Ortga qaytish Chop etish

Milliy parlament palatalari qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25-aprel kuni Toshkent davlat yuridik universiteti va Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Gdansk universiteti, Moskva davlat yuridik universiteti, Qozog‘iston davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda Oliy Majlis palatalari mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy tashabbuskoriga aylanmoqda. Qonun ijodkorligi, nazorat faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida prinsipial yangilanishlar yuz bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitusiyamiz normalarini hayotga izchil tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda parlament palatalari qo‘mitalarining ahamiyati, o‘rni va asosiy vazifalari, mavjud muammolar, ularning ilmiy-nazariy yechimlariga bag‘ishlangan g‘oya va konsepsiyalar ilgari surildi.

Ta’kidlanganidek, butun dunyoda parlament tizimida qo‘mitalar parlamentning asosiy ishchi organi hisoblanadi. Ular qonun loyihalari va boshqa masalalarni muhokama qilishdek muhim vazifani bajaradi. Har bir qo‘mita, odatda, moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, tashqi ishlar kabi aniq sohaga ixtisoslashadi. Soha dolzarbligidan kelib chiqib, qo‘mitalar doimiy yoki vaqtinchalik asosda tuzilishi, yangi saylangan deputatlar mutaxassisligiga ko‘ra taqsimlanishi, qo‘mitada ularning soni 6-15 tagacha bo‘lishi mumkin.

Anjuman ishtirokchilarida Polsha Seymi, Qozog‘iston Milliy Majlisi, Belarus Milliy Majlisida qo‘mitalar faoliyatini tashkil etishga oid tajriba katta qiziqish uyg‘otdi.

Masalan, Seymda Byudjet qo‘mitasi doimiy asosda tuzilib, davlat byudjeti ijrosini, xususan, xarajatlar qismi uning 60% dan oshmasligini qat’iy nazorat qiladi, bank-moliya tizimiga mas’ul organlarga so‘rovlar yuboradi, davlat organlari samaradorligini baholaydi.

Konferensiyada sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, uni yangi konstitusiyaviy-huquqiy tamoyillar asosida tashkil etish, mazkur jarayonda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.