-munozaralar bizda katta qiziqish uyg‘otyapti. Bundan tashqari, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qonun loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflardan ham xabardor bo‘lib turibmiz. Umuman olganda, bugungi ushrashuv bizda katta taassurot qoldirdi.

Dilshod MIRZAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

— Men Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida siyosiy partiyalarning fraksiyalari faoliyatini doimiy kuzatib boraman. Menimcha, fraksiyalar saylovoldi dasturidan kelib chiqib bahs-munozaralar, debatlar o‘tkazib turishi kerak. Shuningdek, fraksiyalar tomonidan yalpi majlislarda qanday masalalar ko‘tarilgani yuzasidan brifinglar, sharhlar berib borish yo‘lga qo‘yilsa, juda foydali va samarali bo‘lar edi.

Muxlisa KARIMOVA, Andijon davlat pedogogika instituti talabasi:

— Qonunchilik palatasida yoshlar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish borasida yangi tizim haqida ma’lumotlarni oldik. Jumladan, Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning faoliyati bilan tanishdik.

Eng asosiysi, Qonunchilik palatasining saylovini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi axborot menga ma’qul bo‘ldi.

Islambek ISMAYLOV, IT Park Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali menejeri:

— Prezidentimiz shu yil 15 dekabrda yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Hisobotda taqdim etilgan ma’lumotlarni ko‘zdan kechirsak, yoshlarga qancha e’tibor berilayotgani va u qanchalik samara berayotganiga ishonch hosil qilamiz. Prezidentimiz tomonidan kelgusi yilda yoshlar siyosatidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Bu bolalar iste’dodini rivojlantirish, ularning qizishlari ortishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Men O‘zbekistonning qonunchilik jarayoni haqida ko‘p ma’lumot oldim. Jumladan, qonunlarni birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘qishda qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish, bugungi kundagi dolzarb masalalar yuzasidan Yoshlar forumlari va konferensiyalarni ko‘proq tashkil etish maqsadga muvofiq.

Muxlisa MO‘MINOVA, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi:

— Qonunchilik palatasi yoshlar uchun ochiq va bag‘rikeng maskanga aylanib bormoqda. Kuzatadigan bo‘lsak oxirgi yillarda qonun ijodkorligi sohasida yoshlarning o‘rni tobora ortmoqda. Buni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari yuzasidan o‘z takliflarini faol bildirayotgan yigit-qizlar misolida aytish mumkin. Shu bois o‘tkazilgan uchrashuvda bir qator takliflarimizni ilgari surdik. Masalan, talabalarning stipendiyalari bilan bog‘liq masalani viloyatlarda va poytaxtimizdagi yashash sharoitdan kelib chiqib, belgilash lozimligi bo‘yicha o‘z fikrimni bildirdim. Eng muhimi, uchrashuv fikr-mulohazalar bildirish uchun muloqot maydoniga aylangani menda katta tassurot qoldirdi.

Go‘zaloy FOZILOVA, “Women” ishlab chiqarish korxonasi rahbari, 56 - nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori:

— Yoshlarning muammolarini hal etishda o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ko‘zlangan natijani bermoqda. Misol uchun, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan tengdoshlarimning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari o‘rganilib, aksariyatiga o‘z bizneslarini ochishlariga ilk yordam ko‘rsatilayotgani e’tiborga molik. O‘zim ham tadbirkorman. Biz uchun yaratilayotgan imkoniyatdan samarali foydalanishga harakat qilaman. Taklifim shuki, ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha darslarni tashkil etish zarur. Bu orqali ko‘p yoshlarda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish ko‘nikmasi shakllanadi, bilimi ortadi.

www.parliament.gov.uz